Qavm haqida

Assalomu alaykum! Qaysi qavm nima gunohi uchun to‘ng‘izga aylangan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Moida” suarsida marhamat qiladi : قُلْ هَلْ أُنَبِّئُكُم بِشَرٍّ مِّن ذَلِكَ مَثُوبَةً عِندَ اللّهِ مَن لَّعَنَهُ اللّهُ وَغَضِبَ عَلَيْهِ وَجَعَلَ مِنْهُمُ الْقِرَدَةَ وَالْخَنَازِيرَ وَعَبَدَ الطَّاغُوتَ أُوْلَئِكَ شَرٌّ مَّكَاناً وَأَضَلُّ عَن سَوَاء السَّبِيلِ۝ 60. «Sizlarga Allohning huzurida bundan ham ko‘ra «savobi» yomonroq kimsaning xabarini beraymi? Ular Alloh la’natlagan, g‘azab qilgan, ulardan (ayrimlarini) maymunlar va cho‘chqalar qilgan hamda tog‘utga ibodat qilgan kimsalardir. Ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan eng adashganlardir», – deb ayt! Ahli kitoblar musulmonlarga iymonlarini ayb qilib qo‘yishlari avvalgi oyatda qoralangan edi. Endi undan ham battar ishlar bo‘lib o‘tgani bayon etilmoqda. U zamon bu hodisalarda faqat yahudiylargina (ahli kitoblar sifatida) ishtirok etganlari uchun bu erda o‘shalarning holi ko‘rsatilmoqda. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ularga musulmonlarning iymonlarini ayblashdan ham ko‘ra yomonroq «savob» haqida xabar berishni buyurmoqda. U «savob»: Birinchidan: «…Alloh la’natlagan» bo‘lishlari. Yahudiylarning Alloh taoloning la’natiga uchrashi, rahmatidan quvilishi boshqa suralarda batafsil bayon etilgan. Yahudiylardan boshqa la’natga uchragan qavmning zikri Qur’onda kelmagan. O‘zlari shunday ulkan «savob»ga – Allohning la’natiga uchrab turib, yana musulmonlarni Allohga va U nozil qilgan narsaga iymon keltirganlari uchungina ayblashni ularga kim qo‘yibdi?! Ikkinchidan: Alloh «...g‘azab qilgan» bo‘lishlari. Bu ham boshqa suralarda ko‘proq bayon qilingan. O‘zi Allohning g‘azabiga uchragan ma’lum va mashhur qavm bo‘lsa-yu, musulmonlarni iymonlari uchungina ayblashsa?! Uchinchidan: Alloh ularning ayrimlarini «…maymunlar va cho‘chqalar qilgan…» bo‘lishi. Yahudiylarning maymun va cho‘chqaga aylantirilishlari haqidagi batafsil bayonotlar ham boshqa suralarda keladi. Allohga isyonlari va beodobliklari uchun maymun va cho‘chqaga aylantirib qo‘yishdek «savob»ga musharraf bo‘lgan badbaxtlar Allohga va U Zot nozil qilgan narsaga iymon keltirganliklari uchungina musulmonlarni ayblab o‘tirsa?! To‘rtinchidan: «…tog‘utga ibodat qilgan kimsalar» bo‘lishlari. Yahudiylar Allohning ko‘rsatmasidan chiqib, tog‘utga ibodat qilganlar. Tog‘ut, avval aytib o‘tilganidek, Allohdan boshqa ma’buddir. Bu joydagi «tog‘utga ibodat qildi» jumlasi «unga sajda qildi» degan ma’noni bildirmaydi. «Ibodat»ning ma’nosi keng va shomildir. Bu erda u Allohning ko‘rsatmasini qo‘yib, boshqaning ko‘rsatmasiga yurish ma’nosini bildirmoqda. Ahli kitoblar ahbor va rohiblarini iloh qilib olganliklari haqida oyat nozil bo‘lganda, Adiy ibn Hotim Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Biz ularga ibodat qilganimiz yo‘q-ku», degan ma’noda savol beradi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Sizlar ular halol degan narsani halol, harom degan narsani harom sanagansizlar, shu ularga ibodat qilganingizdir», degan ma’noda gap aytganlar. O‘zlari tog‘utga ibodat qilgan yahudiylarga Allohga ibodat qiladigan musulmonlarni ayblashni kim qo‘yibdi?! Bunga qanday haqlari bor?! Birovni ayblashdan oldin o‘zlarining kim ekanliklarini bir o‘ylab olsinlar. Chunki o‘zlari: «…yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan eng adashganlardir». (“Tafsiri Hilol” kitobidan). عن ابْنِ عُمَرَ قَالَ : سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ : يَكُونُ فِي هَذِهِ الأُمَّةِ خَسْفٌ أَوْ مَسْخٌ أَوْ قَذْفٌ فِي أَهْلِ الْقَدَرِ- يعني المكذبين به. صحيح الترمذي Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Bu ummatda ham qadar ahlida(qadarni bo‘lmagan gap deyuvchilar haqida) er yutish, maymun va to‘ng‘izga aylanib qolish, ustidan tosh yog‘ilishi bo‘ladi” dedilar”. Termiziy rivoyati". عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : فِي هَذِهِ الْأُمَّةِ خَسْفٌ وَمَسْخٌ وَقَذْفٌ . فَقَالَ رَجُلٌ مِنْ الْمُسْلِمِينَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ، وَمَتَى ذَاكَ ؟ قَالَ إِذَا ظَهَرَتْ الْقَيْنَاتُ وَالْمَعَازِفُ وَشُرِبَتْ الْخُمُورُ. صحيح الترمذي Imron ibn Husoyin roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Bu ummatda ham er yutish, maymun va to‘ng‘izga aylanib qolish, ustidan tosh yog‘ilishi bo‘ladi” dedilar. Shunda musulmonlardan biri “Bu narsa qachon bo‘ladi ya Rasululloh” degandlarida, “Qaynot(qo‘shiqchi qizlar), ma’ozif(musiqa asboblari) zohir bo‘lganda va xamrlar ichilganida” dedilar”. Termiziy rivoyati".  Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 16:46 | Savol-javoblar | 187 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar