Juma namozini yolg‘iz o‘qish

Assalomu alaykum! Biror musulmon kishi o‘z ixtiyori yoki ma’lum bir sababga ko‘ra yolg‘iz holda juma namozini ado etsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Jumani ado qilish uchun shartlar: Namozning to‘g‘ri bo‘lishi shartlaridan tashqari, jumaning to‘g‘ri bo‘lishi uchun ham alohida qo‘shimcha shartlar bor. Ular quyidagilardan iborat: 1. Misr yoki uning cheti bo‘lishi. Misr nima ekani haqida sal avvalroq ham eslab o‘tilgan edi. Endi esa matnning o‘zida misr haqidagi tushuncha taqdim qilinmoqda. Misr eng katta masjidiga o‘zining aholisi sig‘maydigan joydir. Avval ham aytib o‘tilganidek, mazkur iboradagi «aholi»dan murod hamma aholi emas, balki juma namozi o‘qishi farz bo‘lgan aholidir. Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: «Yo‘llari va bozorlari bor, zulmlarni qaytarib turadigan voliysi bor, paydo bo‘lgan masalalarga javob aytib turadigan olimi bor yurt misrdir», deganlar. «Misrning cheti» unga (misrga) bog‘langan va uning foydasi uchun xizmatga tayyorlangan makondir. Misrga yopishib turgan va uning foydasi uchun xizmat qiladigan karvonsaroylar, kushxonalar kabi narsalar bor joylar ham shahar chetiga kiradi. U erlarda ham juma o‘qisa bo‘ladi. Ammo misr bilan uning orasida uzilish bo‘lmasligi kerak. Misol uchun, misr tugagandan keyin ekinzorlar, bog‘u rog‘lar kelib, keyin aholi yashash joyi kelsa, misrning cheti bo‘lmaydi. Agar bitta misrda bir necha joyda juma o‘qilsa nima bo‘ladi, degan savolga mazhabda to‘rtta javob bor. Birinchisi Abu Hanifa va Muhammad rahmatullohi alayhimodan rivoyat qilingan va eng to‘g‘risi hisoblanadi: «Ikki yoki undan ko‘p joyda bo‘lsa ham, joiz. Chunki jumaning bir necha joyda bo‘lmasligida qi­yinchilik bor». Shu bilan birga, bir necha erda juma o‘qish mumkin emasligiga dalil yo‘q. 2. Sulton yoki uning noibi. Yoki jumani o‘tkazishga izn olgan taraf bo‘lishi shart. 3. Peshinning vaqti. Peshin namozining vaqti kirishi bilan jumaning vaqti ham kiradi. Peshinning vaqti chiqishi bilan jumaning vaqti ham chiqadi.عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُصَلِّي الْجُمُعَةَ حِينَ تَمِيلُ الشَّمْسُ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا مُسْلِمًاAnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam jumani quyosh oqqan paytda o‘qir edilar».Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jumani doimo peshin vaqtida o‘qiganlar. 4. Vaqtida bir tasbehcha bo‘lsa ham xutba. Xutba juma namozining asosiy shartlaridan biridir. Xutbasiz juma namozi bo‘lmaydi.يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا نُودِي لِلصَّلَاةِ مِن يَوْمِ الْجُمُعَةِ فَاسْعَوْا إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ وَذَرُوا الْبَيْعَ ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ۝Alloh taolo Jumu’a surasida:«Ey iymon keltirganlar! Juma kunidagi namozga chorlangan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, ana shu o‘zingiz uchun yaxshidir», degan (9-oyat). Bu oyatdagi «Allohning zikri» xutbadir. «Bir tasbehcha bo‘lsa ham» jumlasidan «Alhamdulillah», «Subhanalloh» kabi zikrlarni aytish bilan ham xutba ado etilgan bo‘lishi tushuniladi. Shu bilan birga, jumaning xutbasi peshinning vaqti kirganda bo‘lishi shart. Agar zavoldan oldin xutba qilib, undan keyin namoz o‘qisa bo‘lmaydi.عَنِ السَّائِبِ بْنِ يَزِيدَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النِّدَاءُ يَوْمَ الْجُمُعَةِ أَوَّلُهُ إِذَا جَلَسَ الْإِمَامُ عَلَى الْمِنْبَرِ عَلَى عَهْدِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَأَبِي بَكْرٍ وَعُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَاSoib ibn Yaziyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Juma kunining avvalgi nidosi Nabiy sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumoning davrlarida imom minbarga o‘tirganda bo‘lar edi».Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Nido, ya’ni azon peshinning vaqti kirmasidan oldin aytilmaydi. Shuning uchun peshin vaqtidan boshqada xutba qilinmagan. 5. Jamoa, ya’ni imomdan boshqa uch kishi bo‘lishi shart qilindi. Bu jumladagi hukm quyidagi hadisdan olingan:عَنْ طَارِقِ بْنِ شِهَابٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْجُمُعَةُ حَقٌّ وَاجِبٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ فِي جَمَاعَةٍ رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْبَيْهَقِيُّ وَالْحَاكِمُ Toriq ibn Shihob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jamoat bilan juma (o‘qish) har bir musulmonga haqdir, vojibdir», dedilar».Abu Dovud, Bayhaqiy va Hokim rivoyat qilishgan.6. Izni om. «Izni om» degani jome’ masjidning eshiklarini ochib qo‘yib, xohlagan odamning kirishiga umumiy izn berilishi, juma o‘qimoqchi bo‘lganlarni biror shaxs man qilmasligidir. Juma namozi Islomning shiorlaridan biridir. Uni o‘qish odamlar orasida mashhur holda bo‘lishi lozim. Bir masjidga maxsus jamoat kirib olib, eshiklarini yopib olsalar, ularning o‘qigan jumalari to‘g‘ri bo‘lmaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:18 | Savol-javoblar | 212 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar