Nomozga mahkam bo‘lish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar Alloh yo‘lida qilayotgan xayrli ishlaringizni Allohim mukofotlasin. Inson har doim nomoz va boshqa ibodatlarni dangasalik qilmay, xushu’-xuzu’ bilan o‘z vaqtida bajarib yurishligi uchun nimalarga e’tibor qaratish va qaysi zikrlarni ko‘proq aytib yurishi kerak? Savolda kamchilik xatolar bo‘lsa oldindan uzr. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! - NAMOZDA QALB HOZIRLIGI
Namozda qiroat, zikr, munojot va boshqa amallar bor. Agar qalb hozirligi bo‘lmasa, qiroat, zikr va munojotlardan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, qalb hozirligi namozning hayoti va ichki odoblaridan biri sanaladi.
«Qalb hozirligi» deganda qalbning mashg‘ul bo‘lib turgan narsasidan o‘zgalaridan forig‘ bo‘lishi anglanadi. Namoz o‘qib turgan kishining qalbida namozdan boshqa narsa bo‘lmasa, qalbi hozir bo‘lgan bo‘ladi.
Qalbning hozir bo‘lishi himmatga bog‘liqdir. Kishi biror ishni muhim deb bilsa va unga kerakli ahamiyat bersa, qalbi o‘sha ish uchun hozir bo‘ladi. Namozda qalb hozir bo‘lishi uchun barcha ahamiyat va himmatni namozga qaratish lozim bo‘ladi. Oxiratga iymonning kuchli yoki kuchsizligiga qarab, himmat ham kuchli yoki kuchsiz bo‘ladi. Namozda qalbi hozir bo‘lmagan odam iymoni kuchsizligini bilsin va uni kuchaytirish harakatida bo‘lsin.
NAMOZDA QALB HOZIR BO‘LISh OMILLARI
1. Talaffuz qilinayotgan kalomni fahmlash qalb hozir bo‘lishiga xizmat qiladigan omillardan biridir. Arab tilini bilmaydiganlar mahnolarini o‘zlashtirib olishlari lozim. Unga ham qodir bo‘lmaganlari, eng oz deganda, umumiy mahnoni bilib, talaffuz qilinayotgan narsaning nima ekanini imkoni boricha bilib tursalar, yaxshi bo‘ladi. Buning uchun zehnni jamlab, xayolni olib qochadigan narsalardan uzilish kerak bo‘ladi.
Xayolni olib qochadigan narsalar tashqi va ichkiga bo‘linadi.
Tashqisi quloq va ko‘zni mashg‘ul qiladigan narsalardir. Bu narsalardan uzilish qiblaga yaqin turish, sajda qiladigan eriga nazar solib turish, naq¬shinkor joylardan chetlanish va xayolini olib qochadigan narsalarni yo‘qotish bilan hosil bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam alomatlari bor xomiysada namoz o‘qidilar va: «Buning belgilari meni mashg‘ul qilib qo‘ydi. Uni Abu Jahmga olib borib beringlar va menga uning anbijoniyyatini olib kelinglar», – dedilar».
Uchovlari rivoyat qilishgan.
Xayolni olib qochadigan ichki narsalar tashqilaridan ko‘ra kuchli bo‘ladi. Bu narsa, ko‘pincha, dunyo¬ning g‘amiga botgan odamlarda bo‘ladi. Bunday odamning fikri bir erda turmaydi. Agar ko‘zini yumib olsa ham, foyda bermaydi.
Bu holatni muolaja qilish uchun qattiq urinish kerak bo‘ladi. Namozga yaxshilab tayyorgarlik ko‘riladi. Barcha mashg‘ul qiladigan ishlarini bitiradi. Qalbining xoliy bo‘lishi uchun harakat qiladi. O‘ziga o‘zi oxiratni eslatadi. Alloh taoloning ko‘rib turganini esga oladi. Namozda dunyo tashvishlaridan birortasini xayoliga keltirmaslikka harakat qiladi.
Omir ibn Abdu Qays rahmatullohi alayhiga: «Namoz paytida nafsing senga bu dunyo ishlaridan birortasini aytadimi?» deyilganda, «Bundan ko‘ra badanimning turli tarafidan nayza kirib, ichimda to‘qnashgani yaxshiroq», deb javob bergan ekan.
Albatta, dunyo muhabbatini qalbdan uzib qo‘yish qiyin ish. Uni butunlay yo‘qotish undan ham qiyin. Ammo, imkoni boricha, namozda dunyo muhabbatidan chetlanishga harakat qilish kerak.
2. Allohning tahzimi va haybati ham qalb hozir bo‘lishiga xizmat qiladigan omillardandir.
Allohning tahzimi U zotni ulug‘lash va azamatini his qilishni o‘rganish ila yuzaga keladi. Shu bilan birga, nafsning hech narsaga arzimasligini bilish bilan ham bo‘ladi. Haybat esa, ulug‘lashdan kelib chiqqan xavfdir. Namozida doimiy ravishda Alloh taoloning azamatini his etib, U zotning haybatini sezib turgan odamning qalbi, albatta, hozir bo‘ladi.
3. Umidvorlik ham qalb hozir bo‘lishiga xizmat qiladigan omillardandir. Odatda, umidvorlik qo‘rquvdan ustun turadigan holat bo‘ladi. Namozxon odam o‘qigan namozining savobidan umidvor bo‘lishi lozim.
NAMOZGA OID AMALLARDA QALB HOZIRLIGI
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, ummatim qiyomat kuni toharatning asaridan peshonalari oppoq va oyoq-qo‘llaridan nur taralib turgan hollarida chaqirilurlar. Bas, sizdan kim o‘z peshonasidagi qashqasini uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin», – dedilar».
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Vaqtiki, musulmon yoki mo‘min banda toharat qilsa, bas, u yuzini yuvganda o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila uning ikki ko‘zining nazari orqali qilgan xatolari yuzidan to‘kiladi. Vaqtiki, ikki qo‘lini yuvsa, o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila uning ikki qo‘li bilan qilgan xatolari to‘kiladi. Vaqtiki, ikki oyog‘ini yuvsa, o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila ikki oyog‘i bilan yurib qilgan xatolari to‘kiladi. Shundoq qilib, u gunohlardan pok bo‘lib chiqadi».
Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Toharat Alloh taoloning musulmon bandalariga ko‘rsatgan ulkan marhamati. Musulmon banda toharat qilayotganda yaxshi niyat bilan Alloh taolodan astoydil tilab, ushbu hadisi sharifni eslagan holda har ahzosini yuvganda: «Iloho, ushbu ahzolardan sodir bo‘lgan gunohlarim to‘kilgan bo‘lsin», deb so‘rasa, inshoalloh, maqsadi hosil bo‘ladi. Chunki, toharat qilish ham avval aytib o‘tilganidek, katta ibodatdir.
Shuning uchun ham, toharat qilayotganda boshqalar bilan gaplashish, shosha-pisha, chala-chulpa toharat qilishlik kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Toharat banda uchun Alloh taolo tomonidan kichik gunohlarini yuvib olish uchun berilgan qulay fursatdir.
Azonni eshitgan odam qiyomat chaqirig‘ini xayoliga keltirsin. O‘shanda nima deb javob berishini o‘ylasin. Mahsharga qay holatda hozir bo‘lishini ko‘z oldiga keltirsin.
Namoz uchun avratini to‘sganda bu bilan xalqdan badanining uyat joylarini to‘sayotganini bilsin va Haqdan ichki sharmandaliklarini va nuqsonlarini qanday to‘sishini o‘ylasin. Ularni faqat tavba – nadomat, hayo va uyat hamda xavfu umidvorlik to‘sishi mumkinligini unutmasin.
Qiblaga yuzlanganida turli taraflarni qo‘yib, yuzini faqat Baytullohga o‘girganini bilsin va qalbini ham barcha narsalardan uzib, yolg‘iz Alloh taoloning O‘ziga bog‘lasin.
Namozxon «Allohu Akbar!» deb takbir aytganda tilini dili tasdiqlasin. O‘sha so‘zni aytganda dilida Alloh taolodan ulkan narsa qolmasin. Agar unday bo‘lmasa, dili tilini tasdiqlamagan bo‘ladi.
Shuningdek, tili bilan «Ahuuzu billaahi»ni aytib, Alloh taolodan panoh tilaganida, dili bilan ham Allohdan panoh so‘ramasa, gapi yolg‘on bo‘ladi.
Namozxon qiroatining mahnosini tushunib borishi juda ham foydalidir. Ayniqsa, «Fotiha»ni o‘qiganda...
Imom Nasaiy mashhur sahobiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyni doimo esda tutish lozim:
«Alloh taolo aytadi: «Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, yarmi Menga, yarmi bandamga va bandamga so‘ragan narsasi.
Agar banda: «Alhamdu lillaahi robbil ahlamiyn» desa, Alloh: «Bandam menga hamd-shukr aytdi», deydi.
Banda: «ar-Rohmanir Rohiym», desa, Alloh: «Bandam menga sano – maqtov aytdi», deydi.
Banda: «Maliki yavmiddiyn», desa, Alloh: «Bandam meni ulug‘ladi», deydi.
Banda: «Iyyaka nahbudu va iyyaka nastahiyn», desa, Alloh: «Bu men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman», deydi.
Agar banda: «Ihdinas-sirotal mustaqiym, sirotallaziyna anhamta alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim va lazzoolliyn», desa, Alloh: «Bu bandamga xos, so‘raganini berdim», deydi».
Salafi solihlardan namozda qiroat mahnosini his etib hushidan ketib yoki hayotni tark etib yiqilganlar bo‘lgan.
Namozxon rukuhda tavozuhni, sajdada xoru zorlikni his etib turishi zarur. Shuningdek, namozdagi tasbih, takbir va barcha duolarni ham chin qalbdan, butun vujud ila his etib o‘qish, mahnolarini uqish va namozdagi mana shu holatlarni hayotda ham saqlab yashashga harakat qilmoq lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va salafi solihlarimiz namozda qalbning hozir bo‘lmasligini ayb sanaganlar.
Ammor ibn Yasir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, bir odam (namozidan) turganda, unga uning o‘ndan biri, to‘qqizdan biri, sakkizdan biri, ettidan biri, oltidan biri, beshdan biri, to‘rtdan biri, uchdan biri yoki yarmigina yozilgan bo‘ladi», – dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifdan namoz bilan namozning farqi borligi, hatto qabul bo‘lgan namozlar orasida ham farq bo‘lishi ko‘rinib turibdi.
Hamma ham namoz o‘qiyveradi, ammo o‘sha namozga Alloh taolo tomonidan beriladigan ajr namozxonning ixlosi va xushuh-xuzuhiga qarab berilar ekan. Xushuh-xuzuhni, ixlosni joyiga qo‘ygan odam namoz uchun belgilangan savobning hammasini olar ekan. Xushuh-xuzuh va ixlos kamaygan sari beriladigan savob ham yarim, uchdan bir, to‘rtdan bir, o‘ndan bir bo‘lib kamayib ketaveradi.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: «Kim namozda turib qasd ila o‘ngida va chapida kim turganini bilsa, namozi namoz emas», degan.
Abdul Vohid ibn Zayd rahmatullohi alayhi shunday deydi: «Ulamolar banda namozidan qanchasini esida saqlasa, shunchasi uniki bo‘lishiga ijmoh qilishgan».
Bahzi muxlis kishilardan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Bir kishi o‘g‘liga: «Masjiddan shom namozini o‘qigan namozxonlarni boshlab kelgin, ularga ehsonimiz bor», debdi. O‘g‘il namozdan keyin masjid darvozasidan chiqayotganlardan imom «Fotiha»dan keyin qaysi surani o‘qiganini so‘rab, to‘g‘ri aytganlarni boshlab kelibdi. Otasi mehmonlar ozligining sababini so‘rasa, «O‘zingiz shom namozini o‘qiganlarni boshlab kel», degan edingiz, menimcha faqat shular o‘qishdi», deb javob beribdi.
Albatta, bu o‘lchovlar taqvo yuzasidan bo‘lgan o‘lchovlardir. Ammo fatvo yuzasidan boshlash takbirini aytganda qalbi hozir bo‘lib, namoz o‘qigan kishining farzi ado bo‘ladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qalb hozirligi namozning ruhidir. Buni hech qachon unutmaslik lozim. Vallohu a’lam. "islom.uz" saytidan to‘plangan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

21 Апрел 2022, 11:59 | Савол-жавоблар | 179 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar