Zakotimiz ado bo‘ladimi?

Assalomu alaykum! Allohga shukur turmush o‘rtog‘im bilan pul jamg‘arib zakot bera olish darajasiga etdik. Uni muxtoj insonga beramiz deb niyat qilgan edik ammo qaynonam buni eshitib, marxum akamning xotiniga beringlar pulni, chunki muxtojni avval oilangni ichidagilardan qidir keyin boshqalardan deyilgan deb erimni qo‘ymadilar. Lekin kelinoyimiz (qaynonamning marxum akalarini xotini) u darajada muxtoj emaslar, o‘z uy joylari bor ishlaydilar, qiz uzatish uchun yig‘ib qo‘ygan pullari xam borligi ma’lum. Yana eshitishimga qaraganda boshqa qarindoshlar xam kelishib aynan shu insonga xar yili zakot va fitir pullarini berishar ekan. Shuning uchun men erim bilan gaplashib boshqa nochorroq insonga berishimiz kerakligini, chunki zakotning shartida miskinga berilsin deyilganini tushuntirdim. Xo‘jayinim esa onasini gapini ikki qilishdan cho‘chib zakotga atalgan pulimizni yarimi baribir kelinoyimizga yarmini esa xaqiqatdan muxtoj insonga berdilar. Shunda bizning zakotning xukmi qanday bo‘ladi? Javobingizdan umidvormiz, oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Kelinoyingiz nisob miqdoridagi pul yoki oshiqcha mol-mulkka ega bo‘lsa bilib turib bergan zakotingiz ado bo‘lmaydi. Qaytadan berishingiz shart. Nisobni quyidagi likndan o‘rganib olishingiz mumkin.
Nisob uch xil bo‘ladi.
1. Zakot berish vojib bo‘lishi uchun nisob;
2. Zakot olmaslik uchun belgilanadigan nisob.
3. Tilanishni harom qiladigan nisob.
Birinchi nisobni belgilashda hojati asliydan tashqari nomiy (o‘sib turuvchi) mollari hisoblanadi. Masalan: tillo, kumush, naqd pullar, tijorat mollari va zakoti berilishi shariatda belgilangan chorva hayvonlari.
Ikkinchi nisobni belgilashda esa, ham nomiy, ham nomiy bo‘lmagan mollarni hisob qilinadi. O‘sib turuvchilari yuqoridagilardan ma’lum. Nomiy bo‘lmaganlari esa, tijorat maqsadida bo‘lmay o‘g‘illar uchun sotib olingan quruq erlar, (o‘zi o‘tirgan uyining yonidagi xonalardan tashqari) ijaraga berilmay bo‘sh turgan uylar, o‘g‘il-qizga berish maqsadida olib qo‘yilib, ularga mulk qilib berilmagan sep-sidirig‘lar(agar ularga mulk qilib berilgan bo‘lsa, olgan o‘g‘il qizlarning nisobiga hisob qilinadi), hech vaqt iste’mol qilinmaydigan suvenir va idishlar, televizor ham hojati asliydan tashqari mol hisoblanadi. Bu narsalar garchi zakot berishda hisobga olinmasada, zakot olishda hisobga olinadi. Kimning hojati asliysidan tashqari yuqorida zikr qilingan narsalari bor bo‘lib, zakot nisobiga etsa, unday kishilarga zakot olish joiz emas. Lekin, zimmasiga qurbonlik qilish, hamda fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Birinchi nisobni bilish, zakot beruvchilar uchun zarur. Ikkinchi nisobni bilish esa, ham beruvchi(o‘z o‘rniga berishi uchun), ham oluvchi uchun zarurdir. Chunki bu nisobga ham ko‘p hukmlar taalluqlidir. Masalan, sadaqai fitr berish va qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Sadaqa olmaslik (hadya bo‘lsa joiz), nazr qilingan go‘shtni emaslik, nazr qilingan narsalarni olmaslik kerak bo‘ladi.
Uchinchi nisob bir kunlik eguligi bo‘laturib, tilanchilik qilishi harom bo‘lgan nisobdir. (Umdatul fiqh).
Ba’zi birlar “nisobga ega bo‘la turib, yonida naqd puli bo‘lmasa qurbonlik qilish vojib emas” degan gaplarni aytishadi. Bu naqd puli ham, hojati asliyadan tashqari sotadigan narsasi ham bo‘lmagan holatdadir. Qarz olib qurbonlik qilishga keladigan bo‘lsak, qarz beruvchi qurbonlik qilishingizni bilib turib bersa, joiz. Yonida naqd puli bo‘lmagani uchun qarz olishga majbur bo‘lsa, qarz olish lozim. Qarzi bo‘la turib, qarzini uzmasdan qurbonlik qilish esa, joiz emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qarzini uzishga qodir bo‘la turib bermaslik, zulmdir” deganlar. Haqdordan qurbonlik qilishni so‘ralganida rozi bo‘lsa, joiz. Vallohu a’lam!

3 May 2022, 02:50 | Savol-javoblar | 167 | Zakot
|
Boshqa savol-javoblar