Mavlid haqida

Assalamu alaykum ustozlar! Man yaqinda @andijon_durdonalari degan kanalda ushbu maqolani o‘qib qoldim! bu erda oldin hech qaerda o‘qimagan va eshitmagan gaplar bor ekan. Shunga oydinlik kiritib bersangizlar. U kanalda quyidagicha kelgan ekan: Mavludi sharif xosiyatlari Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyollohu anhu aytdilar:
«Kim-ki mavlid uqitish uchun bir tanga exson qilsa jannatda mening rafiqim bo‘ladi».
Xazrati Umar roziyollohu anhu aytdilar:» kim-ki payg‘ambarimiz ﷺ ning mavlidlarini ulug‘lasa, bas ba taxqiq islomni tiriltiribdi».
Xazrati Usmon roziyollohu anhu aytdilar:» kim-ki mavlidni qiro’atiga bir tanga sarf qilsa, go‘ëki uxud va xunayn g‘azvasida xozir bo‘libdi». Xazrati Ali roziyollohu anhu aytadilar:» kim-ki payg‘ambarimiz ﷺ ning mavlidlarini hurmat qilsa va uning o‘qilishiga sabab bo‘lsa, bu dunëdan iymon bilan ketgay va jannatga behisob kirgay». Shayx Xasani Basriy rohimahulloh aytdilar:»men shuni yaxshi ko‘ramanki qani edi menda uxud tog‘icha tillom bo‘lsa-yu uni mavlud o‘qitishga sarf qilsam». Xazrati Junaydi Bag‘dodiy rohimahulloh aytadilar:» kim-ki mavludda xozir bo‘lsa va uning qadrini ulug‘lasa bas bataxqiq iymon bilan zafar topibdi». Xazrati Ma’rufi Karxiy rohimahulloh aytadilar:» kim-ki mavlud o‘qitish uchun ta’om taërlasa va ër-u do‘stlarini jamlasa chiroq ëqsa yangi kiyimlarni kiyib, xushbuy narsalarni tutatsa va atirlar sepsa, bu ishlarning barchasini mavlidni ulug‘lash uchun qilsa, Alloh ta’olo bu kishini payg‘ambar alayhissalomlar bilan birga xashr qilgay va a’lo illiyyinda bo‘lgay». Imom Faxruddin Roziy rohimahulloh aytadilar:» qaysidur shaxs tuzga ëki bug‘doyga va ëki eyiladigan narsaga mavlidi sharifni o‘qisa, o‘sha narsada barakot xosil bo‘lg‘ay, o‘sha narsalar nimaga teksa, ul narsa iztirobda beqaror bo‘lg‘ay toki Alloh taolo uni eguvchisini mag‘firat qilgunicha. Agar suvga o‘qilsa va u suvdan ichsa qalbiga ming nur va rahmat kirgay va ming qudurat va illat chiqqay, u qalb xamma qalblar o‘lgan kunda xam xargiz o‘lmagay. Kimki mavludni kumush ëki tillo tangalarga o‘qisa va ularni boshqalariga aralashtirib qo‘ysa, ularda baraka bo‘lgay va uning egasi faqir bo‘lmagay va qo‘li bo‘shab qolmagay. Xazrati Imom Shofi’iy rohimahulloh aytadilar:» Kimki mavlud uchun do‘stlarini jamlasa, taom tayërlasa va exson qilsa va mavlud o‘qilishiga sabab bo‘lsa qiëmat kuni Alloh ta’olo u kishini siddiqlar, shaxidlar va solixlar bilan turgizgay va jannotun na’imda bo‘lgay». Xazrati Saris saqatiy rohimahulloh aytadilar:» Kimki mavlidun nabiy o‘qilgan joyga borsa, guëki jannat bog‘laridan bir bog‘ga boribdi. Chunki u joyga faqat payg‘ambarimiz ﷺ ning muxabbatlari uchungina bordi. Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar kimki meni yaxshi ko‘rsa jannatda men bilan birga bo‘lgay». Xazrati Sultonul Orifiyn Jaloliddin Suyutiy rohimahulloh aytadilar :»Qaysidur xonadon, masjid ëki Maxallada mavlidun nabiy o‘qilsa u erni farishtalar o‘rab olgaylar va shu makon axliga salavot yuborgaylar. Qaysidur mo‘min uyida mavlid o‘qisa. Alloh taolo o‘sha xonadon axlidan qaxatchilik, vabo, ëng‘in, cho‘kish, ofat, balo , bug‘z-u xasad, ëmon ko‘z va o‘g‘rilardan saqlagay. Agar vafot qilsa munkar-nakir javobini oson qilgay, maq’adi sidqda Xudo xuzurida bo‘lgay».
Kim-ki mavlidni ulug‘lasa shu qadar kifoya qilgay, agar bemuhabbatlarga dunëni to‘ldirib gapirilsa xam qalbiga tasir qilmagay. Alloh taolo barchamizni o‘zini va xabibimizni ulug‘laydiganlardan qilsin, omin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanishimiz, tanishtirishimiz vojib amaldir. U zotga muhabbat qilishimiz ham vojib. Usiz hech kimning iymoni mukammal bo‘lmaydi. Shuning uchun tez-tez va kuni tayin qilinmagan holatda siyrat kitoblaridan darslar, ma’ruzalar tashkil qilish kerak va buni bir oy  yoki biror kunga belgilab olmaslik kerak. Ammo har qanday imkoniyat va sharoitdan bu borada foydalanish ham lozim. Siz keltirgan gaplarga kelsak ularning barchasi yolg‘on, to‘qima va kazzoblarning uydirmasidir. Hech qanday mo‘tabar kishining gapi ham emas, mo‘tabar kitoblarda yozilgan ham emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ulug‘liklari, Allohning nazdida shafoatlari qanchalik e’tiborli ekanligini isbotlash to‘qima hadislarga qolmagan. Mavlid marosimlaridagi suhbatlarda to‘qima, uydirma gaplarni aytish hali ham uchrab turgani achinarli hol. Mavlidning fazilati haqida imom Shofe’iy, Hasan Basriy va yana boshqa mutaqaddim ulamolarga nisbat berilgan gaplar hammasi yolg‘on, asossiz. Endi bu haqda sahobalardan naql keltirish esa o‘ta ketgan ilmsizlik, bepisandlikdan boshqa narsa emas. Dinimiz tarixini, sahobalar siyratini ozgina bilgan odam bu gaplarga ishona olmaydi. Ba’zilar shu ma’noda hadislar ham aytib yuborishadi. Bularning hammasi g‘irt yolg‘on. Chunki u azizlarimizning davrlarida mavlid marosimi qilish degan gap hech qaerda bo‘lmagan, birovning xayoliga ham kelmagan, etti uxlab tushiga ham kirmagan. Mavlid yig‘inlarda  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga tegishli asossiz, to‘qima rivoyatlarni aytish ham bor. Ayniqsa ayollar o‘rtasida bu holat yanada ko‘proq urchigan. Misol uchun, «Turkiy mavlid» nomi bilan tanilgan mavlid asaridagi ko‘p hikoyalar to‘qima gaplardir. Muallif, Alloh mag‘firatiga olsin, ehtimol, bu gaplarni qaysidir manbadan olib, uni rost deb o‘ylagandir yoki boshqa bir sabablar bordir. Ammo omonat va ilmiy mas’uliyat yuzasidan aytish kerakki, asardagi kirish qismi va duolaridan foyda olish mumkin bo‘lsa-da, undagi aksar ma’lumotlar, jumladan, «Qarchig‘ay va chumchuq voqeasi» kabi hikoyalar umuman asossiz, asli yo‘q gaplardir. Bu  gap muallif rahmatullohi alayh va yana boshqa ayrim kattalarimizga nisbatan beodoblik emas, balki bu bayon qilinishi, ochiq aytilishi lozim bo‘lgan ilmiy omonatdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tuhmat qilishdan og‘ir va xatarli gunoh yo‘q. U zot sollallohu alayhi vasallamni qanday bo‘lgan bo‘lsalar, shunday tanishimiz darkor. Qandaydir afsonaviy shaxsga aylantirib yuborish mutlaqo nojoiz va bu dinning ofatidir. عَنْ عَبْد ِاللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَلِّغُوا عَنِّي وَلَوْ آيَةً، وَحَدِّثُوا عَنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ وَلَا حَرَجَ، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mendan bir oyat bo‘lsa ham etkazinglar. Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘iga joylashaversin», dedilar». Buxoriy va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar. Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rahmatullohi alayhim kabi ulug‘ muhaddislarimiz hadislarni saralash uchun roviylarning aybu kamchiliklarini ham bayon qilib, kitoblarga tushirganlar va mazkur roviylarning hadislarini qabul qilmaganlar. Bir kuni buyuk muhaddislardan biri Yahyo ibn Sa’idga Abu Bakr ibn Xallod: «Sen hadislarini olmayotgan mana bu kishilar qiyomat kuni Allohning huzurida senga da’vogar bo‘lib qolishlaridan qo‘rqmaysanmi?» dedi. Shunda u: «Ularning menga da’vogar bo‘lishlari men uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Nega mening hadisimdan yolg‘onni aritmading?» deya da’vo qilishlaridan ko‘ra yaxshidir», dedi. Abu Turob Naxshabiy Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhga: «Olimlarni g‘iybat qilma!» dedi. Shunda u kishi: «Sho‘ring qurgur! Bu xolislikdir, g‘iybat emas», dedi. Bir so‘fi Ibn Muborakka: «G‘iybat qilasanmi-a?» degan edi, u: «Jim bo‘l! Agar men bayon qilib bermasam, haqni botildan qanday ajaratasan?» dedi. Islom ulamolarining tutgan yo‘llari mana shudir. Ulug‘larimizning tariqatlari shu, dinmizning talabi shu. Zotan, dinning sofligi, yaroqliligini saqlash uchun shunday yo‘l tutish lozimu lobuddir, boshqa iloj yo‘q. Ana shu e’tibordan xususan mavlid marosimlarida etkaziladigan ma’lumotlarning sahih, asosli bo‘lishiga alohida e’tibor berish kerak. Manbasi noma’lum, dalili aniq bo‘lmagan gaplardan uzoq bo‘lish lozim. Eng asosiysi mavlidning fazilatini uqtirish uchun, uni targ‘ib qilish uchun bunday uydirma gaplarga hojat yo‘q, bor va sahih gaplarni aytilsa ham etarli. Alloh hammalirimizni isloh qilsin! Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 12:00 | Савол-жавоблар | 203 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar