2 oylik homilani nobud bo‘lishi

Assalomu alaykum! Bundan ikki yil oldin 9 haftalik homilam (2oylik) qornimda nobud bo‘lgan. Narkoz berib, uni olib tashlashdi. Narkozdan keyin uyg‘onib bolamni so‘radim, gistologiyaga olib ketishdi deyishdi. U erda homilani bo‘laklarga bo‘lib undan analiz olinarkan, nega nobud bo‘lganini bilish uchun. (Nerazvivayushiysa deyiladi). Men uni UZDda yuragi urayotganini eshitgandim, embrion bo‘lib shakllangan edi, boshini, tanasini ko‘rgandim. Uni tuproqqa ko‘maylik desam, 4 haftalikkacha ko‘mmasa ham bo‘laveradi deyishdi. Aslida qanday bo‘lishi kerak, iltimos shuni tushuntirib bersangiz. Mana oradan ikki yil o‘tib, yaqinda yana bir homilamdan ayrildim, vnematochniy (homila bachadondan tashqarida) ekan. Uni ham operatsiya qilib olib tashlashdi va u ham gistologiyaga olib ketildi. Ikki homilam ham shu ahvolga tushishi va ularning oqibati uchun qiyomatda o‘sha farzandlarim oldida gunohkor bo‘lmaymanmi? Iltimos menga aniq hukmini aytib bering. Sizdan Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Siz bunday holatda bitta shifokorni fikri bilan jarrohlik amaliyotiga rozi bo‘lmasligingiz kerak edi. Boshqa UZIchi va diyonatli shifokorlar bilan ham maslahat qilishingiz kerak. O‘tgan ishlarga istig‘for ayting. Bunday holatlarda ko‘mish kerak. Quyidagi hadisning bashoratidan umid qilamiz. عن مُعاذِ بنِ جبلٍ رضيَ اللهُ عنه عن النبيِّ صلَّى اللهُ عليهِ وسلم قالَ : وَالَّذِيْ نَفْسِيْ بِيَدِهِ إِنَّ السِّقْطَ لَيَجُرُّ أُمَّهُ بِسَرَرِهِ إِلَىْ الجَنَّةِ إِذَا احْتَسَبَتْهُ رواه ابن ماجه  Muoz ibn Jabar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
"Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, siqt(nobud bo‘lgan homila) kindigi bilan onasini jannatga tortib kiradi. (Vafot topgan vaqtida) Savobini umid qilsa” dedilar". 
Ibn Moja rivoyati. قال النووي رحمهُ الله : موتُ الواحدِ من الأولادِ حجابٌ منَ النار ، وكذا السقطُ  Imom Navaviy rahmatullohi alayh :
“Farzandlardan birortasining vafoti(ota-ona uchun) do‘zaxdan to‘siqdir. Shuningdek tug‘ilmay nobud bo‘lgan homila ham” deganlar.
Imom Termiziy Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Alloh taolo «Ey o‘lim farishtasi, sen bandamning farzandining – ko‘zining qorachig‘ining, qalbining samarasining jonini oldingmi?» deydi. Farishta «Ha», deydi. Alloh «U nima dedi?» deb so‘raydi. Farishta «Senga hamd va istirjo’ aytdi», deydi. Shunda Alloh taolo «Jannatda unga bir uy bino qilinglar va «Hamd uyi» deb nomlanglar», deydi», deganlar.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Birortangizning oyoq kiyimining ipi uzilsa ham istirjo’ aytsin», deydilar.
Demak, inson kattayu kichik har bir ko‘ngilsiz hodisada – ko‘zining qorachig‘i, jigarbandi – bolasi o‘lganda ham, oyoq kiyimining ipi uzilganda ham sabr qilishi kerak. Musibat etgandan keyin darhol istirjo’ aytib, sabr qilish, «Hamma narsa Allohniki va bari Allohga qaytadi», degan e’tiqodni mahkam tutish kerak. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 15:08 | Savol-javoblar | 195 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar