Lut payg‘ambar o‘z qizi bilan zino qilganmi?

Emishki, "Lut as qavmlariga Allohning g‘azabi kelganida u kishining o‘zi va qizlari tirik qoladilar va bir tepalikda yashashni davom ettiradilar. Naslni davom ettirish uchun biron erkak qolmaganligi tufayli, Lut as ning qizlari u kishiga may ichirib, yaqinlik qiladilar va shunday qilib nasl saqlanib qoladi". Bu holat Islom shariatida qanday baholanadi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bu gapga o‘xshash gaplar Payg‘ambarlar sha’niga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan holdir. Avvalo, bu rivoyatlar Islom dushmanlari tomonidan to‘qilib, yomon g‘araz bilan kiritilganligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. E’timodli ulamolar mazkur rivoyatlarning hech biri anbiyolarga tegishli bo‘lishi aslo mumkin emasligini isbot qilganlar.  
Endi o‘shanga o‘xsha rivoyatlarning ma’nosiga kelsak, ular diniy ta’limotlariga mutlaqo teskaridir. Payg‘ambarlar ma’sumdirlar. Ya’ni, xato, gunoh qilishdan ularni Allohning O‘zi saqlagandir. Yo‘qsa, Payg‘ambar bo‘lishlari mumkin emas.
Biz Payg‘ambar alayhimussalomlarning ma’sumligini, gunoh qilishdan saqlanganlarini doimo esda tutishimiz lozim.  
Shuning uchun ham, barcha xalqlar qadimdan payg‘ambarlarning hayotlari va ularning qissalarini o‘rganishga alohida e’tibor berib kelganlar. Ammo ularning bu boradagi urinishlariga ba’zida turli noaniqliklar, ba’zida esa, ming afsuslar bo‘lsinkim, noto‘g‘ri ma’lumotlar va bo‘htonlar ham aralashib ketgan. Kishilarning o‘zlariga qolgan ishlar doimo shundoq bo‘ladi. Insoniyatning tabiati buzilgan paytda bunga o‘xshash ishlarni ham buzib yuboradi. O‘tgan ummatlar ham o‘zlarining tabiatlari buzilib, ilohiy ta’limotlardan uzoqlashgan paytlarida hatto samoviy kitoblarni ham buzishgacha borib etganlar. Bunga Tavrot bilan Injil ahli yorqin misol. Ular bu ikki ilohiy kitobni tahrif (o‘zgartirish) qilganlar, binobarin, ularga o‘zlaridan turli narsalarni qo‘shib yuborganlar. Jumladan, Allohning payg‘ambarlari qissalariga ham o‘zlaridan qo‘shganlar.  
Ularning bu xatokorliklari oqibatida eng sof va pok hayotiy yo‘lning sohiblari bo‘lmish pay¬g‘ambarlarning ma’sumliklariga futur etgan va ularga o‘zlariga mutlaqo munosib bo‘lmagan narsalar nisbat berilgan.
Siz keltirgan gaplar ham o‘sha mutlaqo munosib bo‘lmagan narsalar qotoriga kiradi. Qanday qilib payg‘ambar o‘z qizi bilan zino qilishi mumkin? ? ?  
Allohning abadiy mo‘’jizasi Qur’oni Karim kelib bu xatolarning barchasini tuzatdi. Payg‘ambarlarni hamma bo‘hton va tuhmatlardan pok¬ladi. Ularni o‘zlariga yarasha taqdirladi. Shu bilan birga, payg‘ambarlarga mos bo‘lmagan nisbat berish, ba’zida ilohlik da’vosini qilish kabi manfur ishlardan ham pokladi.
Allohning oxirgi payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida anbiyo va rasullar haqidagi oyati karimalarni sharh¬ladilar va o‘zlaridan qo‘shimcha bayonotlar kiritdilar.
Shundoq qilib, Qur’oni Karim va Sunnati nabaviya payg‘ambarlar qissalarining eng ishonch¬li va sof manbaiga aylanib qoldi. Bu ikki pok manba o‘tgan ahli kitoblarning bu boradagi xatolarini ham tuzatdi. Avvalgi samoviy kitob-larga g‘arazgo‘ylar tomonidan kiritilgan buzilishlarni ham tuzatish imkoni vujudga keldi.
Ulamolarimiz bu ishlarni sharaf bilan o‘rniga qo‘yganlar. Ammo ming afsuslar bo‘lsin, siz aytgan qo‘llanmalarning mualliflari ulardan emas, buzuq manba’lardan foydalanibdilar. Bu juda ham afsuslanarli holat.

21 Апрел 2022, 11:59 | Савол-жавоблар | 181 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar