Iso alayhissalom ummatlari

Assalomu alaykum! Men Doktor Zakir Naykni savol javoblar to‘plamini doimiy kuzatib boraman. Bir qismida bir qiz “Xozirda xristianlar jannatga kira oladimi?” deb savol berdi. Zakir Nayk “Agar ular xaqiyqiy Bibliyaga amal qilib yashasa shubxasiz jannatga kiradi dedi” dedi. Xaqiqatdan xam shundaymi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘sha Bibliyada oxirgi zamon payg‘ambariga iymon keltirib, unga vahiy qilinganiga amal qiling deyilgan. Shunga amal qilsa u musulmon bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yangi payg‘ambar bo‘lib kelganlarida yaxudiy va nasoro dinidagilar o‘sha oyatga amal qilishgan va musulmon bo‘lishgan. Alloh taolo "Moida" surasida marhamat qiladi:  وَإِذَا سَمِعُواْ مَا أُنزِلَ إِلَى الرَّسُولِ تَرَى أَعْيُنَهُمْ تَفِيضُ مِنَ الدَّمْعِ مِمَّا عَرَفُواْ مِنَ الْحَقِّ يَقُولُونَ رَبَّنَا آمَنَّا فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِينَ۝ 83. Rasulga nozil qilingan narsani tinglaganlarida, haqni bilganlaridan ko‘zlari to‘lib yosh to‘kayotganini ko‘rasan. Derlar: «Robbimiz, iymon keltirdik, bas, bizni guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin.
Mo‘minlarga do‘stligi yaqinroq bo‘lgan nasorolar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Alloh tomonidan nozil qilingan Qur’oni Karimni tinglaganlarida ko‘zlaridan yosh to‘kadilar. Haqiqatni bilganlaridan yig‘laydilar. Ular yig‘lab qo‘yib, yana avvalgi hollarida bardavom bo‘lavermaydilar. Balki o‘sha o‘zlari bilgan haqqa ergashadilar:
«Robbimiz, iymon keltirdik, bas, bizni guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin», – derlar.
Ular bu bilan ham kifoyalanib qolmaydilar, balki bundan ham oliy martabalarga intiladilar: وَمَا لَنَا لاَ نُؤْمِنُ بِاللّهِ وَمَا جَاءنَا مِنَ الْحَقِّ وَنَطْمَعُ أَن يُدْخِلَنَا رَبَّنَا مَعَ الْقَوْمِ الصَّالِحِينَ۝ 84. Bizga nima bo‘libdiki, Allohga va bizga kelgan haqqa iymon keltirmas ekanmiz? Holbuki, Robbimiz bizni ham solih qavmlar qatoriga kiritishini tama qilyapmiz-ku!»
Ya’ni mazkur nasorolar Allohga va Undan kelgan haq din bo‘lmish Islomga iymon keltirmaslikni tushunib bo‘lmaydigan hol deb hisoblaydilar. Shuningdek, Robblaridan ularni ham solih qavmlar ichiga kiritishni tama qilmaslikni ham tushunib bo‘lmaydigan hol deb hisoblaydilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

7 May 2022, 17:33 | Savol-javoblar | 188 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar