Maslahatli savol!

Assalomu alaykum Shayx Hazratlari! Avvalo sizni kirib kelgan Ramazon Hayit bayrami bilan tabriklayman! ALLOH umringizni uzoq qilib, xalqimiz uchun qilayotgan xizmatlaringizni bardavom qilsin! Keyingi iyd bayramlariga ham sog‘-omonlikda, mo‘min-musulmon xolimizda etib olishimizni O‘zi nasib etsin!Hazrat, sizga bir akaxonimning bugungi holatini aytib o‘tmoqchiman. O‘qib chiqib, maslahat bersangiz degandim. Chunki uning o‘zi shuni iltimos qildi. (Akaxonimning o‘zi sizga murojaat qila olmadi. Sababi, u qishloqda istiqomat qiladi, boz ustiga, kompyuter texnikasini yaxshi tushunmaydi. Saytga kirib ishlashni-ku, umuman bilmaydi). O‘zim Toshkentda ishlab, shu erda yashayman. Oxirgi marta ota-onamni ko‘rish uchun qishloqqa borganimda akaxonim kamina bilan uzoq vaqt dardlashdi. Ochig‘i, o‘zimning hayotdagi vaziyatim akaxonimnikiga yaqin, deb taxmin qilardim. Bilsam, akaxonim ancha qiyin holatda umrguzoronlik qilayotgan ekan. Hazrat, akaxonimning ismi Sherzod! 30 yoshni qarshilab qo‘ygan. Oilali va uch nafar farzandi bor (bir o‘g‘il, ikki qiz). ALLOH barcha narsaga qodir zot, bir vaqtlar zalolatda yurgan akaxonim (xuddi o‘zimga o‘xshab) to‘g‘ri yo‘lni topib, oilasigacha isloh qildi. Aniqrog‘i, turmush o‘rtog‘i risoladagidek kiyindi, farzandlariga eng to‘g‘ri yo‘lni tushuntirgan holda tarbiya qilmoqda. Dindan uzoqda yurgan ayol kishiga shariat haqida gapirsangiz sizni indamay eshitishi mumkin, ammo amalga kelganda, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish ancha qiyin. Hamma narsa ALLOHning qo‘lida! (O‘zim uylanmaganman, ota-onam qishloqdan kelin qilamiz deyishgan, biroq shu vaqtgacha risoladigidek kiyinishga, to‘yning barcha shartlariga rozi bo‘ladigan qizni uchratmadim. Barchasi to‘ydan keyin barcha shartlaringizni bajaramiz deydi). Bu akaxonimning ayoli risoladagidek kiyinib, islomning boshqa ruknlariga ham amal qilayotgani akaxonimning katta baxti bo‘lsa kerak. Sababi, qishlog‘imizda anchagina ilmli akaxonlar bor, lekin ularning ayollarini yurish-turishiga havas qilib bo‘lmaydi. ALLOH qalbiga solmasa qiyin ekan. Yana bir gap: zalolatda yurgan inson xatolarini tushunib, to‘g‘ri yo‘lga o‘tishi mumkin. Xususan, namoz o‘qib, ro‘za tutadi. Ammo islomning qolgan shartlariga amal qilmaydiganlar talaygina. E unaqa ishni qilish yaxshimas, desangiz, “ja berilib ketmaslik kerak, zamon-makonga ham qarash lozim”, deydi. Alamlisi, o‘shalar ham namoz o‘qidi, siz-u, biz ham. Eng yomoni, hali ALLOH qalbiga hidoyat solmaganlar bu ikki xil namozxonni ko‘rib, bittasini yomon otlig‘ qilib qo‘yishi mumkin (Barcha shartlarga amal qilayotganlarni nazarda tutyapman). Akaxonim undaylardan emas, Alhamdulillah! To‘g‘ri, kamchiliklari bor, ammo bilib turib dinga ziyon etkazadigan mutaasiblardan emas. Shuning uchun ham uni hurmat qilaman! Endi vaziyatni yanada aniqlashtirishni boshlasam. Akaxonim bir xonadonda, onasi va ukasi bilan birga yashaydi. Ukasining ham oilasi bor. Uka ham, ona ham islomdan ancha uzoqda. Dadasi vafot etganiga ancha yillar bo‘lgan. ALLOH u kishini o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. Hazrat, o‘zingizga ma’lum, Sobiq Ittifoq davrida tarbiya topgan ota-onalarimiz dindan uzoqda katta bo‘lishgan. Shu bois, ular bilan din borasidagi muomalada ozgina ehtiyot bo‘lish kerak. Shaxsan kamina ham ota-onam bilan din borasidagi muomalada ancha qiynalaman. Lekin Alhamdulillah, sizning ko‘rsatmalaringiz orqali sekin-astalik bilan yaxshi natijalarga erishyapman. Xullas, u akaxonimning onasi 70 yoshni qarshilab qo‘ygan bo‘lsa-da, peshonasi sajdaga tegmagan. Islomning qolgan ruknlarini bajarish haqida deyarli o‘ylamaydi. (Aytgancha, men bu gaplarni o‘sha akaxonimning aytganlari asosida yozyapman). Akaxonimning onasiga aytgan barcha gaplari-yu, iltimoslari besamar ketmoqda. Uka haqida ham shunday deyish mumkin. Bunday oilada istiqomat qilish har qanday mo‘min-mo‘mina uchun oson emas. To‘g‘ri, dinni tushunmaganlarga yaxshi muomala qilib vaziyatdan chiqish mumkin. Lekin sizga nisbatan har gapda piching ishlatilsa, islom arkonlarini bajarishingizga vaqti-vaqti bilan to‘sqinlik qilinsa, bundan yomoni yo‘q. O‘sha akaxonim bugun shunday holatda yashamoqda. Eng yomoni, oilada hech kim ishlamaydi. Aniqrog‘i, rasmiy ravishda hech kim ishlamaydi. Oiladagilar onaning va farzandlarining nafaqa puliga kun kechirishadi. To‘g‘ri, qishloq sharoitida bo‘lgani uchun ozgina er bor, o‘shanga ekin ekishadi. Lekin har kungi eb-ichish uchun daromad kerak. Erdan bir yilda bir uzog‘i ikki marta daromad olinadi. (Shunday holatda ham akaxonimning ayoli sabr qilib, birga yashab kelayotgani ko‘plab ayollarimizga ibrat bo‘lishi kerak, nazarimda) Akaxonim alohida yashay desa, yashash uchun uy-joy yo‘q. Sotib olishga esa, pul yo‘q, bori etmaydi. Nima qilishga boshi qotgan. Nega ijaraga ko‘proq er sotib olib, dehqonchilik qilsangiz bo‘lmaydimi, desam, daromad olguningizcha, pul sarflashingiz kerak, deb miqdorini hisoblab berdi. O‘sha pulni qaerdan olaman, deb savolimga savol bilan javob qaytardi. Hech kim menga erni va pulni shundaygina berib qo‘ymaydi-ku, dedi. Bu gaplarda ham jon bor. Akaxonimning aytishicha, boshqa joylardan ish chiqqan, lekin so‘nggi pallada uni ishga olishmagan. Nimagaligi o‘zi bilmaydi. Hatto xorijga borib ishlashga ham taklif bo‘lgan, biroq... Akaxonim menga “Uka, meni baxtim bor, lekin omadim yo‘q. Baxtim, oilam – ayolim va farzandlarim. Omadim yo‘qligi – ishsizligim. Bilaman, ALLOH baribir bir kun menga ham beradi, ammo qachon? Umrim o‘tib ketyapti. Erta-indin farzandlarim katta bo‘ladi. Keyin nima qilaman? Balki ismimni o‘zgartirishim kerakdir? Hazratdan, so‘rab ko‘ringchi, Sherzod ismidan foydalansa bo‘ladimi? Keyin ustozning duosini ham olib bering. Zora, olim ustozimizning duosidan keyin ishlarim yurishib ketsa. Bu yil ekib parvarish qilayotgan makkajo‘xorim shamolda yiqilib, nobud bo‘ldi. Bu ham omadsizligimdan darak bo‘lsa kerak. Hamma narsa ALLOHdan. Ilojim yo‘q, nima ham qila olardim ”. Bu akaxonimning oxirgi so‘zlari. Hazrat, gapni uzundan-uzoq qilib cho‘zib yuborganim va qimmatli vaqtingizni olganim uchun sizdan ming bor uzr so‘rayman! Shunchaki, vaziyatni aniq tushuntiray degandim. Ustoz, yuqoridagilarni o‘qib chiqib, maslahatingizni bering. Aytgancha, Sherzod ismi haqida ham fikringizni bilmoqchimiz. Akaxonim, Hazratning duosini olmoqchiman desa, ayrim ilmli kishilar, birovga duo qildirish shirkning bir turi debdi. Kamina sizning duo haqidagi ma’ruzalaringizni eshitib, bunga javob olganman. Buni akaxonimga ham tushuntirdim, ammo bunday gaplarni tarqatadiganlarni qachon tushunar ekan, hayronman! Hazrat, hammamiz sizdan haqqimizga duo qilishingizni so‘raymiz! Va o‘zimiz ham o‘sha duoga loyiq inson bo‘lishga harakat qilamiz. Ustoz, yozganlarimdan o‘zimning biron bir kamchiligimni sezgan bo‘lsangiz, shuni bildirsangiz degandim. Insha ALLOH o‘sha kamchiliklarni bartaraf qilishga harakat qilaman! Oldindan katta rahmat! ALLOH hammamizdan ROZI bo‘lsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ismning o‘zgartirishning keragi yo‘q. Fikrni o‘zgartirish kerak. omadsizman degan gapni xayoldan chiqarish lozim. Allohdan astoydil so‘rab qo‘ldan kelgan harakatni qilish zarur. Alloh O‘zi yordamchi bo‘lsin! Barcha ishlarini oson va ravon qilsin!

1 May 2022, 20:20 | Savol-javoblar | 171 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar