Foydasi harommi?

Assalomu alaykum! Men bir savdogarga shaxsiy narsamni sotmoqchi bo‘ldim. Telefonda gaplashganimda narsamni 650.000 dan yuqori narxda ololmasligini aytdi. O‘zi uni 750.000ga sotar ekan. Qimmatroq oling shu narxda sotar ekansizku, dedim. Yo‘q ololmayman dedi. Men pul zarilligi uchun u aytgan narxga rozi bo‘ldim va falon vaqtga olib borib berishimni aytdim. Yo‘lda tanishlarga narsamni sotish uchun ketayotganligimni aytgandim, ular 750.000ga olamiz deyishdi. Men ularga shu narxga sotdim va boyagi sotuvchiga uzr aytib hisobiga 5-10 ming pul tashlab qo‘ymoqchi edim. O‘zi telfon qilib qoldi. Sotganimni aytgandim, lafzda turmaganim uchun harom bo‘lishini aytdi. Nimani harom bo‘lishini nazarda tutganligini bilmayman. Aytingchi, bu holatda shariat nima deydi? Ortiqcha ko‘rgan foydam halolmi? Qanday yo‘l tutay?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sizni qilgan ishingizni va’dagi xilof qilish deyiladi. Bu esa hadisda kelgan munofiqning alomati uchtadir. Gapirsa yolg‘on gapiradi, va’dasiga xilof qiladi, omonat qo‘ysa omonatga xiyonat qiladi – degan hadis ostiga kirasiz. Siz avvalo va’daga vafo qilishingiz, o‘rtadagi farqqa ko‘zingiz qiymasa va’dangizni buzayotganligingizni xaridorga aytishingiz kerak edi. Va’daga xilof qilish harom amal hisoblanadi. Alloh taolo “Sooff” surasida marhamat qiladi: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لِمَ تَقُولُونَ مَا لَا تَفْعَلُونَ۝ 2. Ey iymon keltirganlar! Nima uchun qilmagan narsalaringizni gapirasiz?! كَبُرَ مَقْتًا عِندَ اللَّهِ أَن تَقُولُوا مَا لَا تَفْعَلُونَ۝ 3. Qilmagan narsangizni gapirishingiz Allohning huzurida qattiq nafratga qolgandir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Sotaman deb kelishib aynib olish ham ushbu oyatdagi Alloh nafrat qilgan ishlar qatoriga kiradi. Istig‘for ayting. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 14:41 | Savol-javoblar | 151 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar