Istig‘for nima?

Assalomu alaykum! Sizlar orqali din haqida bilmagan narsalarimizni asta sekin bilib kelyabmiz. Shu sababli Alloh bu ishinglarni ajr savoblarini yanada ko‘paytirib bersin. Men yaqinda yo mehrob.uz dan yoki muxlis.uz sahifalaridan istig‘for aytib yurish yaxshi ekanligini o‘qib qoldim. Hamda istig‘for qalbga gunoh amallarimizdan tushgan dog‘larni ketgazishga va qalbimizni sayqallashga yordam berishini o‘qib qoldim. Savolim istig‘for nima? Nima deb aytish kerakligi va istig‘for haqida ma’lumot berishgizni chin qalbimdan so‘rab qolaman. Javobingiz uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! ISTIG‘FORAlloh taolo istig‘forni gunohlarning zahrini kesuvchi malham qildi. Istig‘forning ma’nosi Alloh taolodan mag‘firat so‘rash. Alloh taolo haqiga tegishli har bir yomon gunoh tavba hamda istig‘for bilan afv bo‘ladi. Shu bois qachon bir katta yoki kichk gunoh sodir qilganda, tezlik bilan tavba yoki istig‘for bilan uni ketkazish lozim. Balki, yaxshi ishlarni xilofini qilganda ham istig‘for aytish kerak. Zohiran biror gunoh sodir bo‘lmasada, o‘shanda ham istig‘forni ko‘p aytishi lozim. Barcha musulmonlarga ma’lumki, ikki olam sarvari Rasululloh sallollohu alayhi vasallam tamomila gunohlardan ma’sum va pok bo‘lganlar. Shunga qaramay Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bir kunda 70 dan ziyod tavba va istig‘for aytardilar. وعن أبي هريرة رضي الله عنه قال : سَمعتُ رَسُول اللهِ صلى الله عليه وسلم يقولُ : «وَاللهِ إنِّي لأَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأتُوبُ إلَيْهِ فِي اليَومِ أَكْثَرَ مِنْ سَبْعِينَ مَرَّةً » . رواه البخاري Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Allohga qasamki, men bir kunda Allohga etmish martadan ko‘p istig‘for aytib, Unga tavba qilaman”, dedilar”.
(Buxoriy rivoyati). عن ابن عباس رضي اللّه عنهما قال : قال رسولُ اللّه صلى اللّه عليه وسلم : مَنْ لَزِمَ الاسْتِغْفارَ جَعَلَ اللَّهُ لَهُ مِنْ كُلِّ ضِيقٍ مَخْرَجاً وَمِنْ كُلّ هَمٍّ فَرَجاً، وَرَزَقَهُ مِنْ حَيْثُ لا يَحْتَسِبُ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:
“Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har bir torlikdan chiqishni, har bir g‘amdan kushoyishni nasiba qiladi. Hamda uni o‘zi bilmagan joydan rizqlantiradi”, dedilar”.
(Abu Dovud rivoyati).
Shuning uchun aylanib, yurib, turib, o‘tirib ham istig‘forni odatga aylantirib olishi lozim. Kunda kamida bir tasbeh istig‘for aytishi juda yaxshidir. ISTIG‘FORNING SAYYIDI Istig‘for har bir tilda bo‘ladi. Uning arabiy qisqacha shakli bu: أَسْتَغْفِرُ اللهَ ربي من كل ذنب واتوب اليه“Alloh taolodan har bir gunohning mag‘firatini so‘rayman va Unga tavba qilaman”.
Lekin hadisda istig‘forning bir maxsus duoligi va ko‘p fazilatining bayoni kelgan. Unga “Sayyidul istig‘for (istig‘forning sayyidi)” deb qaror berilgan. U istig‘for: عَنْ شَدَّادِ بْنُ أَوْسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: سَيِّدُ الِاسْتِغْفَارِ أَنْ تَقُولَ اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ خَلَقْتَنِي وَأَنَا عَبْدُكَ وَأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ أَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ وَأَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لَا يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلَّا أَنْتَ قَالَ وَمَنْ قَالَهَا مِنْ النَّهَارِ مُوقِنًا بِهَا فَمَاتَ مِنْ يَوْمِهِ قَبْلَ أَنْ يُمْسِيَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ وَمَنْ قَالَهَا مِنْ اللَّيْلِ وَهُوَ مُوقِنٌ بِهَا فَمَاتَ قَبْلَ أَنْ يُصْبِحَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Istig‘forning sayyidi – “Allohumma! Anta Robbiy. Laa ilaaha illaa anta xolaqtanii va ana ’abduka. Va ana ’alaa ahdika va va’dika mastato’tu. A’uuzu bika min sharri maa sona’tu. Abuu’u laka bini’matika ’alayya. Va abuu’u bi zanbiy. Fag‘firliy, fainnahuu laa yag‘firuz zunuuba illaa anta” demog‘ingdir.
Kim uni ishonch bilan nahordan aytsa-yu, o‘sha kuni kech kirishidan oldin o‘lib qolsa, ahli jannatdan bo‘lur. Kim uni ishonch bilan tunda aytsa-yu, o‘sha kechasi tong otishdan oldin o‘lib qolsa, ahli jannatdan bo‘lur”, dedilar”.
Duoning ma’nosi: “Allohim! Sen Robbimsan! Sendan o‘zga iloh yo‘q. Meni yaratding va men Sening bandangman. Men qodir bo‘lganimcha Sening ahding va va’dangdaman. Sendan o‘zim qilgan narsalarning sharridan panoh tilayman. Sening menga bergan ne’matingni e’tirof qilaman. Gunohlarimni ham e’tirof qilaman. Meni mag‘firat qil. Sendan boshqa hech bir zot gunohlarni mag‘firat qilmas”.
Xos tarzda kechkipayt uyqudan oldin bir necha marta chin dildan kun bo‘yi qilgan amallarining kamchiligini tasavvur qilib, ularning barchasiga istig‘for aytishi lozim. Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:08 | Savol-javoblar | 334 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar