Qiyomatda xochnining sindirilishi

Assalomu alaykum! Bir tanishim “Qiyomat kuni Iso alayhissalom: “Meni shu xochga nima aloqam bor?” - deb xochni urib sindiradi” ma’nosida so‘zladi. Shu haqda biror ma’lumot bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qiyomatga yaqin Iso alayhissalomning tushishlari haq deb iymon keltiramiz. Bu ma’nodagi hadislar mutavotir darajasiga etgan. U kishi nasorolar o‘ylashganidek xochga mixlab o‘ldirilgan emaslar, tirik holida osmonga ko‘tarilganlar. Alloh taolo "Niso" surasida marhamat qiladi:  وَقَوْلِهِمْ إِنَّا قَتَلْنَا الْمَسِيحَ عِيسَى ابْنَ مَرْيَمَ رَسُولَ اللّهِ وَمَا قَتَلُوهُ وَمَا صَلَبُوهُ وَلَكِن شُبِّهَ لَهُمْ وَإِنَّ الَّذِينَ اخْتَلَفُواْ فِيهِ لَفِي شَكٍّ مِّنْهُ مَا لَهُم بِهِ مِنْ عِلْمٍ إِلاَّ اتِّبَاعَ الظَّنِّ وَمَا قَتَلُوهُ يَقِينًا۝ 157. «Biz Allohning rasuli Masih Iyso ibn Maryamni o‘ldirdik», – deganlari uchun. Holbuki, uni o‘ldirmadilar ham, osmadilar ham. Lekin ularga shunday tuyuldi. U haqda ixtilofga tushganlar uning o‘limidan shakdadirlar. U to‘g‘risida ularning bilimlari yo‘q, magar gumonga ergasharlar. Uni aniq o‘ldirmaganlar.
Qiyomatga yaqin qaytib tushganlarida xochni sindirishlari to‘g‘risida hadis kelgan. عَنِ ابْنِ الْمُسَيَّبِ أَنَّهُ سَمِعَ أَبَا هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَيُوشِكَنَّ أَنْ يَنْزِلَ فِيكُمُ ابْنُ مَرْيَمَ حَكَمًا مُقْسِطًا فَيَكْسِرَ الصَّلِيبَ، وَيَقْتُلَ الْخِنْزِيرَ، وَيَضَعَ الْجِزْيَةَ، وَيَفِيضَ الْمَالُ حَتَّى لَا يَقْبَلَهُ أَحَدٌ  Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, yaqinda orangizga Ibn Maryam adolatli hakam bo‘lib tushib, xochni sindiradi, cho‘chqani o‘ldiradi va jizyani bekor qiladi. Mol-dunyo oshib-toshib ketadi, hattoki hech kim uni qabul qilmay qo‘yadi», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

2 May 2022, 14:37 | Savol-javoblar | 167 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar