Muslima ayolning beparvoligi

Assalomu alaykum! Ayol kishining avrati qaerdan qaergacha? Buni so‘rayotganim sababi afsuski xozirgi paytda ko‘p muslima ayollar balki bilmagan xollarida kiyimlarini engini shimarib yurishadi. Oqibatda ularning qo‘llarini bir qismi ko‘rinib qoladi. Bu xolat qandaydir ish qilayotgan paytda bo‘lishi mumkun, suv sachramasligi yoki chang tegmasligi uchun bo‘lsa kerak. Oqibatda o‘zlari xam musulmon erkaklar xam gunoxkor bo‘lib qolishmaydimi yoki ularga engini shimarib yurishga ruxsat berilganmi? Agar imkon bo‘lsa quyidagi savolni va javobingizni telegramdagi saxifangizga xam qo‘ysangiz shoyad ko‘rib tushunishar yoki erlari ko‘rib o‘rgatar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hur ayolning jamiki badani avratdir. Yuz, ikki qo‘l va oyoq bundan mustasno.
Bu hukmning dalillari:
Alloh taolo Nur surasida:  وَقُل لِّلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَى جُيُوبِهِنَّ «Mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, zohir bo‘lgani mustasno. Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar», degan (31-oyat).
«Zohir bo‘lgan ziynatlar» deganda namozda yuz, ikki qadam va ikki kaft anglanadi. Namozdan tashqarida ikki qadam ham avratdir.
«Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar».
Ya’ni boshlariga o‘ragan ro‘mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko‘kslari va ko‘kraklarini ham to‘sib tursin. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّ أَسْمَاءَ بِنْتَ أَبِي بَكْرٍ دَخَلَتْ عَلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  وَعَلَيْهَا ثِيَابٌ رِقَاقٌ، فَأَعْرَضَ عَنْهَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  وَقَالَ يَا أَسْمَاءُ، إِنَّ الْمَرْأَةَ إِذَا بَلَغَتِ الْمَحِيضَ لَمْ تَصْلُحْ أَنْ يُرَى مِنْهَا إِلَّا هَذَا وَهَذَا، وَأَشَارَ إِلَى وَجْهِهِ وَكَفَّيْهِ رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Asmo binti Abu Bakr yupqa kiyim bilan kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan yuzlarini o‘girib oldilar va:
«Ey Asmo, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qildilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ibn Jarir Tobariy o‘z tafsirlarida Oisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilar:
«Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girdilar. Men:
«Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz», dedim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol kishi balog‘atga etganidan keyin undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas»
, deb o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi».
Demak, namozda mazkur avrat joylarni to‘sib o‘qish farzdir. Ba’zi a’zolar ochilib qolsa nima bo‘ladi va shunga o‘xshash savollarga keyingi jumlalarda javob keladi.
Bir a’zoning to‘rtdan birining ochilishi namozni man qiladi.
Agar unutib ochilgan bo‘lsa va ochilishi bir ruknning ado etilishicha vaqt davom etsa va a’zoning choragidan ozi ochilsa, namoz botil bo‘lmaydi. Agar namozxon mazkur miqdorni qasddan ochsa, namozi darhol buziladi.
Boldirning o‘zi bir a’zodir.
Uning to‘rtdan biri ochilib qolsa va zikr qilingan muddatgacha yopilmasa, namoz botil bo‘ladi.
Son, zakarning yolg‘iz o‘zi va ikki turmuq ham. Osilib tushgan soch ham.
Bularda ham oldingi zikr qilingan hukm sobit bo‘ladi.
«Avratni to‘sish» deganda shariat talabiga binoan to‘sish ko‘zda tutilgan. Bunda avratni to‘sadigan narsaga quyidagi shartlar qo‘yilgan:
1. Kiyim badanning rangini bilintirmaydigan darajada qalin bo‘lishi lozim.
2. Kiyim badanning hamma tarafini to‘sishi lozim. Biror tarafi ochilib qolsa ham bo‘lmaydi. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam!

2 May 2022, 06:21 | Savol-javoblar | 145 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar