Yosin surasi tilovati

Assalomu alaykum Shayx Hazratlari. Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Hazrat forum.islom.uz da Yosin surasi tilovati haqida mavzu bor. Mavzuga ko‘ra, har hafta Jum’adan Jum’agacha ishtirokchilar imkonlari boricha ushbu surani tilovat qilishadi. Ramazon oyi so‘nggigacha eng ko‘p tilovat qilgan kishi Qur’oni Karim kitobi bilan mukofotlanadi. Bir necha kishi ushbu mavzuda ishtirok etib turgan edi. Ammo ba’zilar "Qur’onni ma’lum bir surasini alohida tilovat qilish noto‘g‘ri, bu turklarning odati " deb chiqdi. Ba’zilar "Bu dindagi yangilik, u zalolatga sabab bo‘ladi" deyishdi. Izoh sifatida shuni aytib o‘tsam: mavzu ochishda Yosin surasini boshqa suralardan afzal ko‘rsatish aslo ko‘zda tutilmagan. Va bunday e’tiqodda ham emasmiz. Hazrat, iltimos siz bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatsangiz. Yosin surasini ko‘proq tilovat qilishga chorlaydigan mavzu to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi? Javobingiz uchun rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Mavzu to‘g‘ri. Hadislarda bu suraning fazli bayyon qilingan. Bu surai sharifaning fazli haqida ko‘pgina hadislar rivoyat qilingan. Ularning aksariyatida «Yaasiyn» surasi Qur’onning qalbi ekani ta’kidlangan. Shuning uchun «Qur’on qalbi» suraga ikkinchi nom bo‘lib qolgan.Imom al-Bazzor Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi «Yaasiyn»dir. Men uning ummatimdan har bir insonning qalbida bo‘lishini istardim», deganlar.Imom Molik va imom ibn Hibbon Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Yaasiyn»ni kechasi Allohning roziligi talabida o‘qisa, uni mag‘firat qiladi», deganlar.Imom Ahmad, imom Abu Dovud, imom Nasaiy, imom ibn Moja va Imom al-Hokim Ma’qal ibn Yasar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yaasiyn» Qur’onning qalbidir. Kim uni Allohni va oxirat kunini umid qilib o‘qisa, albatta, mag‘firat qilinadi. Uni o‘liklaringizga o‘qinglar», deganlar.Mazkur hadisi shariflar va shunga o‘xshash boshqa hadislarga amal qilaroq, musulmonlar ichida bu surai karimani yodlash, uni doimo o‘qib yurish keng odat tusiga kirgan. Agar bu amalga suraning ma’nolarini anglab etish va tadabbur qilish ham qo‘shilsa, ayni murod hosil bo‘lar edi. Zero, «Yaasiyn»ni o‘qishga bunchalar targ‘ib qiluvchi hadislar bekorga kelmagan. Yuqorida aytilgan mulohazalarga rioya qilgan holda bu ishni qilish durust. Keyin yana boshqa suralarga ham o‘tilsa bo‘ladi. Misol uchun juma kunlari “Kahf” surasini o‘qish. Shuningdek, “Voqe’a” surasi va boshqalar.

20 Aprel 2022, 21:09 | Savol-javoblar | 187 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar