Islomni qabul qilmasa

Assalomu alaykum! Hurmatli Ustozlar, avvalgi tushunmagan savollarimga javob berganingiz uchun katta rahmat. Yana bir tushunmagan savolim bor. Xato qilmaslik uchun sizlarga yuzlanaman. Bir do‘stim bor, u rus dini esa xristian. Unga islomni qabul qilishi kerakligini tushuntirib unga tushuncha beryapman. Uning savoli shuki, agar Islomni qabul qilish kerakligini bilaturib qabul qilmasa jannatga kira oladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: وَالَّذِي نَفْسُ مَحَمَّدٍ بِيَدِهِ لَا يَسْمَعُ بِي أَحَدُ مِنْ هَذِهِ الْأُمَّةِ يَهُودِيٌّ وَلَا نَصْرَانِيٌّ ثُمَّ يَمُوتُ وَلَمْ يَؤْمِنْ بِالَّذِي أُرْسِلْتُ بِهِ إِلَّا كَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّارِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Muhammadning joni Uning qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, ushbu ummatdan birortasi – yahudiysimi, nasroniysimi, mening haqimda eshitsayu, so‘ngra menga yuborilgan narsaga iymon keltirmay o‘lib ketsa, albatta, do‘zax egalaridan bo‘ladi», dedilar».Muslim rivoyat qilgan.Sharh: Muallif rahmatullohi alayhining bu hadisni Alloh faqat Islom dininigina qabul qilishi haqidagi faslda keltirishlarining sababi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisni «Muhammadning joni Uning qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki» deb, Alloh taolo bilan qasam ichib, boshlamoqdalar. Shuning o‘zi hadisda keladigan gap o‘ta ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oddiy narsalarga Alloh taolo bilan qasam ichmaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «ushbu ummatdan» degan iboralarini tushunishimiz uchun bir oz izoh lozim bo‘ladi. «Ummat» Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ikkiga bo‘linadi. Birinchisi – umumiy ma’nodagi ummat. Bu ummat «Ummati da’vat», ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning da’vatlari qaratilgan ummat deyiladi. Bu ummat er yuzining barcha aholisidir, chunki Muhammad sollallohu alayhi vasallamning da’vatlari er yuzining barcha aholisiga qaratilgan. Ikkinchisi – xos ma’nodagi ummat. Bu ummat «Ummati ijobat», ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning da’vatlariga ijobat qilgan, dinlarini qabul qilgan ummat, deyiladi. Bular er yuzidagi barcha musulmonlardir. Ushbu hadisi sharifda gap «Ummati da’vat» – butun er yuzi aholisi haqida ketmoqda. Demak, er yuzida kim Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida, u kishining dinlari haqida eshitsa, unga Muhammad sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirib, Islom diniga kirish lozim bo‘ladi. Agar kirmasa, kofir bo‘ladi, do‘zaxga tushadi. Hadisda «yahudiysimi, nasroniysimi» deb, ikki dinga mansub bo‘lgan qavmlar alohida zikr qilinishining ham sababi bor. Ushbu hadis aytilgan paytda yahudiylik va nasroniylik er yuzidagi ilohiy ta’limot asosidagi dinlar edi. Alloh taolo ularning qavmiga Muso va Iyso alayhissalomlarni payg‘ambar qilib yuborgan, Tavrot va Injil kitoblarini tushirgan edi. Bu qavmlar ahli kitob deb ataladi. Ularga alohida munosabatda bo‘linadi, chunki ularning er yuzidagi boshqa din ahllaridan farqi bor. Boshqa dinlarning ilohiy, samoviy din ekanligi ma’lum emas. Alloh taolo ularga payg‘ambar yuborgani, kitob tushirgani ham aniq emas. Modomiki yahudiy va nasroniy qavmlar Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida eshitganlarida iymon keltirishlari lozim ekan, dinlarining samoviy ekanligi ma’lum bo‘lmagan, umuman dini yo‘q yoki soxta dinlarga e’tiqod qilib yurganlarning iymon keltirishi lozimligi turgan gap. Yahudiy dini samoviy din bo‘lgan. Alloh taolo Muso va Horun alayhissalomlarni bu dinning payg‘ambarlari qilib yuborgan. Tavrotni o‘sha dinning muqaddas kitobi qilib tushirgan. Shu bilan birga, bu din vaqtinchalik ekanligini, keyin yana boshqa din kelishini aytgan. Nihoyat, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Islom dini bilan kelishlari haqida ham bashorat bergan. Alloh taolo Iyso alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborib, u zotga Injilni tushirishi bilan yahudiy dini va Tavrot kitobi amaldan qoldi. Ammo bu dindan foyda olib turgan boshliqlar bu haqiqatni e’tirof qilmadilar. Iyso alayhissalomga iymon keltirish o‘rniga u zotga dushmanlik qildilar, «Tavrotda bashorati berilgan payg‘ambar bu emas, boshqa», dedilar. Iyso alayhissalomga iymon keltirib, masiyhiy, ya’ni nasroniy bo‘lganlar u kishining shariatlariga, Injilga amal qilib yurdilar. Vaqt o‘tishi bilan dinni va Injilni buzsalar ham, baribir o‘zlarini «Nasroniy» deb, «Injil ahli» deb yurdilar. Alloh taolo ularga ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Islom dini bilan kelishlari haqida bashorat bergan edi. Bu haqda alohida kitoblar ham yozilgan. Kezi kelganda, Alloh xohlasa, bu to‘g‘rida batafsil gapiramiz. Vaqti-soati kelgach, Alloh taolo O‘zining haq va’dasiga vafo qilib, O‘zi bashorat bergan so‘nggi Rasuli – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni oxirgi va mukammal din – Islom dini ila butun bashariyatga payg‘ambar etib yubordi. Nasroniy dini ham, Injil ham amaldan qoldi. O‘zini bilgan yahudiy va nasroniylar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning xabarlarini eshitishlari bilan u zotga iymon keltirib, musulmon bo‘ldilar. Ko‘pchilik esa yana noto‘g‘ri ta’vilga o‘tib, «Tavrot va Injilda bashorati berilgan payg‘ambar boshqa» deb, iymon keltirmadi. Demak, Islomning olamiyligi va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning er yuzining barcha aholisiga payg‘ambarliklarining ma’nosi shu. Shuning uchun ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda: «Ushbu ummatdan birortasi – yahudiysimi, nasroniysimi mening haqimda eshitsayu, so‘ngra menga yuborilgan narsaga iymon keltirmay o‘lib ketsa, albatta, do‘zax egalaridan bo‘ladi», dedilar. Shunga binoan er yuzi aholisidan kimga Islom chaqirig‘i etsa, musulmon bo‘lmog‘i lozim. Islomni qabul qilmasa, kofir bo‘ladi va do‘zaxga tushadi. Islom chaqirig‘i etmagan kishilar esa «fitrat ahli» deyiladi. Chaqiriq etmagani uchun ularni kofir deb hukm chiqarilmaydi, do‘zaxga tushishlari haqida ham hukm qilinmaydi. Ular fitrat ahli deb nomlanadilar va qiyomatda boshqa jonzotlar qatori tuproqqa qorishib ketadilar. Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, bizlarni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati ijobatidan bo‘lishga muyassar qildi. Yurtlarimizni qadimdan Islom nuri ila munavvar ayladi. Xalqlarimizni chin muxlis musulmonlardan qilib, Islom uchun xizmat qilgan mashhur xalqlardan qildi. Xalqimizdan chiqqan ulamolarni Islom olamining peshqadam ulamolaridan qildi. Ushbu kitobda hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislarini o‘rganar ekanmiz, deyarli har bir hadisda Buxoriy, Nasaiy, Termiziy kabi imomlarimizning xizmatlari borligiga guvoh bo‘lib, faxrlanib turibmiz. Ushbu hadisdan olinadigan foydalarni takrorlashning hojati yo‘q. Faqat o‘rganish, tushunib etish va ularga amal qilishimiz kerak. Biz haq yo‘lda, haq dinda ekanligimizni anglab etishimiz va bu haqiqatni bilganimizcha boshqa kishilarga ham anglatishimiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 10:05 | Савол-жавоблар | 167 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar