Plastik operatsiya

Assalomu alaykum! Do‘stim odamlarni faqat burun plastik operatsiyasini amalga oshiradi. Ya’ni (ko‘rinishi xunuk bo‘lgan burunlarni) tashqi tomondan shaklini o‘zgartiradi. Ko‘pchilik bemorlar ayol kishilar bo‘ladi. Bu narsa shariatimizda ruxsat berilganmi? Do‘stimga gunox emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Aybni ketkazish joiz. O‘zi aybsiz bo‘lgan burunni yanada chiroyli qilish uchun, qaysidir bir insonning burniga o‘xshatish uchun bo‘lsa joiz emas. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَعَنَ اللهُ الْوَاشِمَاتِ وَالْمُسْتَوْشِمَاتِ، وَالنَّامِصَاتِ وَالْمُتَنَمِّصَاتِ، وَالْمُتَفَلِّجَاتِ لِلْحُسْنِ الْمُغَيِّرَاتِ خَلْقَ اللهِ، فَبَلَغَ ذَلِكَ امْرَأَةً مِنْ بَنِي أَسَدٍ تَقْرَأُ الْقُرْآنَ اسْمُهَا أُمُّ يَعْقُوبَ، فَأَتَتْهُ فَكَلَّمَتْهُ فَقَالَ: وَمَا لِي لَا أَلْعَنُ مَنْ لَعَنَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَهُوَ فِي كِتَابِ اللهِ، فَقَالَتِ الْمَرْأَةُ: لَقَدْ قَرَأْتُ مَا بَيْنَ لَوْحَيِ الْمُصْحَفِ فَمَا وَجَدْتُهُ، قَالَ: لَوْ قَرَأْتِيهِ لَوَجَدْتِيهِ، قَالَ اللهُ تَعَالَى: - وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا -، قَالَتِ الْمَرْأَةُ: إِنِّي أَرَى شَيْئًا مِنْ هَذَا عَلَى امْرَأَتِكَ الْآنَ، فَقَالَ: اذْهَبِي فَانْظُرِي، فَدَخَلَتْ عَلَى امْرَأَتِهِ فَلَمْ تَرَ شَيْئًا، فَعَادَتْ فَقَالَتْ: مَا رَأَيْتُ شَيْئًا، فَقَالَ: أَمَا لَوْ كَانَ ذَلِكَ لَمْ نُجَامِعْهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Alloh husn uchun vashm qiluvchi ayollarni, vashm qildiruvchi ayollarni, mo‘ychinak ila teruvchi ayollarni, mo‘ychinak ila terdiruvchi ayollarni va tish orasini ochuvchilarni, Allohning yaratganini o‘zgartuvchilarni la’natlasin», dedi. Bu gap Banu Asadlik Qur’on qiroat qiladigan Ummu Ya’qub ismli ayolga etdi. U kelib bu haqda so‘radi. Bas, u: «Nima uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam la’natlagan kimsani la’natlamas ekanman? Holbuki, bu Allohning kitobida ham bor», dedi. «Mushafning ikki muqovasi ichidagi hamma narsani o‘qidim. Buni topmadim», dedi ayol. «(Yaxshiroq) o‘qiganingda uni topar eding. Alloh taolo: «Rasul sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar», degan», dedi u. «Shu narsadan ba’zisi sening xotiningda ham bor, deb o‘ylayman», dedi ayol. «Borib, qara», dedi u. Ayol uning xotinining oldiga kirib, hech narsa ko‘rmadi va qaytib kelib: «Biror narsa ko‘rmadim», dedi. «O‘sha narsa bor bo‘lganida, u bilan jam bo‘lmas edik», dedi Abdulloh». Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan. Sharh: Ushbu rivoyatni sinchiklab o‘rgansak, muolaja qilinayotgan masalaga oid ko‘pgina nozik jihatlarni anglab olishimiz mumkin. Ma’lumki, rivoyatlarning avvalida keladigan «Abdulloh»dan murod ulkan sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudirlar. U kishi ayollar ichida sodir bo‘lib turadigan ba’zi noshar’iy ishlarning sababchisi bo‘ladigan ayollarni qoralab: «Alloh husn uchun vashm qiluvchi ayollarni, vashm qildiruvchi ayollarni, mo‘ychinak ila teruvchi ayollarni, mo‘ychinak ila terdiruvchi ayollarni va tish orasini ochuvchilarni, Allohning yaratganini o‘zgartiruvchilarni la’natlasin», dedi». Ushbu jumlada besh turli ayollar la’natlanmoqda: 1. «Vashm qiluvchi ayollarni» 2. «Vashm qildiruvchi ayollarni» Bu ikki toifadagi ayollar kimligini yuqorida o‘rgandik. 3. «Mo‘ychinak ila teruvchi ayollarni» Bular mo‘ychinak ila ayollarning qoshlari, peshonalari, yuzlaridagi tuklarni teradilar. 4. «Mo‘ychinak ila terdiruvchi ayollarni» Bular chiroyli ko‘rinish maqsadida qoshlari atrofidagi tuklarni mo‘ychinak ila terdirib, qoshlarini ingichka qildiradilar. Shuningdek, boshqa joylaridagi tuklarni ham terdiradilar. 5. «Tish orasini ochuvchilarni» Bular sog‘ tishlarini egovlab, orasini ochishadi. Mazkur ishlarning hammasi rivoyatda aytilganidek «husn uchun» qilinsa, la’natga qolinadi. Chunki bu ishlarni «husn uchun» qiluvchilar - «Allohning yaratganini o‘zgartiruvchilar»dir. Ammo bu ishlar zarurat yuzasidan, xastalik tufayli bo‘lsa, joiz. Hazrati Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning bu gaplari atrofga tarqaldi. «Bu gap Banu Asadlik Qur’on qiroat qiladigan Ummu Ya’qub ismli ayolga etdi. U kelib bu haqda so‘radi». Gapning siyoqidan Ummu Ya’qub roziyallohu anho ushbu masalada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan hadisi shariflar vorid bo‘lganidan bexabar bo‘lganlaru, bu Abdullohning o‘zidan chiqqan gap, deb u kishi bilan tortishgani kelganga o‘xshaydilar. U kishining «Nimaga ayollarni la’natlamoqdasan?!» qabilidagi gaplariga Abdulloh roziyallohu anhu: «Nima uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam la’natlagan kimsani la’natlamas ekanman? Holbuki, bu Allohning kitobida ham bor», dedi». Bu bilan Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Ummu Ya’qub roziyallohu anhoga mazkur ishlarni qilgan ayollarni aslida o‘zi emas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam la’natlaganlarining xabarini berdi. Shu bilan birga, u kishi Ummu Ya’qubning Qur’oni Karimdan yaxshi xabardor zot ekanlarini e’tiborga olib, «holbuki, bu Allohning kitobida ham bor», dedi». Ummu Ya’qub roziyallohu anho bu gapni to‘g‘richa tushunib: «Mushafning ikki muqovasi ichidagi hamma narsani o‘qidim. Buni topmadim», dedi». Ya’ni, Qur’oni Karimning hamma oyatlarini yaxshilab o‘rganganman, unda sen la’natlagan besh toifa ayollarni la’natlash ma’nosi yo‘q, degan gapni aytdi. Shunda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu yuqoridagi gapdan nimani iroda qilayotganlarini ochiq bayon qildilar: «(Yaxshiroq) o‘qiganingda uni topar eding. Alloh taolo: «Rasul sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar», degan», dedi u». Mana shu oyati karimaga ko‘ra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan har bir shar’iy narsani olmog‘imiz yoki tark qilishga amr qilingan narsani tark qilmog‘imiz lozim. Modomiki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur ishlarni qilgan ayollarni la’natlagan ekanlar, biz ham ularni la’natlamog‘imiz kerak. Shuning uchun men aytgan gaplardan achchig‘ing chiqmasin, aslida u gaplarni men emas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar, dedilar. Lekin Ummu Ya’qub roziyallohu anho ham bo‘sh kelmadi. Bo‘layotgan bahsni davom ettirib, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuga: «Shu narsadan ba’zisi sening xotiningda ham bor deb o‘ylayman», dedi ayol». Ummu Ya’qub mazkur qalbaki ishlarni hamma xotinlar qiladilar, deb tushunar ekanlar. Shuning uchun u kishi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuni nozik joyidan tutmoqchi bo‘lib, yuqoridagi gapni aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Borib, qara», dedi». Ya’ni, mening xotinim ham o‘sha shariat harom qilgan ishlardan ba’zisini qiladi, deb xayol qilayotgan bo‘lsang, borib xotinimga nazar sol, yaxshilab qara, o‘sha da’vo qilayotgan narsalardan qay birini ko‘rar ekansan, dedilar. «Ayol uning xotini oldiga kirib, hech narsa ko‘rmadi va qaytib kelib: «Biror narsa ko‘rmadim», dedi». Shu o‘rinda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Islomga faqat o‘zlari emas, balki oila a’zolari ila birgalikda amal qilishlari ayon bo‘lmoqda. U kishi shariat ishlarida oilalariga ham qattiq turganlarini Ummu Ya’qubga aytgan quyidagi gaplaridan ham bilib olsak bo‘ladi. «O‘sha narsa bor bo‘lganida, u bilan jam bo‘lmas edik», dedi Abdulloh». Ya’ni, agar xotinim o‘sha shariat harom qilgan ishlardan birortasini qilgan bo‘lganida, ajrab ketgan bo‘lar edik. Unday xotinni men darhol taloq qilardim. Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar: 1. Vashm qilish harom ekanligi. 2. Vashm qildirish harom ekanligi. 3. Mo‘ychinak ila ayollarning qosh va boshqa tuklarini terish harom ekanligi. 4. Mo‘ychinak ila qosh va boshqa tuklarini terdirish harom ekanligi. 5. Egovlab yoki boshqa uslub ila tishlarning orasini ochish harom ekanligi. 6. Mazkur ishlarni husn uchun qilish haromligi. Shar’iy uzr ila qilsa, joiz. 7. Mazkur ishlarni husn uchun deb qilish Alloh taoloning yaratganini o‘zgartirish hisoblanishi. 8. Ayollar ichida Qur’oni Karimni yaxshi o‘rganib, nom chiqargan shaxslar bo‘lgani. 9. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan gapga o‘xshash gapni aytish mumkinligi. 10. O‘sha paytda ayollar ham shar’iy masalalarda erkaklar bilan tortishgani. 11. Bevosita zikr qilinmagan narsani ham asli Qur’oni Karimda bo‘lsa, bu narsani Qur’oni Karimda bor, deb aytilsa joizligi. 12. Olim va muqtado kishilar biror hukmni aytishdan oldin o‘sha ishni o‘zi va oila a’zolari qanday bajarayotganlariga bir nazar solib olishi kerakligi. 13. Er o‘z xotiniga shariat harom qilgan ishni qilishga yo‘l qo‘ymasligi lozimligi. Ushbu mavzuda so‘z ketar ekan, shariatimiz Alloh taolo yaratgan asl xilqatni o‘zgartirishni, soxta chiroy hosil qilib, o‘zgalarni aldashni harom qilganini alohida ta’kidlamoq lozim. Chunki bunga o‘xshash ishlar Alloh taolo yaratgan narsani o‘zgartirish, Yaratganning irodasiga qarshi chiqish bilan barobar. Undan so‘ng bu kabi narsalarda qalloblikka o‘rgangan kishi boshqa narsalarda qalloblik qilmasmidi? Albatta, qiladi. Oqibatda hozirgiga o‘xshab, hamma narsa qalloblikdan iborat bo‘lib qoladi. Islom insonlarning go‘zallikka intilishini to‘g‘ri baholaydi. Balki, ularni go‘zallikka undaydi. «Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadi», deyiladi hadisi shariflardan birida. Lekin Alloh taolo xalq qilgan narsani buzish go‘zallik hisoblanmaydi. Balki tabiati buzuqlik bo‘ladi. Bo‘lmasa, sog‘ turgan tishni egovlab, bir qismini olib tashlanarmidi? Bo‘lmasa, Alloh taolo ato qilgan tabiiy sochi turib, turli qillarni boshiga ulab, o‘zicha xursand bo‘lib yurarmidi? Bo‘lmasa, sog‘ tanasini igna bilan jarohatlab, jarohat ustiga rang sepib, terisini buzarmidi? ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 13:32 | Савол-жавоблар | 142 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar