Eshonlar haqida

Assalomu alaykum va rahmatullohu va barakatuhu! Savol: Hozirgi kunda ko‘p kishilar "men eshonman" deb, o‘zlarini boshqalardan yuqori tutishadi. Ular o‘zlarini "oq suyak", boshqalarni "qoracha" deb atashadi. Ularning shu tushunchalari to‘g‘rimi? Menimcha, eshonlik avloddan avlodga o‘tmaydi, bir diniy daraja xolos. Sizdan doim mamnunman!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Bu ko‘p so‘ralgan savol. Avval izlab ko‘rsangiz yaxshi bo‘lar edi. Mening vaqtimni zoe qildingiz. Buning yaxshi emasligini bilishingiz kerak. siz o‘zingizga kerak narsani izlashga dangasalik qilasiz. Meni boshqa ishlarimdan ayrlib, o‘zim bir necha marta yozgan narsani qayta yozishga majbur qilasiz. O‘ylab ko‘ringlar! Ularning bu tushunchalari to‘g‘ri emas. Oqsuyaklikni surishtirish bilan birga Allohning dinini o‘rgansalar yaxshi bo‘lar edi.Arab qabilalari qiz berishdan oldin ham rosa nasabu hasabni surishtirishar edi. Oilasiga teng nasabga ega bo‘lmagan kishiga qiz berishmas edi. Bu esa nasab asosida ayirmachilik qilish, kishilarni kamsitish, sen bizga teng emassan, deyishning keng tar-qalgan turi edi. Shuning uchun Islom bu muammoga ham alohida e’tibor berdi.Imom Abu Dovud va al-Hokimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:«Abu Hind Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning boshlaridan qon oldi. Shunda: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, ey Bani Bayoza, Abu Hindga qiz beringlar, undan qiz olinglar», dedilar. Bani Bayoza aslzoda arab qabilasi edi. Abu Hind esa, ularning ozod qilgan quli bo‘lib, qon oluvchilik qilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yuqoridagi amrni eshitib, Bani bayozaliklar hayratga tushishdi va: «Ey Allohning Rasuli, qandoq qilib qizlarimizni ozod qilgan qullarimizga beramiz?», deyishdi. Shunda Alloh taolo:«Ey odamlar! Albatta, biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik hamda o‘zaro tanishishlaringiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliligingiz eng taqvoligingizdir» oyatini nozil qildi. Demak, odamlarni ular mansub bo‘lgan xalq, qabila, nasab-hasab asosida farqlash, yaxshi-yomon deyish durust emas. Shundan so‘ng bu hukmga musulmonlar og‘ishmay amal qila boshlashdi.Habashistonlik sobiq qora qul Bilol ibn Raboh roziyallohu anhu eng mansub ayolga, Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhudek ulkan sahobiyning singlisiga uylandi. Boshqa bir Quraysh qabilasilik ayol Fotima binti Qays roziyallohu anhoga aslzoda arablardan Abu Jahm va Muoviya roziyallohu anhular sovchilik qilgan bo‘lsalar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni sobiq qulning o‘g‘li, qora tanli Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumoga erga tegishga tavsiya qildilar.Ibn Sa’d rivoyat qilishlaricha, Bilol roziyallohu anhu ukasi bilan bir arab qabilasiga sovchi bo‘lib borib: «Men-Bilolman, manovi ukam Abdon, Habashistondanmiz. Zalolatda edik, Alloh hidoyat qildi. Qul edik, Alloh ozod qildi. Agar qiz bersangiz Alhamdulillah, bermasangiz Allohu akbar!» degan. Shunda haligi arablar, sen akasi bo‘lganingdan keyin albatta unga qiz beramizda, deyishgan.Shundoq qilib hayotning hamma sohalarida teng huquqlilik o‘z o‘rnini topib boravergan. Oxiri kelib Islom jamiyati teng huquqlilik jamiyatiga aylangan. Vallohu a’lam.

21 Апрел 2022, 13:31 | Савол-жавоблар | 196 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar