Payg‘ambarimiz alayhissalom bosh kiyimsiz namoz o‘qiganmilar?

Assalomu alaykum muhtaram ustoz. Man shu paytgacha bosh kiyimsiz namoz o‘qish durust emas deb bilardim, lekin bir birodar menga Paygambarimiz alayhissalom ham ba’zida bosh kiyimlarini echib namoz o‘qiganlar, nimaga unday qildiz deb so‘rashganda mandan keyin ummatlarimga sunnat bo‘lib qolmasin degan ekanlar. Shu hadis haqiqatta bormi? Javobingiz uchun oldindan rahmat!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Bu gap hadisda yo‘q. Uni Nabiy alayhissalom aytganlar degan odam U zotga yolg‘on to‘qigan va oqibati o‘ta og‘ir ishni qilgan bo‘ladi.Alloh taologa va Payg‘ambar alayhissalomga qasddan yolg‘on to‘qish kufrdir.Qur’oni Karimda yolg‘on haqida bir yuz oltmish ettita oyat bor.Alloh taolo Nahl surasida:«Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar o‘zlari yolg‘onchilardir», (105-oyat) degan.Aslida, yolg‘onni faqat iymonsiz kofirlargina to‘qiydilar. Chunki ular yolg‘on gapirsa, gunoh bo‘lishi, u dunyoda azoblanishi haqida e’tiqodda bo‘lmagani uchun o‘ylamasdan yolg‘on to‘qiyveradilar. Mo‘minlar esa, yolg‘onni katta gunoh deb biladilar. Yolg‘on gapirish tufayli oxiratda azobga duchor bo‘lishlaridan qo‘rqadilar.Nabiy alayhissalom «kim qasddan menga yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi joyiga tayyorlanaversin» deganlar.Do‘ppisiz namoz o‘qish kitoblarimizda beodoblik ekanligi qayta-qayta ta’kidlangan. Hozirgi kunda o‘sha boshyalang yuradiganlarning ko‘plari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilish lozimligi to‘g‘risida juda ko‘p gapiradilar. Lekin bu borada u zotning, sahobalar, tobe’inlar, ulamolar va o‘tgan barcha azizlarimizning amallarini eslashni o‘zlariga ep ko‘rmaydilar. Agar qaraladigan bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham, sahobalar, tobe’inlar va yaqin-yaqingacha barcha musulmonlar-u, ulamolar ham boshyalang namoz o‘qishni o‘zlariga ep ko‘rmaganlar. Modomiki, salafi solihlarning izlaridan ergashishni da’vo qilar ekanmiz, boshyalang namoz o‘qigandan ko‘ra bosh kiyimi bilan namoz o‘qish odob yuzasidan afzal ekanligini tushunib etishimiz lozim.

1 May 2022, 07:56 | Savol-javoblar | 136 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar