Jumaga chiqmaydiganlar haqida

Assalomu alaykum! Juma namozi Barcha mo‘min musulmon erkaklarga farz qilinganini bilamiz. Lekin xozirgi kunda juma namoziga va juma kuniga beparvolik bilan qarayotgan erkaklarni xam ko‘ryapmiz. Juma namoziga beparvolik bilan qarab va juma namozi vaqtida televizor ko‘rish yoki shunga o‘xshash ishlar bilan maqbul bo‘lsa o‘sha kishiga ziyonlari xaqida batafsil aytib o‘tsangiz. Javob uchun oldindan katta rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعَتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ عَلَى أَعْوَادِ مِنْبَرِهِ: لَيَنْتَهِيَنَّ أَقْوَامٌ عَنْ وَدْعِهِمُ الْجُمُعَاتِ، أَوْ لَيَخْتِمَنَّ اللهُ عَلَى قُلُوبِهِمْ، ثُمَّ لَيَكُونُنَّ مِنَ الْغَافِلِينَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarlari ustida turib:
«Yoki qavmlar Jum’alarni tark qilishdan to‘xtarlar yoki Alloh ularning qalblariga muhr bosur va so‘ngra g‘ofillardan bo‘lurlar», dedilar».
Muslim, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bu hadislarida Jum’a namozi o‘qimaganlarning qalblariga muhr bosilib, g‘ofillardan bo‘lib qolishlarini ta’kidlamoqdalar.
Demak, barchamiz Jum’a namozini vaqtida ado etishga harakat qilmog‘imiz lozim. عَنْ أَبِي الْجَعْدِ الضَّمْرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَرَكَ ثَلَاثَ جُمَعٍ تَهَاوُنًا بِهَا طَبَعَ اللهُ عَلَى قَلْبِهِ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ وَالْحاَكِمُ  Abu Ja’d az-Zomriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim pisand qilmay, uch Jum’ani tark etsa, Alloh uning qalbiga muhr bosgay», dedilar».
«Sunan» egalari va Hokim rivoyat qilganlar.
Sharh: Avvalo ushbu hadisning roviysi bilan tanishib olaylik.
Bu sahoba Abu Ja’d az-Zomriy kunyasi bilan mashhur bo‘lganlar. U kishining asl ismlari Amr ibn Bakr edi. Bu zot Makkani fath etish va Tabuk g‘azotlarida ishtirok etdilar.
Jamal voqeasida esa Oisha roziyallohu anho onamiz bilan qatnashib, mana shu urushda vafot etdilar.
Hadislarni Salmon Forsiydan rivoyat qildilar. Bu kishidan Ubayda ibn Sufyon al-Hazramiy va boshqalar rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda Jum’a namoziga e’tiborsizlik bilan qarab bo‘lmasligi haqida so‘z bormoqda.
E’tiborsizlik ila uch Jum’a namozini uzrsiz tark qilgan odamning qalbiga Alloh muhr bosib, yaxshilik kirmaydigan qilib qo‘yishi o‘sha odamning o‘zi uchun, oilasi uchun, jamiyati uchun katta baxtsizlikdir. Chunki Alloh muhrlab qo‘ygan qalbdan hech qachon yaxshilik chiqmaydi. Bundan ortiq baxtsizlik bo‘lishi mumkin emas.
Demak, Jum’a namozi o‘qiydigan namozxonlari ko‘p bo‘lgan jamiyatda yaxshilik ham ko‘p bo‘ladi. Aksincha, jamiyatning bu namozni o‘qimaydiganlari qancha ko‘paysa, o‘sha jamiyatning yomonlari ham, musibatlari va mushkulotlari ham shunchalik ko‘payib boraveradi. Ichimizda Jum’aga chiqmaydiganlarimiz bor bo‘lganidan keyin jamiyatimizning yaxshilikka erisha olmayotganidan ajablanmasak ham bo‘laveradi. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَرَكَ الْجُمُعَةَ مِنْ غَيْرِ ضَرُورَةٍ كُتُبَ مُنَافِقًا فِي كِتَابٍ لَا يُمْحَى وَلَا يُبَدَّلُ. رَوَاهُ الشَّافِعِيُّ. وَلِأَبِي دَاوُدَ وَالنَّسَائِيِّ: مَنْ تَرَكَ الْجُمُعَةَ بِغَيْرِ عُذْرٍ فَلْيَتَصَدَّقْ بِدِينَارٍ، فَإِنْ لَمْ يَجِدْ فَبِنِصْفِ دِينَارٍ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bir Jum’ani zaruratsiz tark etsa, hech o‘chirilmaydigan va almashtirilmaydigan Kitobga munofiq deb yozilur», dedilar».
Shofe’iy rivoyat qilgan.
Abu Dovud va Nasaiyning rivoyatlarida: 
«Kim bir Jum’ani uzrsiz tark qilsa, bir dinor sadaqa qilsin. Agar topmasa, yarim dinor», dedilar».
Sharh: 
Har ikkala rivoyatda uzrsiz bir Jum’a namozini tark qilish qanchalar katta gunoh ekanligi alohida ta’kidlanmoqda.
Bir odamning nomi hech o‘chirilmaydigan va almashtirilmaydigan Kitobga munofiq deb yozib qo‘yilishi uning abadiy munofiq bo‘lib qolishi haqidagi xabardir. Jum’a namozini uzrsiz tark qilgan odam bu gunohni yuvish uchun topsa, bir, topmasa, yarim dinor sadaqa qilishi ham bu qanchalar og‘ir gunoh ekanligini ko‘rsatib turibdi. Zero, og‘ir gunohlargagina sadaqa ila kafforot beriladi. Qolaversa, dinor tillo pul bo‘lib, o‘sha vaqtda katta mablag‘ hisoblangan. (“Hadis va Hayot” kitobidan).  Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 17:07 | Savol-javoblar | 203 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar