Ayolini urish mumkinmi

Assalomu alaykum shayx xazratlari bir do‘stimning iltimosi ila oqqa ko‘chirmoqdaman.er-xotin o‘rtasida paydo bo‘lgan nizoda ayolini yuziga urish mumkinmi. Urish lozim bo‘lsa qay hollarda.va qaysi joylariga urish mumkin. ayoli bilan nizolashib qolganda ayol nohaq bo‘lsa er kishi to‘shakni alohida qilib yotsa ayol undan kechirim so‘ramasa nechi kungacha to‘shakni alohida qilib yotish mumkin.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ayolning yuziga va boshqa erlariga ham urish mumkin emas. Orani isloh qilguncha to‘shakni boshqa qilish mumkin. Bu masala Qurhoni Karimning “Niso” surasida quyidagicha muolaja qilingan:“Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar. Soliha ayollar–itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir. Bosh ko‘tarishlaridan xavf qilingan ayollarga va’z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring. Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmang. Albatta, Alloh yuksak maqomli buyuk zotdir”.Har bir jamiyatga rahbar lozim. Rahbari bo‘lmagan jamiyatda tartib-intizom, tinchlik-omonlik va xayr-baraka bo‘lmaydi. Islom ta’limotlari bo‘yicha, oila eng muhim jamiyat bo‘lib, katta jamiyatning asosiy g‘ishti hisoblanadi. G‘ishtlari pishiq imorat mustahkam bo‘lganidek, oilalari ahil-mustahkam bo‘lgan jamiyat ham baquvvat bo‘ladi. Shunday muhim muassasa bo‘lgan oilaning rahbari bo‘lmasligi mumkin emas. Nima uchun Islomda oila rahbarligi erkakka beriladi? Bu savolga ushbu oyati karimada shunday javob beriladi:«Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar».Demak, oila rahbarligi bobida Alloh erkakni ayoldan afzal qilib yaratibdi. Darhaqiqat, erkak kishi o‘zining jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, asabiy, ruhiy nafsoniy va boshqa jihatlaridan oila rahbari bo‘lishga mos yaratilgan. Buning ustiga, oilani qurish va uni tutib turish, bu yo‘ldagi barcha sarf-harajatlar ham erkak kishi zimmasida. U katta mehnat evaziga topilgan molu mulkining behuda ketmasligi lozimligini o‘ylaydi, oilani mustahkam holda tutib turishning chora-tadbirlarini ko‘rishga majbur bo‘ladi. Alloh taolo hech bir ishni behikmat qilmaydi. Jumladan, erkak kishi oila rahbari bo‘lsa va u o‘z rahbarligini shariatda ko‘rsatilgandek ado etsa, bunday oilalar baxt-saodatga sohib bo‘lmoqda. Bu ko‘rsatmaga yurmagan oilalar esa, baxtsizlikka uchramoqda, shundaylardan tashkil topgan jamiyatlar ham baxtsizlikka duchor bo‘lmoqda. Bu erda gapni cho‘zib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak.Ammo musulmon jamiyatlarda ham ba’zan bu umumiy qoida buzilganini ko‘ramiz. Erkak rahbar bo‘lgan oilada ham noqulayliklar yuzaga kelib turadi. Agar shunday bo‘layotgan bo‘lsa, odamlarning, xususan, o‘zini musulmon hisoblayotganlarning aybi bilandir. Afsuski ko‘plar oyati karimada ko‘zda tutilgan rahbarlikni qahr, jabr va zulm o‘tkazishning imkoni deb tushunadilar. Aslida, bu rahbarlik mas’uliyatdir. Mas’uliyat bo‘lganida ham, ulkan mas’uliyatdir. Ushbu mas’uliyatga binoan, erkak kishi oilaning, jumladan, ayolning homiyligini, boquvchiligini, muhofazasini ado etmog‘i lozim.«Soliha ayollar–itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir».Ya’ni, mo‘mina, soliha ayollarning tabiatida eriga itoatkorlik bordir. Biz «itoatkorlik» deb tarjima qilayotgan so‘z oyati karimada «qonitatun» lafzi ila kelgan. Bu so‘z o‘z irodasi, rag‘bati va muhabbati ila itoat qilish ma’nosini anglatadi. Demak, mo‘mina, soliha ayollarning erlariga itoati o‘z mas’uliyatini tushungan holdan kelib chiqqan bo‘ladi. Qo‘rqqanidan, majburlashdan yoki boshqa biror bosqidan emas. Bu itoat o‘zini tushungan, hayotdagi o‘rnini, vazifasi va mas’uliyatini his etgan go‘zal insonning itoatidir.Mo‘mina, soliha ayollarning tabiatlaridan yana biri–ular:«Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir».Ya’ni, erlari yonlarida turgan paytlardagina emas, ular biror sabab bilan oiladan uzoqda bo‘lgan chog‘larida ham ularning haq-huquqlarini, obro‘-e’tiborlarini muhofaza qiladilar. Muhofaza qilishlari havoyu nafsga muvofiq yoki o‘z fikrlaricha, yoxud erlarining talabiga binoan bo‘lmaydi. Balki bu borada yagona hakam, belgilab beruvchi oliy tomon–Alloh taolo bor. Shuning uchun ham oyatda, «Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha», deyilmoqda. Allohning hifz qilishga buyurgan narsalarini muhofaza qiladilar.Imom ibn Jarir Tabariy va Ibn Abi Hotimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Ayollarning yaxshisi–nazar solsang, xursand qiladigan, amr qilsang, itoat etadigan va g‘oyib bo‘lsang, seni o‘z nafsida va molingda muhofaza qiladiganidir», deganlar.Imom Ahmad Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: «Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver», deyiladi», deganlar.Lekin besh qo‘l ham barobar emas, ba’zi ayollar solihalik maqomiga loyiq bo‘la olmaydilar. Haddilarida turmay, erlariga qarshi bosh ko‘tarib, beodoblik, itoatsizlik ko‘rsatadilar. Shunday hollarda nima qilish kerak? Ularga holatlariga qarab muomala qilinadi. Itoatsizlik alomatlari ko‘rinib, erni behurmat qila boshlaganida, unga va’z-nasihat qilinadi. Va’z-nasihat samara berib, munosabatlar izga tushib ketsa, ayni murod. Agar foyda bermasa, xotinning itoatsizligi, isyoni davom etaversa, boshqa chora ko‘riladi.Ikkinchi bosqich chora–hijron, birga yotmaslik, gaplashmaslikdir. Albatta, hijron va’z-nasihatdan ko‘ra ancha ta’sirlidir. Chunki bu masalada ayollar juda hassos bo‘ladilar. Erlarining ularga e’tiborsizligi, gaplashmay qo‘ygani ko‘zlarini kattaroq ochishga majbur etadi. Hali insoflarini yo‘qotmagan bo‘lsalar, o‘zlariga kelishlariga, xatolarini tuzatishlariga sabab bo‘ladi. Ammo bu chora ham ta’sir qilmasa, ayol butkul insofini yutib, itoatsizlikda, isyonda davom etaversa, bu uning yaxshilik bilan yo‘lga kirmasligining alomati. Endi unga nisbatan yanada ta’sirchanroq chora–o‘zini bilmaganlarga qilinadigan muomala qo‘llaniladi.Ya’ni, uriladi.«Bosh ko‘tarishlaridan xavf qilingan ayollarga va’z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring».Ammo urish deganda, qattiq kaltaklash, a’zolarini sindirish yoki boshqa jarohatlar etkazish tushunilmasin. O‘tgan ahli solih ulamolarning birlaridan ushbu oyati karimada izn berilgan urishning ma’nosi so‘ralganida, misvok yoki biror barmog‘i bilan turtish, degan ekanlar.Hadis kitoblarida rivoyat qilinishicha, Muoviya ibn Hayra al-Qushayriy roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?» deb so‘raganida, Payg‘ambar alayhissalom: «Agar taom esang, unga ham edirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon so‘kma, tashqarida hijron qilma», deganlar.Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning cho‘rilarini urmanglar!» deganlar. Bunga o‘xshash hadislar ko‘p. Ko‘rinib turibdiki, oyati karimadagi urishga berilgan izn faqat siyosat uchun, o‘zini bilmagan ayollarga ta’sir o‘tkazish uchundir.Ayol kishi tabiatan achchig‘i tez chiqadigan, ta’sirchan, shoshqaloq bo‘ladi. Sal narsa bahonasida eriga nisbatan itoatsizlik va beodoblik qilib qo‘yishi mumkin. Ammo keyin o‘ziga kelib, itoatga qaytsa, ularga qarshi chora ko‘rishga zarurat qolmaydi. Yuqorida sanalgan chora-tadbirlarni ham qo‘llash shart bo‘lmaydi.«Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmang».Bu narsa oilani mustahkamlashga omil bo‘ladigan ishdir. Chunki bir-biriga nisbatan kechirimli bo‘lish doimo yaxshilik omilidir. Agar kim bu ko‘rsatmalarga yurmasa, o‘zidan ko‘rsin. Chunki:«Albatta, Alloh yuksak maqomli va buyuk zotdir».Mazkur choralarni qo‘llash bilan oilaviy muammolar batamom hal bo‘lib qolmaydi. Ba’zida bular ham naf bermasligi mumkin. Unday holatda nima qilish kerakligini keyingi oyat bayon qiladi:Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, erning ahlidan bir hakam va xotinning ahlidan bir hakam ajrating. Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh er-xotinning orasini muvofiqlashtirur. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.Bu oyati karimada gap kelishmovchilik ham er, ham xotin tomonidan chiqqan paytida ko‘riladigan chora haqida ketmoqda. Bu holatda oilaning sirini tashqariga chiqarmasdan hal etishning iloji qolmagan bo‘ladi. Endi boshqalar aralashib bo‘lsa ham, oilani saqlab qolishga uriniladi.«Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, erning ahlidan bir hakam va xotinning ahlidan bir hakam ajrating».Er o‘zi rozi bo‘lgan qarindoshini, xotin ham o‘zi rozi bo‘lgan bir qarindoshini hakamlikka tayin qiladilar. Rozilik, keyinchalik hakamlar chiqargan hukmga ham rozi bo‘lishlari uchun kerak bo‘ladi. Albatta, hakamlar aqlli, tajribali, turmushning pastu balandidan xabardor kishilar bo‘lishi lozim. Tabiiyki, ikkovlari ham Allohdan qo‘rqqan holda, adolatli hukm chiqarishga harakat qilishlari kerak. Hakamlarning asosiy vazifasi eru xotin orasini isloh qilishdir. Shuning uchun ham oyati karimada, «Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh er-xotinning orasini muvofiqlashtirur», deb hakamlarga islohchilik nisbati berilmoqda. Xuddi shu tushunchadan kelib chiqib, ba’zi ulamolar: «Hakamlarga faqat yarashtirish–isloh huquqi berilgan», deydilar. Boshqalari esa, holatni o‘rgangach, isloh qilishning iloji yo‘qligiga amin bo‘lishsa, eru xotinni ajratib qo‘ysalar ham haqlari bor, shuningdek, ularga tegishli jazo choralarini, molu mulkka oid masalalarni ham hal qilishadi, deydilar.Hazrati Usmon ibn Affon Zinnurayni vaqtlarida xuddi shu oyati karimaga amal qilib ish yuritilganligi tafsir kitoblarimizda naql qilinadi:Aqiyl ibn Abi Tolib Fotima binti Utba ibn Robi’aga uylangan edi. Ayol: «Sen menga sabr qilsang, men senga nafaqa beraman», degan edi. Eri ko‘chadan kelsa, «Utba ibn Robi’a va Shayba ibn Robi’alar qaerda?» deb so‘rardi. Bir kuni eri: «Do‘zaxga kirsang, sening chap tomoningda bo‘ladilar», deb javob qildi. Xotin kiyimlarini kiyib, xalifa-hazrati Usmon huzuriga borib, bo‘lgan voqeani aytdi. Hazrati Usmon kuldilar-da, Abdulloh ibn Abbos bilan Muoviya ibn Abu Sufyonlarni chaqirib, hakam etib tayinladilar va ularga: «Agar yarashtirishni istasangiz, yarashtiring, ajratishni istasangiz, ajratinglar», dedilar.Albatta, hakamlar o‘zlarining insoniy cheklangan ilmlar va imkonlari doirasida hukm chiqaradilar. Qolgani esa, har bir narsani o‘zining cheksiz ilmi ila biluvchi va har bir ishdan xabardor Alloh taoloning o‘ziga havola.«Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir».

21 Aprel 2022, 06:58 | Savol-javoblar | 240 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar