Menga ham gunohi etib turadimi?

Assalomu alaykum! Alloh bu xayrli ishlaringizga barokot bersin. Savolim quyidagicha: men oldin benamoz bo‘lib har xil noqobil ishlar qilib yurar edim. O‘sha paytlar bir bolaga sigareta chekishni o‘rgatib qo‘yganman (o‘rgatayotganimda qisman bilar edim gunoh ishni birovga o‘rgatib qo‘ysa o‘sha ishni har safar qilgan odamni gunohidan o‘rgatuvchiga ham gunoh etishib turishini) va lekin bu narsani o‘ylab shu ishimdan qaytishdan aqlimni to‘sganman va o‘rgatganman. Lekin hozir Alhamdulillah Allohni hidoyati bilan namoz o‘qishni boshlaganman. Ozmuncha johillikni ketqazish uchun diniy ilm olishni ham boshladim. Lekin shu ongacha shu hayol meni qiynab keladi. Men o‘zim sigareta chekishni tashlaganimdan so‘ng uni ham shu ishni qilishiga rosa targ‘ib qildim. Bir marta o‘rgatgan bo‘sam ko‘p marta qaytardim. Lekin u bu noqobil ishdan qaytgisi yo‘q. Hozirda oldingi hayotimni eslatuvchi yomon yo‘lda yuruvchi o‘rtoqlarim bilan yurishni yig‘ishtirganman. U bola esa bu ishda bardavom, qaytgisi yo‘q, haligacha chekadi. U har safar chekkanda gunohkor bo‘lgani kabi man ham gunohkor bo‘laveramanmi? Agar shunday bo‘lsa bundan qutulish yo‘lini o‘rgating, iltimos. Atroflicha, tushuntirib javob bersangiz, iltimos. (Yoshim 17da).
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Tavba qilishingiz kerak va bu ishni gunohligini etkazib qo‘yishingiz kerak. Qolgani Alloh taologa havola. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ دَعَا إِلَى هُدًى كَانَ لَهُ مِنَ الْأَجْرِ مِثْلُ أُجُورِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا، وَمَنْ دَعَا إِلَى ضَلَالَةٍ كَانَ عَلَيْهِ مِنَ الْإِثْمِ مِثْلُ آثَامِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ آثَامِهِمْ شَيْئًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir hidoyatga chaqirsa, unga o‘ziga ergashganlarning ajrlaricha ajr bo‘ladi. Bu esa ularning ajrlaridan hech narsani noqis qilmaydi. Kim bir zalolatga chaqirsa, unga o‘ziga ergashganlarning gunohlaricha gunoh bo‘ladi. Bu esa ularning gunohlaridan hech narsani noqis qilmaydi», dedilar». Muslim, Abu Dovud va Termiziylar rivoyat rivoyat qilganlar. Sharh: Muallif rahmatullohi alayhi ilmning asari doimiy qolajagi, uning egasi doimo savobga ega bo‘lib turishini isbot qilish uchun bir bob ochdi. Darhaqiyqat, Islomda bardavom savob etkazib turadigan ishlardan biri ilm hisoblanadi. Ilm yo‘lida qilingan amal hech qachon zoe ketmaydi. Balki bundan o‘z egasiga uning o‘limidan keyin ham savoblar etib turadi. Ushbu ta’limotlar bilan bobdagi hadisi shariflarni o‘rganish davomida yana ham yaqinroq tanishamiz. Ushbu hadisda ilm egallab, kishilarni hidoyatga chaqiruvchi bo‘lishga targ‘ib qilinmoqda. Shu bilan birga, johillikdan, kishilarni zalolatga chaqiruvchi bo‘lishdan qaytarilmoqda. «Kim bir hidoyatga chaqirsa, unga o‘ziga ergashganlarning ajrlaricha ajr bo‘ladi. Bu esa ularning ajrlaridan hech narsani noqis qilmaydi». Ilmli kishi insonlarni bir to‘g‘ri, savobli ishga chaqirsa, u tufayli qancha odam o‘sha savobli ishni qilsa, shuncha odamning ajricha ajr olar ekan. Bu bilan amal qiluvchilarning savoblari kamayib ham qolmas ekan. Ilmning foydasini qarang. Ilmli kishiga kishilarni hidoyatga chaqirganligi uchun berilgan ulkan savobga qo‘shimcha ravishda, o‘sha chaqiriqqa binoan qilingan amallarning barchasiga berilgan savobchalik savob yozilar ekan. Modomiki, u kishi tarqatgan ilm bor ekan, odamlar unga amal qilib turar ekanlar, ilm egasi vafot etib ketsa ham, orqasidan savobi borib turar ekan. Shu bilan bir vaqtda buning aksi ham bo‘lishi mumkin. «Kim bir zalolatga chaqirsa, unga o‘ziga ergashganlarning gunohlaricha gunoh bo‘ladi. Bu esa ularning gunohlaridan hech narsani noqis qilmaydi». Bir johil odam kishilarni zalolatga chaqirsa, ular johilning yomon chaqirig‘i bois adashib, zalolatga ketishlari, gunoh qilishlari mumkin. Ana o‘shanda zalolat da’vatchisiga odamlarni zalolatga da’vat qilganligi uchun oladigan gunohi ustiga uning da’vati ila zalolatga ketganlarning amallariga berilgan gunohlarning barchasi yuklanar ekan. Shu bilan birga, yomon amal qilganlarning gunohi kamayib ham qolmas ekan. Demak, har bir musulmon ilmga ega bo‘lib, kishilarni hidoyatga da’vat qiluvchi bo‘lish uchun urinmog‘i lozim. Musulmon kishi odamlarni zalolatga, gunoh ishlarga chaqirmaydi. Agar yaxshilikka da’vat qila olmasa, yaxshilikka da’vat qilayotganlarga ergashsin, ularga qo‘lidan kelgan yordamini bersin. Zalolatga, yomonlikka da’vat qilayotganlardan uzoqda bo‘lsin, ularga xayrixohlik ko‘rsatmasin, odamlarni ham ulardan ehtiyot bo‘lishga chaqirsin. Ilmning asari boqiy qolishini unutmaylik. Doimo ilmga yaqin bo‘lishga intilaylik, kishilarni ham shunga da’vat qiluvchilardan bo‘laylik!  ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 14:46 | Savol-javoblar | 152 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar