Farishitalardan payg‘ambarlar

Assalomu alaykum! Yaqinda bir tanishim savol berib qoldi u dediki nega Alloh taolo er yuziga odamla orasidan payg‘ambarlar(yo‘l boshchilar) chiqargan Alloh yagonaligini bildirish uchun. Ularning o‘rniga farishtalarni yo‘l boshchi qilsa bo‘lmasmidi deb qoldi. Shu haqida dinimiz nima deydi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Isro" surasida marhamat qiladi:   قُل لَّوْ كَانَ فِي الأَرْضِ مَلآئِكَةٌ يَمْشُونَ مُطْمَئِنِّينَ لَنَزَّلْنَا عَلَيْهِم مِّنَ السَّمَاء مَلَكًا رَّسُولاً۝ 95. Sen ayt: «Agar er yuzida xotirjam yurgan farishtalar bo‘lganida, ularga osmondan farishta Rasul tushirgan bo‘lar edik».
Alloh barcha maxluqotlarni yaratgan Zot sifatida ularga qanday narsa mos kelishini O‘zi yaxshi biladi. Alloh odamlarni yaratgan Zot sifatida ularga kimni payg‘ambar qilib yuborishni yaxshi biladi. Er yuzida xotirjam yashab yurganlar odamlar bo‘lgani uchun ularga odamlarni payg‘ambar qildi. Agar er yuzida xotirjam yashab yurganlar farishtalar bo‘lganida, ularga osmondan farishtalardan payg‘ambar yuborgan bo‘lar edi.
Payg‘ambar Allohning elchisi bo‘lishi bilan birga, Uning amr va nahyilarini o‘z timsolida akslantirib, shariat hukmlariga amal qilishda o‘rnak bo‘ladigan birinchi shaxs hamdir. Agar odamlarga farishta payg‘ambar qilib yuborilsa va u shariat hukmlariga amal qilib ko‘rsatsa, «Payg‘ambar oddiy odamdan bo‘lmasligi kerak-da», degan nobakorlar birinchi bo‘lib: «Bu payg‘ambar – farishta, shuning uchun shariat hukmlariga oson amal qiladi, biz oddiy odammiz, uning qilganini qila olmaymiz», degan bo‘lar edilar. Payg‘ambar oddiy insondan chiqarilsa, bunday da’vo qila olmaydilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 09:02 | Savol-javoblar | 154 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar