Kechirimli bo‘lish, juma namozi va namoz vaqti

Assalomu alaykum! Savollarim quyidagicha: Shayx xazratlarining «Amallar niyatlarga bog‘liqdir» kitoblarini 66-betida  yozilishicha o‘ch olish imkoniga ega bo‘la turib, avf qilish fazilat deyilgan. Shariatda o‘ch olishga ruxsat bormi? Davomida esa shaxsiy masalalarda zulmga uchrab kechirib yuborish ham fazilat deyilgan. Kechirimlilik faqat musulmonlar uchunmi yoki kofirlardan ko‘rgan zulm uchun ham kechirimli bo‘lishimiz kerakmi?
2). Hozirda xorij davlatda o‘qiymiz. Bir do‘stim juma kuni darsi borligi sababdan jamoat namoziga bora olmadi, keyingi semestrlarda menda ham shunday bo‘lish ehtimoli bor. Har juma darsni qoldirsak yiqilishimiz aniq. 3 ta juma o‘tkazib yuborishlik qalbga muhr bosilishiga sabab bo‘lishini bilamiz. Bizning holatda darslar juma namozini qoldirishga sabab bo‘la oladimi?
3).  Namoz vaqtlarini bilish uchun mobil dasturdan foydalanaman. Dasturning standard tizimi asr namozi vaqtini boshqa 3 ta mazhablar bo‘yicha hisoblar ekan, yaqindagina Hanafiy vaqtiga o‘zgartirdim. Farqini bilmagan ekanman, oldingi asr namozlarini ba’zilarini kirishi bilan, ba’zilarini sabablarga ko‘ra bir oz kechroq o‘qiganman. Oldingi asr namozlarimni qazosini o‘qishim kerakmi? Masjidda jamoat bilan o‘qilganda boshqa mazhab vaqtiga qarab o‘qilaveradimi? Qilayotgan ishlaringizda Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: الشَّهْرُ الْحَرَامُ بِالشَّهْرِ الْحَرَامِ وَالْحُرُمَاتُ قِصَاصٌ فَمَنِ اعْتَدَى عَلَيْكُمْ فَاعْتَدُواْ عَلَيْهِ بِمِثْلِ مَا اعْتَدَى عَلَيْكُمْ وَاتَّقُواْ اللّهَ وَاعْلَمُواْ أَنَّ اللّهَ مَعَ الْمُتَّقِينَ۝ 194. Harom oyga harom oy. Harom qilingan narsalarda qasos bor. Kim sizga tajovuz qilsa, siz ham unga qilgan tajovuziga o‘xshash tajovuz qiling. Va Allohga taqvo qiling hamda bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir. «Kim sizga tajovuz qilsa, siz ham unga qilgan tajovuziga o‘xshash tajovuz qiling». Albatta, bu ishlarni amalga oshirish qiyin, ayniqsa, dushmanlik qilib, achchiqni chiqargan odam bilan bo‘ladigan muomalada. Shuning uchun ham taqvo zarur. Allohdan qo‘rqadiganlargina bunday ulkan ishni amalga oshirishlari mumkin. Shuning uchun ham oyatning oxirida: «Va Allohga taqvo qiling hamda bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir», – demoqda. E’tibor beradigan bo‘lsak, nafaqat Allohga ibodat qilganda yoki odamlar bilan muomala qilganda, balki dushman bilan urushayotganda ham taqvo zarur ekan. Alloh taolo urush haqidagi oyati karimani ham taqvoga amr qilish bilan yakunlamoqda. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). 2). Shar’iy sabab bo‘lolmaydi. Imkon boricha tark etmaslikka harakat qiling. 3). Shomgacha o‘qib olgan bo‘lsangiz zarari yo‘q. Shuning uchun peshinni ham ular asr vaqti deb belgilagan vaqtgacha qoldirmaslik kerak. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 02:05 | Savol-javoblar | 171 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar