Alloh taoloning bizlarga yuborgan to‘rtta kitobi

Assalamu alaykum ustoz!Men hayotimda bir insonni uchratdim. U kishi juda ham taqvodor kishi. Besh vaqt namoz o‘qiydi va Alloh taoloning farzlarini yaxshi bajaradi. U menga Allohning to‘rtta Buyuk kitoblarini o‘qib amal qilish kerakligi haqida aytdi. Lekin men oldingi kitoblar o‘zgarib ketganligini va ularni o‘qimasligimni aytdim. Biroq u menga Kuroni karimdan oldingi kitoblarning yo‘q bo‘lib ketmaganligi va o‘zgarmaganligi haqida dalillar keltirib, ko‘rsatib berdi. Shundan keyin men Qur’oni karimning o‘zbekcha tarjimalarini batafsil oxirigacha o‘qib chiqdim. Biroq u erda hech qanaqa oldingi Uch kitobning o‘zgarib ketgani haqida yozilmagan. Aksincha u kitoblarga iymon keltirish va ularga amal qilish haqida yozilgan. Yana Alloh taoloning gaplarini hech kim o‘zgartira olmasligi haqida ham yozilgan. Bu tarjima shayx Allouddin Mansur hazratlariniki edi. Lekin bizda domlalarimiz oldingi uch kitobning o‘zgarib ketganlari va ularning birorta ham asli nusxalari qolmaganligi haqida aytayapti. Lekin Qur’onga karasak, ularni o‘qishimiz va ularga amal qilishimiz haqida yozilgan. Bu haqida domlalarimizga savol berganimda ular biz insonlar Qur’onga tushunmasliklarimizni aytishadi. Bu haqida nima deysiz? Iltimos yordam bering.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Siz nima deganingizni o‘zingiz bilasizmi? Samoviy kitoblarga iymon keltirish bor. Ammo Qur’onda undan boshqa ilohiy kitoblarni o‘qish va ularga amal qilish kerakligi haqidagi gap behuda va noto‘g‘ri. Qaysi suraning qaysi oyatida bu haqda aytilganini ko‘rsatib berishingiz zarur. Bo‘lmasa, Qur’onga tuhmat qilgan bo‘lasiz. Tarjimani chala o‘qib domalalarga qarshi da’vo qilish durust emas.Siz aytayotgan uch kitob Zabur, Tavrot va Injil kitoblari. Hozirda Zabur ahli yo‘q. Tavrot va Injilga amal qilishni da’vo qilayotganlar bor. Xo‘p o‘sha kitoblarning o‘zgarmay Allohdan Muso va Iyso alahissalomlarga tushgan holida turganligini qanday isbotlaysiz? “Shundan keyin men Kur’oni karimning uzbekcha tarjimalarini batafsil oxirigacha ukib chikdim. Birok u erda xech kanaka oldingi Uch kitobning uzgarib ketgani xakida yozilmagan».Bu gapning asossizligini turli tarafdan isbotlash juda ham oson.Alloh taolo “Moida” surasida aytadi:“Ahdlarini buzganlari uchun ularni la’natladik va qalblarini qattiq qildik. Ular kalimalarni o‘z o‘rnidan o‘zgartirdilar” (13 oyat). Ahdnomani buzishning ba’zi ko‘rinishlari oyati karimaning o‘zida ham zikr qilingan:«Ular kalimalarni o‘z o‘rnidan o‘zgartirdilar».Kalimalarni–so‘zlarni o‘zgartirish deganda Tavrot nazarda tutilyapti. Alloh taolo Muso alayhissalomga O‘zining samoviy kitobi Tavrotni nozil qilganda, Bani Isroildan bu kitobni muhofaza qilish, qanday nozil bo‘lgan bo‘lsa, shunday saqlash haqida ahdnoma olgan edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Yahudiy tarixchilarning o‘zlari aytishlaricha, asl Tavrot yo‘qolganiga hech qanday shubha yo‘q. Yahudiylardan biror kishi Tavrotni yodlamagani ham haqiqatdir. Hozirgi kunda yahudiylar «Muso alayhissalomdan qolgan» deb olib yurgan besh kitobdan iborat Talmud esa, Tavrotning qanday yozilganligi, uni saqlash haqida ahdnoma olinganligi kabi ishlarni hikoya qiladi. Yahudiylarning o‘zlari ta’kidlashlaricha, Tavrot bobilliklar yahudiylarni asir olgan paytlari yo‘qolgan.Bu ham etmagandek, ular kalimalarni o‘z o‘rnidan o‘zgartirganlar. Ya’ni, ba’zi lafzlarning o‘zini, ba’zilarining ma’nolarini o‘zgartirganlar. Yana boshqa birlarini esa, asl ma’nodan boshqa ma’noga burganlar.Avval ham aytilganidek, Tavrot yo‘qolgan. Uning qaerdaligini hech kim bilmaydi. Hozirda yahudiylarning qo‘lida bor narsa «Eski ahd» deb nomlanadi. U esa to‘qson to‘qqizta sifrdan iborat. U uch qismga: Tavrot, Anbiyo va Kitoblarga bo‘linadi.Tavrot Muso alayhissalomning besh kitobidir. Ular: Takviyn, Xuruj, Lovyuun, Adad va Tasniyalar.Anbiyo ikki qismga bo‘linadi. Avvalgilar va oxirgilar.Kitoblar; Mazomiyr, Amsol, Ayyub va boshqalardan iborat. Alloh taolo «Baqara» surasida yahudiylar tomonidan ilohiy kalom buzilganligi xabarini berib qo‘ygan:«Ularning iymon keltirishlarini tama’ qilasizlarmi? Va holbuki, ulardan bir guruhlari Allohning kalomini eshitar edilar va so‘ngra uni tushunganlaridan keyin, bilib turib, buzar edilar» (75-oyat).Bu oyati karimada musulmonlarga qilinayotgan xitobdan o‘sha paytda ba’zi ixlosli mo‘minlar, yahudiylar iymonga kelib qolsalar kerak, degan orzuda bo‘lganlarini ko‘rsatadi. Albatta, ularning bundoq tama’ qilishlariga asos bor edi. Ular bilan Madinada birga yashab kelayotgan yahudiylar, ilohiy kitobga ega xalq sifatida, yaqinda oxirzamon Payg‘ambari chiqishi, ular ul Payg‘ambarga birinchi bo‘lib iymon keltirishlari haqida tinmay gapirar edilar. Arablarning ko‘plari yahudiylardan vasfini eshitgan payg‘ambar – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishlari bilan iymonga keldilar. Endi esa yahudiylarning o‘zlari ham iymonga kelishini tama’ qilishayotgan edilar. Alloh taolo oyatning avvalida ularning mazkur holatlarini vasf etib:«Ularning iymon keltirishlarini tama’ qilasizlarmi?» demoqda. Ya’ni, Ey, musulmonlar, sizlar, yahudiylarning iymon keltirib, mo‘min-musulmon bo‘lishlaridan umidvor bo‘lyapsizlarmi?Agar sizlarda shundoq umidvorlik haqiqatda bo‘lsa, bilib qo‘yingki, ish siz o‘ylagandek emas, hol boshqacha.«Va holbuki, ulardan bir guruhlari Allohning kalomini eshitar edilar va so‘ngra uni tushunganlaridan keyin, bilib turib, buzar edilar».Bunday odamlarning iymon keltirishlariga umid qilib bo‘lmaydi. Chunki iymon o‘ziga yarasha poklik, musaffolik, nurni qabul qilib olishga iste’dod talab qiladi. Ammo yahudiylarda bu narsaga yaqinlik hech sezilmayapti. Ularning eng yaxshi vakillari bo‘lmish diniy olimlariki Allohning kalomini eshitib, uni tushunib etgandan so‘ng, bilib turib buzsalar, qolganlari nima ham qilar edi.Tavrot buzilganligini boshqa din vakillari ham, hozirgi zamon ilmi ham tasdiqlagan. Mashhur fransuz tabibi Moris Bukay o‘zining dunyoga dong‘i ketgan kitobi «Tavrot, Injil, Qur’on va ilm»da jumladan Tavrotning odamlar tomonidan buzilganligi haqida quyidagilarni yozadi:«Mana shulardan «Eski ahd»ga inson o‘zidan qo‘shgan narsalar qanchalar katta hajmda ekani bilib olinadi. Bu bilan o‘quvchi ko‘chirishlar va tarjimalar asnosida «Eski ahd»ga nimalar etganini bilib olishi oson. Mazkur tuzatishlar ikki ming yil davom etgan.Takviyn sifrida hozirgi zamon ilmiga nisbatan eng ko‘p qarama - qarshiliklar to‘plangan. Biz ulardan uchtasini aytib o‘tamiz.1. Olamning yaratilishi va uning bosqichlari.2. Olamning yaratilishi tarixi va insonning er yuzida paydo bo‘lishi tarixi.3. To‘fon rivoyati».Men yahudiylar ibodatxonasida o‘n sakkiz yil ravvin bo‘lib ishlagan janob bilan ularning ibodatxonasi ichida ko‘pchilikning guvohligida bahs olib bordim. Janob ravvin bizga o‘zlari o‘qiydigan Tavrotni olib kelib ko‘rsatdi. Keyin iltimosimga binoan to‘g‘ri kelgan bir oyatni o‘qib, tarjima qilib berdi. Unda «Alloh Musoga Bani Isroilning tadbirini ko‘rib, ishini to‘g‘rila, dedi» degan ma’no bor edi.So‘ngra oramizda quyidagi savol - javob bo‘lib o‘tdi. Men so‘radim. Ravvin janoblari javob berdi.– Qo‘lingizdagi Muso alayhissalomga nozil bo‘lgan Tavrotning o‘zimi?– Yo‘q. Musoga Alloh matnni o‘z qo‘li bilan tosh lavhalarning ikki tarafiga yozib bergan.– Unda Tavrotning asl nusxasi ko‘p turmagan ekan-da?– Yarim kun turgan. Muso Xudoning oldidan qaytib kelganda Bani Isroilning oltin buzoqqa ibodat qilayotganini ko‘rib, qo‘lidagi toshlarni erga urib sindirgan.– Keyin nima bo‘lgan?– Muso Xudoning oldiga yana qaytib borganda, toshning bir tarafiga yozib bergan va uni olib kelib sandiqqa solib qo‘ygan.– Sizning qo‘lingizdagi Tavrot o‘shandan ko‘chirilgan nusxami?– Yo‘q. Bu boshqa narsa. Bu Musodan ikki ming yil keyin yozilgan nusxa.– Ungacha nima bo‘lgan?– Ungacha Musoning davrida yozilgan nusxa bo‘lgan. U yo‘qolgandan keyin. Buni xuddi o‘shanga o‘xshatib yozilgan.– O‘sha dastlabki nusxadan tarjimami bu?– Yo‘q. Til bir. Ammo harflar boshqa. Shundoq bo‘lsa ham ma’nosi saqlanib qolgan.– Qo‘lingizdagi Tavrotning o‘zimi yoki boshqa narsa ham bormi?– Tavrotning o‘zi. Beshta kitobdan iborat.– Shuncha narsani toshga yozib, sandiqqa solib qo‘ysa bo‘ladimi?– Mumkin emas.– Xudo qo‘li bilan toshga yozib berganda Muso alayhissalom sandiqqa solib qo‘ygan ekanlar-u?– Yo‘q. Toshga yozilgan narsa nimaligini birov bilmaydi.– Unda Tavrot qani?– Tavrotni Muso o‘zi yozgan. Xudo unga yozishni buyurgan. U o‘z o‘limini ham yozgan.– Qandoq qilib o‘zining o‘limini o‘zi yozish mumkin?– Xudo amr qilgan, so‘ngra bo‘lgan.– Siz bizga o‘qib tarjima qilib bergan matnda «Alloh Musoga Bani Isroilning tadbirini ko‘rib, ishini to‘g‘rila, dedi» degan ma’no bor edi. Muso alayhissalom o‘zlari haqida o‘zlari shunday yozishlari mumkinmi?– Bu buyuk savol. Unga Tavrotni sharh qilganlar ham javob topa olmaganlar».Bu suhbatga izoh berishni lozim topmadim. Muhtaram o‘quvchining o‘zi xulosa chiqarib olar degan umiddaman. Injil.Alloh taolo Iyso alayhissalomga «Injil»ni nozil qilgan. Injil yunoncha lafz bo‘lib, «bashorat» ma’nosini bildiradi.Iyso alayhissalom o‘ttiz yoshga etganlarida u zotni Alloh taolo payg‘ambar qilib yubordi.Biz musulmonlar Alloh taolo Iyso alayhissalomga «Injil» nomli kitob nozil qilganiga iymon keltiramiz. Busiz iymonimiz butun bo‘lmaydi.Lekin o‘sha ilohiy kitobning asli hozir yo‘q. Chunki Iyso alayhissalomning vaqtlarida injil kitob shaklida bo‘lmagan. Hech kim hech narsani yozmagan. U zotdan keyin ba’zi kishilar o‘zlari kitob yozib, mana shu injil, menga vahiy qilindi. Men yozib oldim, deb chiqdilar. Asta-sekin injil «vahiy qilinganlar» ko‘payib boraverdi. Oxiri borib ularning soni ko‘payib ketdi. Ularning har biri o‘zining injili haq ekanini da’vo qilar edi. Orada gap-so‘z, oldi-qochdi ko‘payib, ixtiloflar kuchaydi.Shunda imperator Konstantin 325 melodiy sanada Niqiyada (Ni’ea) katta majlis chaqirdi. Bu majlisda ikki ming qirq sakkizta patriarx va mitropolit qatnashdi. So‘ngra turli jamoalardan ikki mingdan ortiq ruhoniy o‘nlab injillarni ko‘tarib keldilar. Imperator majlis ahli oldiga mavjud injillardan eng ishonchlisini tanlab olish vazifasini qo‘ydi. Ular uzoq talashib-tortishganlaridan keyin to‘rt dona injilni tanladilar. Hozirda nasorolar e’tiqod va amal qiladigan injillar ana o‘sha to‘rt injildir.1. Mutto injili.Bu injil eng qadimgi injil hisoblanadi. U Iyso alayhissalomdan to‘rt yil keyin yozilgan. U ibroniy tilda yozilgan edi. Ammo o‘sha asl nusxa ham yo‘q. Hozirgisi esa o‘shaning tarjimasi. Lekin tarjimon ham, u qaysi matndan tarjima qilgani ham hozirgacha ma’lum emas.Buning ustiga bu injilning muallifi Mutto Iyso alayhissalomning havoriylaridan emasdi. Keyinroq uni xoin Yahuzoning o‘rniga saylashgan edilar.Ana shundoq tarixga ega yozuvni muqaddas kitob emas, oddiy ishonchli kitob, deb bo‘ladimi?2. Markos injili.Bu injil yunon tilida Iyso alayhissalomdan yigirma uch yil keyin yozilgani aniq. Ammo uni kim yozgani noaniq. Ba’zi nasorolar, uni Pyotr yozgan, deydilar. Boshqalari esa uni Pyotrning o‘limidan keyin Markos yozgan, deydilar.Bu injilni nima deyish mumkin? Yigirma uch yildan so‘ng Masiyh alayhissalom gapirmagan tilda yozilgan, kim yozgani aniqmas kitob, muqaddas kitob bo‘la oladimi?3. Luka injili.Bu kitob Masiyh alayhissalomdan yigirma yil keyin yozilgan. Luka u zotning shogirdlaridan emas. U Polning shogirdi. Uning ustozi ham Iyso alayhissalomni ko‘rgan emas. Buning ustiga Pol nasorolikka dushman bo‘lgan yahudiylardan ekan. Shuning uchun hiyla bilan nasorolikka qarshi ko‘p buzg‘unchiliklar qilgan ekan.Bundoq kitobni muqaddas kitob, deyish mumkinmi?4. Yuhanno injili.Bu injil Iyso alayhissalomdan o‘ttiz ikki yil keyin yozilgan. Ba’zi nasoro toifalari uni Iyso alayhissalomning shogirdlaridan biri Yuhanno ibn Zabdiy yozgan, deydilar.Besh yuzta taniqli nasoro olimlari ishtirokida yozilgan Britaniya ensiklopediyasi bu kitobni, qalbaki degan ekan. Izohning hojati bo‘lmasa kerak.Ahli kitoblar o‘zlariga berilgan ilohiy kitoblarni buzganlari haqida ko‘p hadisi shariflar bor. Ulardan faqat bittasini keltiramiz.Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«U kishi aytdi:«Qandoq qilib ahli kitobdan bir narsani so‘raysizlar? Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan kitobingiz yap-yangi, uni sof va bir narsa arlashmagan holda o‘qib turibsiz. Batahqiq, u sizga ahli kitob Allohning kitobini almashtirganini, o‘zgartirganini, qo‘llari bilan yozganini va uni arzon bahoga sotish uchun: «Bu Allohning huzuridan», deganlarini aytib turibdi. Sizlarga kelgan ilm ulardan so‘rashdan qaytarmaydimi? Yo‘q! Allohga qasamki, ulardan biror kishining sizga nozil bo‘lgan narsadan so‘raganini ko‘rmadik», dedi».Buxoriy rivoyat qilgan.Siz namozxon va taqvodor deb atagan odam ham sizga o‘xshab ilmsiz ekan. Ilsmsiz odam ba’zi tarjima kitoblar asosida biror masala haqida hukm chiqarishga haqqi yo‘q. Ikkingiz ham tavba qilmog‘ingiz va bunday keyin bu kabi gaplardan tiyilmog‘ingiz lozim.Chunki siz ikkingiz Qur’onga, Sunnatga va musulmon ummatining o‘n besh asrlik ijmo’iga qarshi gapni aytmoqdasizlar. Alloh O‘zi bunday ishdan asrasin!

21 Апрел 2022, 07:42 | Савол-жавоблар | 226 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar