Ishroq va zuho namozlari haqida

Assalomu alaykum! Qilayotgan savobli ishlaringizni Alloh ilgari qilsin. Izlash xizmatidan savolimga javob topa olmadim. Ishroq namozi kunning qaysi vaqtida o‘qiladi va zuho namozidan qanday farq qiladi? Alloh rozi bo‘lsin, oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! ShURUQ (IShROQ) NAMOZI Muoz ibn Anas al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to choshgoh namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi», deganlar»Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziyning lafzida:«Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo‘lur. To‘liq, to‘liq, to‘liq», deyilgan. Ushbu rivoyatda vasf qilinayotgan namoz «Salotush-shuruq» (Ishroq namozi) deyiladi. «Shuruq» degani esa quyosh chiqishini bildiradi. Shuruq choshgoh namozining eng avvalgi vaqtidagi namozdir. ZUHO (ChOShGOH) NAMOZIAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim choshgoh namozini bardavom o‘qisa, uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi», dedilar» Imom Termiziy rivoyat qilgan. Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda kirib (ya’ni quyosh chiqqandan taqriban yarim soat keyin), zavolga bir soat qolguncha davom etadi. Bu «dahvatul kubro», ya’ni katta tong, deyiladi. Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qiladi, eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlar. Uning eng afzal vaqti nahorning to‘rtdan biri o‘tgandan keyindir. "Mo‘minning me’roji" kitobidan. Vallohu a’lam.

21 Апрел 2022, 10:05 | Савол-жавоблар | 993 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar