Ikkinchi ayolga uylanishda birinchi ayoli va ota-onaning roziligi muhimmi?

Assalomu alaykum! Bilamizki dinimizda ko‘p xotinlikka ruxsat berilgan va buning o‘ziga xos shartlari bor. Ayollarining o‘rtasida adolatli bo‘lish kabi misol uchun ikkinchi xotinni olishdan oldin birinchi xotini va ota-onasining roziligini olish muhimmi yoki ulardan berkitib ikkinchi nikoh o‘qittirib, berkitib yashab yursa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu savol ham bir kunda bir necha marotabadan takrorlanadigan savollardan. Aslida savolni qurilishi buzuq, noto‘g‘ri. Bu erda erkak kishilar o‘zining shahvoniy hojati uchun boshqa, ya’ni o‘zining xotinini ustiga xotin olish maqsadida va uni birovdan yashirish, bildirmaslik maqsadida tug‘ilgan savol hisoblanadi. Buning o‘rniga "islomda ko‘p xotinlikka ikkita ayolga uylanishga qo‘yilgan shartlar nima?" deb so‘ralsa yaxshi bo‘lar edi. Hozirgi kunda mana shu masalani dinda bor ekan ruxsat berilgan ekan, sunnat ekan, shuning uchun qilayapmiz degan pesh gaplarni gapiriladi, bahonalarni topiladi. Lekin, dindagi ruhsatni shartlari nima, din qaysi holatlarda ruxsat bergan, nima uchun ruxsat bergan, bu ma’nolarni birov so‘rashga botinmaydi ham, "so‘rasam elkamga yangi vazifa tushib qoladi" degan ma’noda bunday savollardan qochishadi. Balki birinchi xotin bilmasa, ota-onam bilmasa nima bo‘ladi ma’nodagi savollarni beraveradi. Islomda birdan ortiq ayolga uylanish uchun asosiy shartlardan biri-adolat. Ya’ni, birdan ortiq xotinning orasida adolat o‘rnatish asosiy shart hisoblanadi. Ikkita xotini bor odam hamma jihatdan ikkovi xotinga teng qarashi kerak. Uy joy masalasida, kiyim-kechak masalasida, oziq-ovqat masalasida, dam olish, davolanish va qo‘yinki oilada bo‘ladigan har bir sarf-xarajat, muomala ma’nolarida teng qarashi kerak. Shuningdek, kechasi bir kun bittasi bilan, ikkinchi kun boshqasi bilan birga yotishni ham ta’minlashi kerak. Ana shu asosiy shart hisoblanadi. Alloh taolo Qur’onda: “Agar adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bitta bilan kifoyalaning” degan. Adolat esa haligi holat bo‘ladi. Mana shu holatni, mana shu shartni har bir odam yaxshi bilishi kerak. Hozirgi voqeligimizga qaraydigan bo‘lsak, adolat masalasida amal qilayotgan kishini ko‘rishimiz mahol ish, juda kam, nihoyatda oz bo‘lishi mumkin. Shaxsan men va meni atrofimdagi kishilar hali ko‘rib "shu narsa haqiqatdan shariatda kelgan adolatni yuritilyotganligiga guvohmiz" deydigan holatimiz yo‘q. Ko‘pchilik xotinni ikkita qilib oladi, katta xotin kuchliroq, zabardastroq bo‘lsa, qo‘rqqanidan undan kichigini umuman bildirmaydi. Qachon bir qochib berkinib imkonini topganda oldiga kirib chiqadi. Aksincha, katta xotin yovoshroq bo‘lsa, soddaroq bo‘lsa, uni umuman tashlab bola-chaqasi bilan ikkinchi yosh xotinga o‘tadi, o‘sha bilan yuradi. Buni umuman odam o‘rnida ko‘radigan(ko‘rmaydigan) holatlari tez-tez uchraydi. Mana shu narsalarga e’tiborni berishimiz kerak. Endi, savolni o‘ziga, agar noto‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lsa ham o‘ziga qaytadigan bo‘lsak, nikohni nikoh bo‘lishi uchun uchta farz bor. Uning bittasi mahr, ya’ni er bo‘layotgan kishi, xotin bo‘lishga rozi bo‘layotgan ayolga, qizga mahr berishi farz. Ikkinchisi, eng kamida ikki er kishi yoki bir er ikki xotin kishi guvoh bo‘lishi shart. Uchinchisi ijob va qabul: er-xotin bo‘layotgan kishilar bir-biriga shu nikoh qurib, ya’ni oila qurish niyatlarida o‘z roziliklarini bayon etishlari kerak, bir-birlari eshitishlari va guvohlari ham eshitishlari lozim. Mana uch narsa farz ado bo‘lsa nikoh bo‘ladi. Endi guvohlarga "meni uylanganimni birovga aytma" deb shart qo‘ysa, ulamolar ixtilof qilgan: "bu sir nikohga aylanib qoladi, bunda nikohi to‘g‘ri bo‘lmaydi" degan gaplarni aytganlari ham bor, "yo‘q guvoh bo‘ldimi, ana shu bilan ish bitdi" degan ulamolar ham bor.  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohQuyidagi hukm 2-3-4-xotinlarga ham tegishli.
Kishilarning turli holatlariga qarab, nikohda bo‘lishlari hukmi ham turlicha bo‘ladi.
1. Farz-vojib.
Agar bir inson nikohli bo‘lmasa, zinoga borishiga ishonib etsa va nikohga ketadigan sarf-xarajatga ega bo‘lgach, nikohdagi sherigiga zulm qilmasdan, haqqini ado etishiga ishonsa, bunday odamga nikoh farz-vojib bo‘ladi. Chunki musulmon kishining o‘z iffatini saqlashi, harom ishdan tiyilishi vojibdir.
Islom shariatida «vojib narsani ado etish uchun kerak bo‘lgan narsani qilish ham vojibdir» degan qoida bor. Bu erda ana shu qoidaga amal qilinadi.
Kishi o‘z iffatini saqlashi, harom ishga bormasligi vojib. O‘sha vojibni qilish uchun nikoh – uylanish lozim. Demak, u odam uchun uylanish – oila qurish vojib bo‘ladi.
2. Harom.
Agar bir inson nikohlanib, o‘zining nikohidagi sherigiga zulm qilishi va zarar etkazishiga ishonib etsa, bunday odam uchun oila qurish harom bo‘ladi.
Bu holatda Islom shariatining «haromga olib boruvchi narsa ham haromdir» degan qoidasi ishga tushadi. Birovga zulm qilish, zarar etkazish – harom. O‘sha zulm va zarardan iborat harom ish nikoh tufayli sodir bo‘lishi aniq bo‘lganligi uchun, bu holatda unga olib boradigan yo‘l – nikoh ham harom bo‘ladi.
3. Makruh.
Agar bir inson nikohlansa, o‘zining nikohdagi sherigi – jufti haloliga nisbatan zulm va zarar kelishidan qo‘rqsa, ammo to‘liq ishonmasa, bunday odam uchun nikoh makruhdir.
4. Sunnati muakkada.
Mo‘’tadil inson uchun, zinodan qo‘rqmaydigan, oila qursa, jufti haloliga zulm qilishdan, zarar etkazishdan ham qo‘rqmaydigan kishi uchun oila qurish sunnati muakkadadir.
Oyat va hadislarning ko‘pchiligida bayon etilgan, hukmi aytilgan holat kishilar orasida ommaviy suratda uchraydigan mana shu holatdir.
Nikohning, oilali bo‘lishning sunnati muakkada ekaniga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylanganlari va nikohda bardavom bo‘lganlari, sahobai kiromlar va keyingi avlodlarning uni mahkam ushlaganlari dalildir. Hanafiylar: «Bu sunnati muakkada vojibga teng», deydilar.
Kim bu ishni qilmasa, tarki sunnat qilgan hisoblanadi.
5. Muboh.
Uylanishga rag‘bat qildiruvchi narsalar ham, undan man qiluvchi narsalar ham bo‘lmagan holda nikoh muboh bo‘ladi.
Ushbu zikr qilingan narsalardan nikoh – oila qurish dinimiz targ‘ib qilgan ibodat ekanini bilib oldik. Erdir, ayoldir – har bir musulmon oila qurishdek mas’uliyatli ishdan chetda tura olmaydi. Ammo, bu ishga kirishishdan oldin har bir inson oila nima ekanini, u nima uchun va qaysi asosda qurilishini yaxshi bilib olmog‘i kerak. ("Baxtiyor oila" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 11:24 | Савол-жавоблар | 540 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar