Folbinga borish

Assalomu alaykum! Ustozlar, men fol ochish va ochtirish katta gunohligini bilaman. Ammo buni musulmon bir birodarimizga tushuntira olmayapman. "Folchiga borma" - desam, "gunoh bo‘lsa ham o‘sha palonchi folchi yo‘qolgan narsamni topib berdi, aytgan gapi to‘g‘ri chiqdi" - dedi. Men u bilan tortishib bu gunohligini yana bir bor tushuntirishga harakat qilsam ham u tushunishni istamayapti. Ustozlar, mana shunday vaziyatda men qanday tushuntirib bersam bo‘ladi, qanday asosli gaplarni aytib bu yo‘ldan qaytarsam bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sizdan iltimos, tezroq do‘stingizni mazkur ishdan uzoqlashishi uchun harakat qiling. Uning barcha gaplari va ishlari dinimiz ta’limotlariga to‘g‘ri kelmaydi. E’tiboringizga, bu haqdagi maqolani taqdim etamiz. Yaxshilab o‘qib va uqib olinglar. FOLBIN, SEHRGAR VA MUNAJJIMLARGA IShONISh Islom aqiydasidek ochiq, aniq va ravshan aqiydaga ega bo‘lmaslik har bir inson, har bir jamiyat uchun juda ham xavflidir. Mustahkam va ravshan aqiyda bo‘lmaganidan keyin turli bid’at, xurofot, afsona, safsatalarga ham ishonib ketilaveriladi. Oqibatda bitmas-tuganmas musibatlarga duchor bo‘linaveriladi. Bu holatni yaqin tarixida o‘z boshimizdan kechirdik. Boshqa xalqlar ham shunday holatni boshdan kechirganlar, kechirmoqdalar. Moddaparstlik rasmiy aqiyda bo‘lib, hamma unga amal qilib, boshqalari, jumladan, haqiqiy aqiyda ham, soxta aqiydalar ham man’ bo‘lgan zamonlarda maqolamizga sarlavha qilib olingan folbinlik, sehrgarlik, munajjimlikka ishonish ham man’ qilingan edi. Jamiyatda faqat moddaparstlik aqiydasi to‘g‘ri, deb hisoblanar, hamma narsa uning qolipiga solinar, o‘sha qolipga tushmagan narsa ahmoqlik, xayolparastlik va esipastlik hisoblanar edi. Ammo zamon o‘tishi bilan, uzoq muddat dunyoning katta qismida, yuz millionlab kishilar kuch bilan ishonishga majbur qilingan moddaparstlik aqiydasining o‘zi eng katta ahmoqlik ekanligi ma’lum bo‘ldi. Eng qizig‘i shundaki, shunday katta ahmoqlikni amalga oshirganlarning o‘zlari aniqrog‘i, ularning boshliqlari dunyo oldida ahmoqliklarini tan olib, buni e’lon qildilar. Ana shundan keyin ularlarning insoniyat haqqiga qilgan jinoyatlari hajm va dahshat jihatidan misli yo‘q ekanligi oshkor bo‘la boshladi. Ammo bundan oldin ular amalga oshirgan jinoyatlarining natijalari ravshanlashib bordi. Bunday natijalardan biri-dunyoning ulkan bir qismida qoldirilgan ruhiy bo‘shliq edi. O‘sha ulkan hududda yashayotgan millionlarcha insonlar o‘zlariga nisbatan jahon tarixida misli ko‘rilmagan ma’naviy jinoyat qilinganini, ular eng aziz va muhim narsa-aqiyda masalasida musibatga duchor etilganliklarini tushunib etib, o‘zlaridagi ruhiy bo‘shliqni to‘ldirishga kirishdilar. Bu ish rejali bo‘lmagani, tartibsiz ravishda har kim o‘zi uchun harakat qilgani uchun hamma narsa aralash-quralash bo‘lib ketdi. Nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanligini bilmagan odamlar avvalgi tuzmga qarshi bo‘lgan nafratlari sifatida, unda nimani man’ qilgan bo‘lsalar, o‘shanga o‘zlarini ura boshladilar. Jumladan, bizning diyorimizda folbinlar, sehrgarlar, munajjimlar, turli bashoratchilar, boshqa sayyoralardan kelayotgan elchilar bilan "kontaktda" bo‘layotganlar juda ham ko‘payib ketdi. Ularning ishqibozlari, ixlosmandlarining esa son-sanog‘i yo‘q edi. Eng yomoni, bu noqulay holatga diniy tus berildi. Mazkur folbin, sehrgar, munajjim, bashoratchi va hokazolar erkak kishilar bo‘lsa, egniga ajabtovur chopon, boshiga qandaydir salla o‘rab olib, bo‘ynigami, qo‘ligami tasbeh osib olishar, o‘tirgan joylariga ham shunga o‘xshash narsalar qo‘yib qo‘yishar, birorta duonimi, suranimi chala yodlab olib takror-takror o‘qishardi. Agar ayol kishi bu ishga qo‘l urgan bo‘lsa, u ham o‘zicha shunga o‘xshash tadbirlar ko‘rgan bo‘lardi. Oqibatda odamlar bu narsalarni dinda bor yoki bo‘lmasa dinga aloqasi bor, deb tushuna boshlashdi. Ular dunyodagi barcha muammolarni mazkur folbinlar yoki duoxonlar hal qiladigandek xayol qilishar edi. Bo‘yi etgan qiziga sovchi kelmayotgan onalar ham ularga murojaat qila boshlashdi. Kechasi uyqusida cho‘chib ketadiganlar ham, boshqa turli dardlarga chalinganlar ham, ishi yurishmay qolgan savdogarlar ham, biror narsasini yo‘qotib qo‘yganlar ham, tuzukroq mansabni mo‘ljallagan amaldor ham, qo‘li kelmay qolgan qimorboz ham, xullas, ko‘pchilik ularga murojaat eta boshladi. Falon joyda bir qiz chiqibdi, borganlar foyda topyapti ekan, u falonchiga unday depti, pistonchiga bunday depti, degan ma’nodaga shov-shuvlar tez-tez tarqalib, odamlar o‘sha tomonlarga chopishadigan bo‘ldi. Bu ma’nodagi turli gaplar, mish-mishlar urchigandan - urchib ketdi. Gazetalar, jurnallar va radio-televizordagi eshittirishlar bu borada olovning ustiga moy quyib turishdi. Ularda g‘aroyib hodisalar haqiyda turli suhbat va ko‘rsatuvlar berib boriladigan bo‘ldi. Lekin o‘sha folbin, sehrgar, munajjim yoki bashoratchilarning ishqibozlari aqlni ishlatib, chuqurroq tafakkur qilib ko‘rmadilar. O‘zlari e’tiqod qilib, ko‘tar-ko‘tar qilayotgan shaxslar kimlar, ular sodir qilayotgan "mo‘’jiza"larning haqiqati nimadan iborat, bu haqda o‘ylab ko‘rmadilar. Qiziga sovchi chiqmay folbinga kelgan ona o‘sha folbin yoki duoxonning o‘zi beva ekanligini yoki oilasi buzilganligini yoki farzandlarida, yaqin kishilarida xuddi shu muammoning borligini o‘ylab ham ko‘rmaydi. Kechasi uyqusida qo‘rqib chiqadigan odam, o‘zi najot istab murojaat qilayotgan shaxsning o‘zi kechalari butunlay uxlay olmasligini xayoliga ham keltirmaydi. Tuzukroq mansab ilinjida yurgan amaldor, bu odamning qo‘lidan mansabga ko‘tarish kelsa, mening o‘rnimga o‘zi bo‘lib olmasmidi yoki o‘g‘lini, qarindoshini yaxshi bir mansabga ko‘tarib qo‘ymasmidi, deb o‘ylab ham ko‘rmaydi. Folbin, duoxon va boshqalar esa, o‘zlarining ta’birlari bilan aytganda, bu odam ovora bo‘lib shuncha yo‘ldan kelibdi, noumid bo‘lmasin, deb kelganlarning hammasini qabul qilib, ularning boshini aylantirishda davom etaveradilar. Ularning ko‘plari jin tekkan shaxslar bo‘lib, o‘zlaridan insonlarga, jamiyatga, elu yurtga tegayotgan zararni anglab etmaydilar. Haqiqatan ham jin tekkani uchun ko‘pchilikda yo‘q ba’zi narsalar ularda paydo bo‘lishi mumkin. Lekin bu tekkan narsalar kasb qilib olinib, odamlarning boshlarini aylantirishga huquq beradigan fazilat emas, balki davolashga muhtoj darddir. Folbin, sehrgar va munajjimlarning keltirayotgan zarari faqat odamlarning vaqti, sog‘ligi, moli va harakati bekorga ketayotganligi bilan chegaralanib qolmaydi. Bu zarar undan ham katta, aytish mumkinki, ulkan zararlarga olib boradi. Bu zararlarning eng kichigi odamlar o‘rtasida dushmanlik ruhi, ishonchsizlik tarqatishdir. Faraz qilaylik, bir inson maqolamiz qahramonlaridan biriga boshi og‘riyotganini aytib murojaat qildi. Albatta, qahramonimiz ilmiy tahlilga, tibbiy muolajaga buyurmaydi. U o‘zining sodda mijoziga "To‘g‘ri, men ham sizni uzoqdan ko‘rib, shu odamning boshi og‘riyotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Buni mana o‘zingiz tasdiqlab turibsiz. Endi biz bir ojiz odammiz, hamma narsa Yaratganning o‘zidan bo‘ladi, keling bir ko‘rib qo‘yay-chi", deydi-da, o‘ziga xos harakat va ishlarni qilib bo‘lgach: "Sizga ilmu amal qilishibdi. Yo qarindoshlaringiz ichida yo mahallangizda yo bo‘lmasa ish joyingizda sizga nisbatan yomon niyatli kishilar borga o‘xshaydi. O‘shalar ilmu amal qilgan bo‘lsa kerak. Tuproqqa dam solib ostonangiz ostiga sochgan bo‘lishlari ham mumkin", deydi. Shundan keyin boshi og‘riyotgan kishi qarindoshlari, mahalla ahli va ish joydagilaridan shubhalanib, o‘ziga dushmanlik qilganlarni axtara boshlaydi. O‘zicha kerakli chora tadbirlarni ko‘radi. Natijada jamiyatda o‘zaro dushmanlik, o‘zaro ishonchsizlik ortib boradi. Qahramonlarimiz keltiradigan zararlar shotisidan yana bir necha pog‘ona ko‘tarilsak, ular o‘z faoliyatlari bilan jamiyatda dangasalik, maqsadga mehnatsiz etishish yo‘lini axtarish, foydali mehnatdan qochish ruhini keltirib chiqarishlarini ham ko‘ramiz. Bundan esa, insonlarga, jamiyatga katta zarar etadi. Zararlar silsilasi oxiri borib eng katta nuqtaga-bid’at, xurofotlar, turli xil buzuq aqiydalarning natijasi o‘laroq, kufrga, shirkka borib etadi. Lekin bu katta ma’naviy jinoyatni na bizning qahramonlarimiz, na-da ularga ergashgan mijozlari anglab etmaydi. Endi mazkur qahramonlarimiz bilan yaqindan tanishib chiqaylik. Folbinlarga va fol ko‘ruvchilarga shar’iy kitoblarimizda kohin va arrof deb nom berilgan. Kohin ba’zi sir narsalarni, to‘g‘rirog‘i, g‘oyibni bilishni da’vo qiladi. Uning ba’zi aytganlari tasodifan to‘g‘ri chiqishi ham mumkin, ammo aksariyat follari noto‘g‘ri chiqadi. Tasodifan to‘g‘ri chiqqan gapini o‘zi ham, odamlar ham takror-takror aytib yuradilar. Noto‘g‘ri chiqqan follari haqida esa, so‘z yuritmaydilar. Natijada kohin kishilarga g‘ayb narsalarni biladigan bo‘lib ko‘rinadi. Kohinlar o‘zlarining jinlar bilan aloqasi borligini va ularga xabarlarni jinlarning aytishini da’vo qiladilar. Arrof ham xuddi kohinga o‘xshaydi. Ulamolardan Imom Bag‘aviy: "Arrof-turli ishlarning sabablarini bilishni, yo‘qolgan narsaning qaerda turganini, o‘g‘irlagan narsani kim o‘g‘irlaganini va shunga o‘xshash narsalarni bilishni da’vo qiluvchidir", deydilar. Albatta, folbinlar ko‘proq kelajakda ro‘y beradigan ishlarni bilishlarini da’vo qiladilar. Bu esa, shariat hukmi bo‘yicha kufr hisoblanadi. Chunki g‘aybni faqat Alloh Taoloning O‘zigina biladi. Kim uni bilishni da’vo qilsa, kofir bo‘ladi. Shuningdek, folbinlikning boshqa turlari ham bor. Bulardan uchtasini Imom Nasaiy Qutn ibn Qubaysadan u kishi esa o‘z otalaridan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bayon qilganlar: "Chiziq chizib, tosh bilan va qush bilan fol ochish Allohdan boshqaga ibodat qilishdandir". O‘sha vaqtlarda turli chiziqlarni chizib, shuningdek, mayda toshlarni tashlab, ularni turli tomonlarga qimirlatib fol ochish hollari uchragan. Qush bilan fol ochish esa, maxsus boqilgan qushlar orqali amalga oshirilar ekan. Fol ochirmoqchi bo‘lgan shaxs bir ishni qilmoqchi bo‘lsa yoki bunda ikkilanib qolsa, folchining oldiga kelib, pul berib, undan o‘zi uchun fol ochib berishini so‘rar ekan. Shundan keyin folbin qushini olib osmonga otar, qush o‘ng tomonga uchib ketsa o‘sha ishni qilish, chap tomonga uchib ketsa qilmaslik, agar to‘g‘riga uchsa, yana qayta fol ochish kerak bo‘lar ekan. Folbinlikning bulardan boshqa turlari ham bo‘lgan. Hozirgi paytda fol ochishning turi son-sanoqsiz bo‘lib ketdi. Qarta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo‘lning kaftiga qarab turib, suratga qarab va hokazolar... Bularning hammasi kufr ishlardir. Sehrgar esa, turli uslublarni ishlatib, kishilarga ta’sir o‘tkazuvchi shaxsdir. Qur’oni Karimda sehr to‘g‘risida kelgan oyatda erkakni xotindan ajratuvchi ishlarni qilguvchilar ham sehrgar ekanligi aytilgan. Ulamolar sehrni, kelib chiqishi ma’lum bo‘lmagan ish, deb aytadilar. Imom Nasaiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: "Kimki tugun tugib unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi", deb aytganlar. Qur’onda sehrgarlarning ishi kufr ekanligi aytilgan. Munajjim deganda yulduzlarning joylashishi, yurishi, harakati, ularning bir-biriga nisbatan joylashishiga qarab kelajakda bo‘ladigan ishlar haqida xabar beruvchilar tushuniladi. Hozirgi kunda xuddi shu toifadagi kishilarning ishi yurishgan. Ko‘pgina davlatlarda ro‘znomalar, haftanomalar va oynomalar, radio-televizorlar munajjimlarning kundalik, haftalik, oylik, yillik, o‘n yillik follarini tarqatishda musobaqa qiladilar. Ba’zi odamlar ishlarini munajjimlarning aytgan gaplariga qarab rejalashtiradilar. Hatto ba’zi davlat arboblarining ularga murojaat qilib turishlari ham sir emas. Ilm-ma’rifat, taraqqiyot da’vo qilib turilgan davrda bunday ishlarning sodir bo‘lishi, ilohiy ta’limotdan uzoqlashgan inson nima to‘g‘ri kelsa, o‘shani qilaverishini ko‘rsatib turibdi. Islom shariati hukmi bo‘yicha g‘ayb ilmini da’vo qilgani uchun bu ma’nodagi munajjimlik ham kufr hisoblanadi. Imom Abu Dovud Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallam: "Kimki yulduzlardan ilm iqtibos qilsa, sehrdan bir shu’ba iqtibos qilgan bo‘ladi. Ziyoda olsa, ziyoda bo‘lib boraveradi", deganlar. Sehrgarlik esa, avval aytib o‘tganimizdek, kufrdir. Ammo yulduzlarning o‘zini o‘rganish, ular haqida ilmiy ishlar qilish, ularga tegishli muammolarni va holatlarni o‘rganish yaxshi ishdir. Islomda bunga targ‘ib qilinadi. Shuning uchun ham qadimda, Islom diniga yaxshi amal qilinib turilgan vaqtlarda, musulmonlar orasidan etuk va mashhur falakiyot ilmi olimlari etishib chiqqanlar. Islomiy istilohda yulduzga qarab fol ochadiganlarni munajjim (astrolog), yulduzlarni o‘rganadigan olimlarni falakiyot ilmi sohiblari (astronom), deyiladi. Folbinlik, sehrgarlik va munajjimlik bir-birlariga yaqin narsalar bo‘lgani uchun hadisi shariflarda ham ular birgalikda zikr etiladi. Deyarli har bir hadisda bunday insonlar va jamiyatga nisbatan o‘ta zararli bu ma’naviy jinoyatlar kattadan katta gunoh, kufr va shirk ekanligi qayta-qayta ta’kidlanadi. Imom Bazzor Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: "Kim qush bilan fol ochsa yoki qush bilan fol ochtirsa, kim sehr qilsa yoki sehr qildirsa, bizdan emas. Kim folbinga borib, uning aytganiga ishonsa, Muhammad sallollohu alayhi vasallamga nozil qilingan narsaga kufr keltirgan bo‘ladi", deganlar. Ma’lumki, Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallamning "bizdan emas" deyishlari juda ham og‘ir hukmdir. U zotning "bizdan emas" deganlari "Musulmonlardan emas", deganlaridir. Demak, hadisi sharifda zikr etilgan toifadagi kishilar musulmonlar safidan chiqadilar. Folbinga ishongan odam esa, Muhammad sallollohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan O‘ur’onga kufr keltiruvchidir. Shuning uchun ham folbin va sehrgarlikni kasb qilib olganlarning gunohi juda ham katta bo‘ladi. Biror narsaning hajmi yoki xatari boshqa narsaga solishtirib ko‘rilganda yaxshiroq anglanadi. Sehrning naqadar katta gunoh ekanligini u bilan bir qatorga qo‘yilgan katta gunohlardan tushunib olsa ham bo‘ladi. Imomi Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: "Etti halok etuvchidan chetlaning», dedilar. Odamlar: "Ular nimalar? Ey Allohning Rasuli" - deyishdi. U zot sallollohu alayhi vasallam: «Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni o‘ldirish, riboxo‘rlik, etimning molini emoq, urush kuni qochish va g‘ofila, mo‘mina, pokiza ayollarni zinoda ayblash", dedilar. Ma’lumki, Allohga shirk keltirishdan kattaroq gunoh yo‘q. Ushbu hadisi sharifda insonning halokatiga sabab bo‘luvchi katta gunohlarning ichida birinchi bo‘lib aynan shu katta gunohning zikr qilinishi ham bejiz emas. Undan keyin, ikkinchi o‘rinda, sehr turishi esa, sehrgarlik qanchalik katta gunoh ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. E’tibor bering-a, hatto odam o‘ldirish ham undan keyinga qo‘yilgan. Chunki sehrgarning jamiyatga etkazadigan zarari odam o‘ldirishdan ham kattaroq zarardir. Albatta, bunday katta gunoh qilgan shaxs oxiratda jazosini tortadi. Bu narsa hadisi shariflarda bayon qilingan. Imom Ibn Hibbon Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: "Aroq ichuvchi, sehrga ishonuvchi va qarindoshlik aloqasini uzuvchilar jannatga kirmaydi", deganlar. Ba’zi tuppa-tuzuk kishilar ham "Ishonmaymiz-u, lekin shunday bo‘lsa ham bir borib qo‘yaveraylik-chi, deb folbinlar huzuriga boraveradilar. Bu ish ham to‘g‘ri emas. Mo‘min kishi barcha shubhali narsalardan uzoqda yurishi lozim. Misol uchun, aroq ichmasa ham, ichganlarning oldida o‘tirishi mumkin emas. O‘tirsa, gunoh bo‘ladi. Shuningdek, folbinga ishonmasa, ham folbinning oldiga borish noto‘g‘ri ish hisoblanadi. Imom Tabaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: "Kim folbinga borib, uning gapiga ishonsa, Muhammad sallollohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsadan ajrabdi. Kim uning huzuriga kelsayu gapiga ishonmasa, qirq kungacha namozi qabul bo‘lmaydi", deganlar. Imom Tabaroniy Vosila ibn Asqa’ roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam: "Kim folbinning huzuriga kelib, undan biror narsani so‘rasa, qirq kechagacha tavbasi to‘siladi. Agar folbinning gapiga ishonsa, kofir bo‘ladi", deganlar. Haqiqiy mo‘min kishi uchun qirq kunlik emas, bir vaqtlik namozining qabul bo‘lmasligi ham cheksiz musibatdir. Haqiqiy mo‘min kishi uchun qirq kunlik tavbasi emas, bir onlik tavbasining qabul bo‘lmay qolishi ham og‘ir musiybatdir. Kishi ishonmasa ham folbinga borishining shariatda ta’kidlanishi ma’lum hikmatga egadir. Avvalo, folbinga ishonmagan odam unga borib nima qiladi? Axir, bu mantiqsiz tasarruf-ku?! Mo‘min kishi esa, bunday tasarruflarga loyiq emas. Ikkinchidan, kim bir chuqurning atrofida aylanaversa, borib-borib unga tushadi. Shuningdek, folbinning oldiga borgan shaxsning ham unga ishonib qolish ehtimoli kuchayadi. Gunohga botishning oldini olish uchun folbinlarga butunlay urojaat qilmaslik buyurilgan. Mazkur ma’naviy jinoyatlarni qiluvchilar nafaqat oxiratda, balki bu dunyoda ham nuqsonga uchraydilar. Bu hukmni ham Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning hadislaridan olamiz. Imom Tabaroniy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam: "Kimki fol ochsa, qismat xabarini talab qilsa yoki safaridan fol orqali qaytsa, hech-hech oliy darajalarga erisha olmaydi", deydilar. Bu hadisning arabcha matnidagi so‘zlarga bir oz izoh berishga to‘g‘ri keladi. Ana shunda ma’no to‘liqroq chiqsa ajab emas. Biz "qismat xabarini talab qilsa", deb tarjima qilgan "istaqsama" so‘zi fol ochishning bir turini bildiradi. Bunday turdagi fol ochuvchilar johiliyat davrida butlarning huzurida yashar edilar. Ularning o‘ziga xos hayot tarzi bo‘lib, folni ham but huzurida ochishar edilar. Birov borib fol ochtirish uchun pul yoki uning o‘rnini bosadigan biror narsa bersa, folbin kamon o‘qi solingan idishni olib chiqib fol ochiruvchiga o‘qlardan birini tortishni buyurgan. Agar:"Robbim menga amr qildi", degan yozuvli o‘q chiqsa, ko‘zlangan ishni qilish mumkin bo‘lgan. "Robbim meni qaytardi", degan yozuvli o‘q chiqsa, u ishni qilishmagan. Yozuvsiz o‘q chiqsa, qaytadan fol ochishgan. Demak, hamma holatda ham fol orqali ish ko‘rganlarning oliy darajalarga eta olmasligi ta’kidlanmoqda. Ma’lumki, shariatning hamma hukmlari behikmat emas. Men ushbu hadisni ajoyib hikmatli hukmga shomil, deb o‘ylayman. Uni maqsadga noshar’iy yo‘llar bilan erishmoqchi bo‘lganlarni maqsadga eta olmaydigan qilib jazolash qoidasiga binoan ish ko‘rish, deb tushunaman. Islom shariatida ana shunday qoida bor. Misol uchun, bir merosxo‘r merosga tezroq etish maqsadida meros qoldiruvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, u merosdan mahrum qilinadi. U sabr qilib kutib turganida merosdan o‘z ulushini olar edi. Ammo unday qilmadi, tezroq molu mulkka ega bo‘lish maqsadida o‘ziga meros qoldiruvchi shaxsning o‘limiga sabab bo‘ldi. Shuning uchun unga qarshi ko‘riladigan jazo choralaridan biri, aynan ushbu merosdan mahrum qilishdir. Folbinga murojaat qiluvchilar ham biror yaxshiroq narsaga erishish yoki yomonlikning oldini olish, qaytarish maqsadida bo‘ladilar. Lekin bu noshar’iy, harom yo‘l. Shuning uchun ham ular maqsadlariga eta olmaslik, oliy darajalarga erisha olmaslik bilan jazolanadilar. Shariat bo‘yicha, biror ishni qilmoqchi bo‘lgan odam, avvalo, yaxshi o‘ylashi, o‘rganishi, biladiganlar bilan maslahat qilishi, shundan so‘ng azm qilsa, Allohga tavakkal qilib ishni boshlashi ko‘rsatilgan. Agar biror ishni qilish-qilmaslikni tanlay olmay hayron bo‘lsa, maslahatlardan so‘ng ham azmu qarorga kela olmasa, istixora qiladi. Istixora degani, yotishdan oldin tahorat olib, niyat qilib ikki rakat namoz o‘qishni anglatadi. Namoz oxirida istixora duosi o‘qiladi. Yotganda tushida biron-bir ishora bo‘ladi. Shunga qarab ish qiladi. Shu tariqa folbin bilan bitirishga harakat qilinadigan ishlarning hammasini hal qilish mumkin. Shariatga muvofiq ish olib borgan odam oliy darajalarga erishadi. Shariatga xilof ish qilganlar esa, ikki dunyoda ham oliy darajaga erisha olmaydilar. Mana, folbinlik, sehrgarlik va munajjimlikning hukmi va ularga tegishli xulosalar bilan tanishib chiqdik. Islom dini bo‘yicha bu haqda ko‘rsatilgan ta’limotlar bilan tanishdik. Endi esa, amal qilish kerak. Avvallari bilmay bu ishlarni qilganlar bo‘lsa, tavba etsinlar. Bu hukmlarni eshitmagan, bilmaganlar bo‘lsa eshittirib, bildirsinlar. Bunday ma’naviy jinoyatlardan qutulish, choralarini ko‘rsinlar. Vallohu a’lam.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.

21 Aprel 2022, 06:45 | Savol-javoblar | 236 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar