Nasiya ribosi

Assalomu alaykum! Nasiya ribosi xaqida malumot bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ribo nima? Ribo lug‘atda “ko‘paymoq, ziyoda bo‘lmoq” ma’nolarini bildiradi. Islomiy fiqhda “ribo” ikki hil muomalada bo‘ladi. Biri qarz oldi berdisida va ikkinchisi savdoda.
1. Qarz oldi berdisidagi “ribo”dan murod biror kishiga shunday shart bilan qarz beriladiki, olgan kishi o‘sha qarzni asl miqdoridan ziyoda qiymat bilan qaytaradi. Qarz berish vaqtida kelishilgan ziyoda miqdor ribo bo‘lib, o‘zbek tilida “foiz” rus tilida “penya” urdu tilida “sud” deyiladi. Islomdan avvalgi johiliyat zamonasida qarz berish ko‘rinishidagi ribo juda rivojlangan bo‘lib, Qur’onda uni katta gunoh ekanligi bayon qilingan. Shuning uchun ham uni “Ribal Qur’on”, ya’ni Qur’onda zikr qilingan ribo yoki “Ribaal johiliya”, ya’ni johiliyat zamonasidagi ribo deydilar.
2. Riboning savdodagi turi hamjins bo‘lgan narsalarni o‘zaro oldi berdi qilganda bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom olti xil narsani hamjins holatida o‘zaro almashtirishda bir tomonning ko‘proq olishini yoki nasiya qilishini ribo ekanligini aytib bundan qaytarganlar. عَنْ مَالِكِ بْنِ أَوْسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ  قَالَ: الْتَمَسْتُ صَرْفًا بِمِائَةِ دِينَارٍ، فَدَعَانِي طَلْحَةُ بْنُ عُبَيْدِ اللهِ فَتَرَاضوْنَا حَتَّى اصْطَرَفَ مِنِّي، فَأَخَذَ الذَّهَبَ يُقَلِّبُهَا فِي يَدِهِ، ثُمَّ قَالَ: حَتَّى يَأْتِيَ خَازِنِي مِنَ الْغَابَةِ وَعُمَرُ يَسْمَعُ، فَقَالَ: وَاللهِ لَا تُفَارِقُهُ حَتَّى تَأْخُذَ مِنْهُ، قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الذَّهَبُ بِالذَّهَبِ رِبًا إِلَّا هَاءَ وَهَاءَ، وَالْبُرُّ بِالْبُرِّ رِبًا إِلَّا هَاءَ وَهَاءَ، وَالشَّعِيرُ بِالشَّعِيرِ رِبًا إِلَّا هَاءَ وَهَاءَ، وَالتَّمْرُ بِالتَّمْرِ رِبًا إِلَّا هَاءَ وَهَاءَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Molik ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Yuz dinorni sarf qilmoqchi – almashtirmoqchi bo‘ldim. Bas, meni Tolha ibn Ubaydulloh chaqirdi. Ikkovimiz kelishdik va u menga almashtirib beradigan bo‘ldi. Tillani olib, qo‘lida aylantirib turib, «Xazinachim o‘rmondan kelsin», dedi. Buni eshitib turgan Umar:
«Allohga qasamki, undan olguningcha ajramay tur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Tillaga tilla 
(almashtirish) ribodir. «Ol!», «Ber!» bo‘lsa, mustasno. Bug‘doyga bug‘doy ribodir. «Ol!», «Ber!» bo‘lsa, mustasno. Arpaga arpa ribodir. «Ol!», «Ber!» bo‘lsa, mustasno. Xurmoga xurmo ribodir. «Ol!», «Ber!» bo‘lsa, mustasno», deganlar», dedi».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Mazkur olti hil narsa quyidagilardan iborat;
1.Bug‘doy.
2. Arpa.
3. Tuz.
4. Xurmo.
5. Oltin.
6. Kumush.
Shuning uchun ham bug‘doyni bug‘doy evaziga sotishda ikkala tomonniki barobar bo‘lishi lozim. Masalan bir kilo bug‘doy evaziga bir kilo bug‘doyni sotsa joiz. Ammo bir kilo bug‘doy evaziga ikki kilo bug‘doyni sotsa joiz bo‘lmaydi. Chunki, bir kilodan ortig‘i ribo hisoblanadi. Qolgan beshta narsaning hukmi ham shunday bo‘ladi. Savdodagi ushbu riboni “Ribaal fazl” ya’ni ortiqcha foyiz evaziga sotish deyiladi.
Savdodagi riboning ikkinchi surati shuki, unda mazkur oltita narsalardan birini boshqa jinsdagi evaziga sotilganda bir tomon nasiya qilinadi. Masalan bug‘doyni arpa evaziga yoki tillani kumush evaziga ya’ni, bir kilo bug‘doy evaziga ikki kilo arpa yoki bir dinor evaziga o‘n dirham sotilsa, bu joiz. Ammo nasiya qilinsa, joiz bo‘lmaydi. Ya’ni savda naqdma-naqd bo‘lishi lozim. Agar bir kilo bug‘doyni ikki kilo arpaga nasiyaga sotilsa, riboning bir shakli bo‘ladi. Buni “Riban nasiya” ya’ni nasiya foyiz evaziga sotish deyiladi.
“Ribal fazl” yoki “Riban nasiya” ning yuqorida zikr qilingan suratlarini “Ribaal hadis” ya’ni hadisda zikr qilingan ribo ham deyiladi. Chunki, bunday ko‘rinishdagi riboning haromligi hadis vositasida ma’lum bo‘lgan.  
“Ribal fazl” yoki “Riban nasiya” ning yuqoridagi zikr qilingan suratlarini harom bo‘lishini hikmati shuki, unda “Ribal qarz” ya’ni qarz berish ko‘rnishidagi riboni eshiklarini yopishdir. Chunki, bu suratdagi oldi berdilari qarz ribosiga olib boradi.
Bu ikki suratdagi oldi berdi qanday qilib “ qarz ribosi” ga olib borishi mumkin?
Buni bilish uchun oldingi zamondagi kishilarning holatlariga e’tibor qilish lozim. Oldingi zamonda odamlar rupiya yoki mutloq qog‘oz pul o‘rniga tilla va kumushlar bilan tijorat qilganlar. Undan ham oldinroq zamonda esa barter, ya’ni turli hil narsalarni boshma-bosh almashtirish yo‘li bilan tijorat qilganlar. Qachonki Qur’oni Karimda riboni harom ekanligi bayon qilinganda kishilar “Bundan murod faqat qarz berish ko‘rinishidagi muomalada ortiqcha foyizni olish harom” ya’ni, bir kishi boshqa kishiga yuz dinor tilla qarz berib, bergan dinorini o‘zini olsa joiz bo‘ladi. Ammo, ustiga o‘n dinor qo‘shib olsa ribo hisoblanadi, deb tushunganlar. Bu bilan biror kishi hiyla qilib qarz berish o‘rniga “Ushbu yuz dinorni senga bir yuz o‘n dinor evaziga nasiyaga sotdim”-desa yoki yuz dinorning narxi ming dirhamga barobar bo‘lib “Naqd yuz dinorni bir ming ikki yuz dirhamga nasiyaga sotdim”-desa joiz bo‘ladi deyishlari mumkin edi. Bundagi farq qarz berish va sotish so‘zdagina ifodalanib amaliyot bitta, ya’ni ustiga ustama olish maqsad qilingan bo‘ladi. Shuning uchun shari’at bu ikki suratdagi oldi-berdini sudxo‘rlikka vosita bo‘lgani uchun ularni joiz emas, deb bayon qilgan.
Shuningdek tilla va kumushdan tashqari qolgan to‘rtta narsa, ya’ni bug‘doy, arpa, tuz va xurmolar borasida ham shu hukm joriy qilingan. Bularning bir hil jinslilarini oldi berdi qilganda, ortiqchasi va birini boshqa jinslisiga oldi berdi qilganda esa, nasiyasi joiz emas. Chunki, kishilar zarurat sababli tilla va kumushdan tashqari boshqa narsalarni ham barter ko‘rinishida o‘zaro oldi berdi qilganlar. Odamlar yuqoridagi tilla va kumushni misoli kabi qolgan to‘rt narsada ham hiyla qilmasliklari uchun shari’at uning joiz emasligini bayon qilgan.
Odamlar tilla va kumushdan tashqari mazkur to‘rtta narsaning bir hil jinslilarini o‘zaro oldi-berdi qilganlarida aqlan joiz sanab masalan “Bir kilo oliy navli xurmoni ikki kilo past navli xurmoga almashtirsa bo‘ladi. Bu suratda past navli xurmoning qo‘shimcha bir kilosi oliy navning navi oliyligiga evazdir”-deyishlari mumkin. Bunday qilishlari mumkin emas. Chunki, Payg‘ambarimiz alayhissalom mazkur narsalarni oldi-berdi qilishda sifati e’tibor qilinmasligini aytib o‘tganlar. Ya’ni, tilla va kumush bo‘lgan dinor va dirhamning yangi yoki eskiligi e’tibor qilinmaganidek, qolgan to‘rtta narsani ham o‘zaro oldi-berdi qilinganda ularning sifatlari e’tibor qilinmaydi. Shuning uchun ham bir hil jinslilarni oldi-berdi qilganda barobarlik talab qilinadi. Boshqa boshqa jinsli narsalarni oldi-berdi qilganda esa, ortiqchasini olish joiz ammo, nasiya qilish joiz emas. Masalan, bir kilo bug‘doyni ikki kilo arpa evaziga yoki o‘n dinorni yuz dirham evaziga naqdma-naqd oldi-berdi qilish joiz ammo nasiya qilinsa joiz bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda bir necha savol paydo bo‘ladi. Ribol fazlning hukmi faqat mazkur oltita narsaga xosmi? Yoki undan boshqa narsalarga ham o‘sha hukm joriy bo‘ladimi? Masalan guruchni guruch evaziga almashtirilganda ham ortiqchasi va nasiyasi nojoizmi? Agar bu kabi boshqa turli narsalarga ham shu hukm joriy bo‘lsa, bu borada qanday meyor bor?
Imom Abu Hanifa va Imom Ahmad rahmatullohi alayhimolarning nazdida kilolab yoki litrlab sotiladigan narsalar mazkur hukm ostida bo‘ladi. Shuning uchun ham adadiy, ya’ni donalab yoki metrlab sotiladigan narsalar bu hukmda bo‘lmaydi. Masalan, guruch kabi kilolab sotiladigan narsalar shu hukmda bo‘ladi. Kitob kabi donalab sotladigan narsalar esa, bu hukmda bo‘lmaydi.
 Demak, “ribol fazl” yoki “ribon nasiya” hukmi joriy bo‘ladigan narsalarni fiqhiy istilohda “amvolu riboviy” ya’ni, o‘zaro oldi-berdi qilinganda ortiqcha yoki nasiya qilinsa, riboga taaluqli bo‘lib qoladigan mol, deyiladi. Vallohu a’lam!

3 May 2022, 00:43 | Savol-javoblar | 172 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar