To‘y kuni shom namozi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, to‘y kuni kuyov bo‘lmish, shom namozini o‘qish uchun nikoh paytida to‘yni, kelinni tashlab, namozga borib kelishi joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Joizmi?” emas, balki farzdir. Namozning inson hayotidagi ahamiyati Ma’lumki inson ruh va tanadan tashkil topgan. Inson tanasi kuch-quvvat beradigan, salomatligini saqlab turadigan etarlicha ozuqaga ehtiyojmand bo‘lgani singari, ruhi ham sog‘lom va quvvatli bo‘lishi uchun ma’lum bir ozuqalarga muhtoj bo‘ladi. Insonlarni yaratgan Zot ularning tanalariga ozuqa bo‘ladigan narsalarni hozirlab qo‘yganidek, ruhlarining ozuqalarini ham hozirlab qo‘ygan. Ruh ozuqalarining eng ahamiyatlisi namoz ibodati hisoblanadi. Namozni fuqaholar shunday ta’riflaganlar: “Namoz – so‘z va fe’ldan iborat bo‘lib, Allohni ulug‘laydigan “Allohu akbar” lafzi bilan boshlanib, barcha bandalarga salom berib “Assalomu alaykum” lafzi bilan yakunlanadigan ibodatdir”. Alloh taolo bandalarning ma’naviy poklanishlari va dunyo-yu oxiratlariga manfaatli fazilatlarni egallashlari uchun namoz ibodatini farz qilgan. Shunga ko‘ra inson namoz sababli ruhiyati salomat bo‘lishiga va o‘zida komil inson sifatlarini mujassam etishga erishadi. Inson tanasi sog‘lom bo‘lib yaxshi ishlashi uchun muayyan adaddagi issiqlik haroratiga muhtoj bo‘lgani singari ruhining sog‘lom bo‘lishi ham muayyan adaddagi namozga muhtojdir. Namozning naqadar muhim ibodat ekani uni boshqa farz ibodatlar bilan solishtirib ko‘rilganda yaqqol namoyon bo‘ladi: 1. Ro‘za ibodati bir yil davomida faqat bir oy, Ramazon oyida, muqim, ro‘za tutishga qodir kishilarga farz qilib belgilangan. 2. Haj ibodati umr davomida bir marta yo‘l ochiq bo‘lganda haj qilishga etarli mablag‘i bo‘lgan, o‘zi yura oladigan kishiga farz qilib belgilangan. 3. Zakot ibodati esa moli nisobga etgandan keyin bir yil o‘tgandan so‘ng ado qilish farz bo‘ladi. 4. Ushr ibodatini ado etish esa hosil yig‘imiga bog‘lab qo‘yilgan. Ammo namoz ibodati insonning sog‘lom yo kasalligidan, boy yo kambag‘alligidan, musofir yo muqimligidan qat’iy nazar, bir yilda emas, bir oyda emas, ma’lum bir mavsumda emas, balki har kuni besh marta ado etish farz qilib qo‘yilgan. Namozning muhimligi shu darajadaki, tik turishga qodir bo‘lmasa, o‘tirib o‘qishi kerak, o‘tirib o‘qishga qodir bo‘lmasa, yotib imo-ishora bilan o‘qishi lozim. Ba’zi ulamolar: imo-ishoraga ham qodir bo‘lmasa, ko‘z qarashi bilan ruku’ sajda qiladi, hatto qalbidan namoz amallarini o‘tkazib bo‘lsa ham o‘qiydi, deganlar. Subhanalloh, bu degani balog‘atga etgan musulmon kishi uchun madomiki tanasida joni bor ekan, aql hushi joyida ekan albatta namoz o‘qishi shart deganidir. Hatto shariatimizda urush paytida  dushman tahlika solib, insonning hayoti xavf ostida turgan holatda namozning qanday o‘qilish tartiblari birma-bir bayon qilib qo‘yilgan. Musulmon kishining hayotidagi namozning o‘rniga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning tug‘ilishidan to vafot etguniga qadar hayoti doimo namozga bog‘liq bo‘lib o‘tishini ko‘ramiz. Tug‘ilganida qulog‘iga "Allohu akbar" takbiri aytiladi, yoshligidan namoz o‘qishga o‘rgatiladi, voyaga etgach har kuni besh mahal namoz o‘qiydi, hayotida biror xursandchilikka erishsa, shukronasiga namoz o‘qishga o‘tadi, musibatga uchrasa, ularni namoz bilan engishga urinadi, biror ishga ikkilanib qolsa, namoz o‘qib xayrlisini topishga harakat qiladi, va nihoyat vafot etganida ham unga janoza namozini o‘qishib so‘ngi manziliga kuzatishadi. Ha, shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozning ahamiyatini bayon qilib: "Namoz dinning ustunidir" deganlar. Ulug‘ sahoba Umar roziyallohu anhu: kim namozni tark qilsa, uning islomda nasibasi yo‘qdir, deganlar. Tarixdan ma’lumki, namoz ma’lum vaqt, o‘n olti yo o‘n etti oy Baytul Maqdisga qarab o‘qilgan, so‘ngra yana Ka’baga qarab o‘qiladigan bo‘lgan. Shunda din dushmanlari: "Bularning qiblasi Ka’ba bo‘lsa, unda oldin Baytul Maqdisga qarab o‘qigan namozlari nima bo‘ldi", degan fitnali gaplarni tarqatishgan. Shunda bu gaplarga javoban: "Alloh iymoningizni zoe qilmas" oyati nozil qilingan. E’tibor beriladigan bo‘lsa, fitnachilarning "namozlari nima bo‘ldi" degan so‘zlariga "Alloh namozingizni zoe qilmas" deb emas, balki, "Alloh iymoningizni zoe qilmas" degan javob bo‘lgan. Bu so‘zdan Alloh huzurida namoz iymondan, iymon namozdan ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Namoz ibodatining ahamiyati naqadar ulug‘ ekani uning qanday farz qilinganidan ham bilinib turadi. Boshqa farz ibodatlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Jabroil farishta vositasida bildirilgan bo‘lsa, namoz ibodati hech bir vositasiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlariga bildirilgan. Buning farqini oddiy misol yordamida yanada yaxshiroq tushunishimiz mumkin: " Rahbar xodimiga biror vazifani yuklar ekan, o‘sha vazifani xat orqali xabar berishi ham, yoki telefon orqali  bildirib qo‘yishi ham mumkin. Ammo vazifa o‘ta muhim bo‘lsa uni huzuriga chaqirib, shaxsan o‘zi tegishli ko‘rsatmalarni beradi". Ha, Alloh taolo namoz ibodatini o‘rtaga hech kimni vosita qilmasdan me’rojda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri farz qilgan.  Chunki namoz ibodati, har bir bandaning o‘z Robbisini yod qilishi, U bilan bog‘lanishi, bir so‘z bilan aytganda inson bo‘lib yaratilishining majburiyatidir. Zero insonlarni yaratgan Zot: "Men jin va insni faqat o‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”{1}, degan. Namoz bandaning Robbisini zikr qilishidir. Bu zikr uzluksiz beto‘xtov davom etib turadi. Ya’ni, bir banda bomdodni o‘qiyotgan paytda, boshqasi peshinni, undan boshqasi asrni, yana biri shomni, yana birovi esa xuftonni o‘qiyotgan bo‘ladi. Bunda ham birovi qiyomda turgan paytda, boshqasi ruku’da, yana boshqasi sajdada turgan bo‘ladi. Biri "Bismillah"ni o‘qiyotgan bo‘lsa, boshqasi "Alhamdu lillahi robbil ’alamiyn"ni o‘qiyotgan bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda namoz ibodati to‘xtovsiz doimiy davom etib turadi. Banda namozda itoatli turish ko‘rinishida qiyomda turar ekan, odobli o‘tirish ko‘rinishida qa’dada o‘tirar ekan, bo‘yin egish, qulligini izhor qilish ko‘rinishida ruku’ va sajdada turar ekan, Robbisiga to‘liq itoat bilan: "Biz ado etayotgan bu tahiyyotlar va biz bajarayotgan barcha solih amallar yolg‘iz Sen uchundir, ey ulug‘ Robbimiz!!!", deya iltijo qilayotgan bo‘ladi. Banda va Robbisi o‘rtasidagi muloqot Namoz o‘quvchi "Allohu akbar" deya namozga kirishar ekan Robbisidan boshqa biror narsaga yuzlana olmaydigan maqomda turganini his etishi lozim. Namozda takror-takror tilovat qilinadigan"Fotiha" surasi banda bilan Robbisi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni namoyon qiladi. Ya’ni banda iltijo qiladi Robbisi javob beradi: Barcha maqtov, shukrlar olamlarning tarbiyachisi Allohga bo‘lsin. U Rohman va Rohiymdir. U qiyomat kunining podshohidir. Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so‘raymiz. Bizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin. "O‘zing ne’mat berganlarning yo‘liga (boshlagin), g‘azabga duchor bo‘lganlarning yo‘liga emas, adashganlarnikiga ham emas”{2}. Hadisi qudsiyda Alloh taoloning shunday degani rivoyat qilingan: Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, yarmi menga, yarmi esa bandamga. Bandamga so‘raganini beraman. Agar banda: "Alhamdu lillahi robbil ’alamiyn"desa, Alloh azza va jalla: "Bandam menga hamd aytdi", deydi. Agar u: "ar-Rohmanir Rohim", desa, Alloh: "Bandam menga sano aytdi", deydi. Agar banda: "Maliki yavmiddiyn" desa, Alloh: "Bandam meni ulug‘ladi", deydi. Agar banda: "Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn", desa, Alloh: "Bu men bilan bandam orasidagi narsa, bandamga so‘raganini beraman", deydi. Agar banda: "Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim va lazzolliyn", desa, Alloh: "Bu bandam uchun, bandamga so‘raganini beraman", deydi". Namoz dunyo va oxirat saodati omilidir. Ya’ni namoz o‘quvchi Alloh taoloni ism va sifatlari bilan zikr qiladi. Bu esa haqiqiy sano, haqiqiy maqtov hisoblanadi. Namoz o‘quvchi Alloh taoloni jazo kunining podshohi deb iymon e’tirof etadi. Bu esa uni dunyoga aldanib qolishdan saqlaydi. "Faqat Sengagina ibodat qilamiz", deya Robbisiga ibodat qilishga ahdlashadi,  "faqat Sendangina yordam so‘raymiz", deya Robbisidan yordam so‘rab, Unga tayanadi. Agar namozxon ahdiga vafo qilsa, Robbisi unga so‘raganini beradi. Banda so‘raydigan narsalarning eng afzali Robbisining roziligi, U zotning hidoyati, ko‘zni quvontiradigan ne’mat, sarosimadan saqlaydigan to‘g‘ri yo‘ldir. Bunday narsalarga erishish esa dunyo va oxirat saodatidir! Namoz o‘quvchi "Fotiha" surasiga yana boshqa surani ham qo‘shib o‘qish bilan hayotining barcha jabhalari uchun lozim bo‘lgan ilohiy ko‘rsatmalardan ko‘proq xabardor bo‘lishga erishadi. So‘ngra ruku’ qilib: "Subhana robbiyal ’aziym", (Ulug‘ Robbimni poklab yod etaman) deb, tasbeh aytadi. Bu bilan Allohni inkor etadiganlardan, yoki Unga shirk keltiradiganlardan, yoki inkor etmasalarda, U zotning ulug‘ sifatlaridan bexabar yurgan qanchadan-qancha gumrohlardan o‘zgacha ekanini isbot etgan bo‘ladi. Namoz o‘quvchi aytayotgan tasbehi Robbisi huzuriga ko‘tarilishiga aniq ishonganidan "Sami’allohu liman hamidah" (Alloh Unga hamd aytganni eshitdi", deya ruku’dan boshini ko‘taradi va Alloh bandasi aytgan hamdni ijobat qildi, deb biladi. So‘ngra sajda qiladi va "Subhana robbiyal a’laa"  (Oliy Robbimni poklab yod etaman) deb, tasbeh aytadi. U peshonasini erga qo‘yib turgan paytda eng oliy, eng sharafli va Robbisiga eng yaqin maqomda turgan bo‘ladi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Bandaning Robbisiga eng yaqin payti u(ning) sajda qilgan holatidir. Bas duoni ko‘paytiringlar”{3}. Ruku’ va sajda tasbehlariga qo‘shimcha ziyoda aytilgan duolar bizning hanafiy mazhabimiz ulamolari nazdida nafl namozlarga xos hisoblanadi. Shuning uchun farz namozlarining ruku’ va sajdalarida ularning tasbehlariga boshqa duolarni ziyoda qilmaymiz. Nafl namozlarda esa xabarlarda bayon qilingan ziyoda duolarni aytsa bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gohida sajdada ushbu duoni o‘qiganlar: "Yo Alloh, Senga sajda qildim, Senga iymon keltirdim, yuzim ham uni yaratgan, unga surat bergan, uning qulog‘i va ko‘zini ochgan Zotga sajda qildi. Bas, yaratuvchilarning eng go‘zali – Alloh barokatlidir!”{4}. Namoz ichidagi ruku’ va sajda kabi barcha fe’llar "Allohu akbar" takbiri bilan ado etiladi. Bu esa bandaning har bir ishi Alloh uchun bo‘lishi lozim ekanini ham ta’lim beradi. Qa’dada o‘tirgan paytda, banda bajargan fe’llari va aytgan kalimalaridan maqsadi Robbisini olqishlash ekanini e’tirof etib shunday deydi: "Attahiyyatu lillahi vassolavatu vattoyyibat (Olqishlar, duolar va pok narsalar Alloh uchundir), assalamu ’alayka ayyuhan nabiyyu va rohmatullohi va barokatuh (Ey Nabiy sizga salom va Allohning rahmati va barokatlari bo‘lsin), assalamu ’alayna va ’ala ibadillahis solihiyn (Bizga va Allohning solih bandalariga salom bo‘lsin). Ashhadu an laa ilaha illallohu va ashhadu annna Muhammadan ’abduhu va rosuluh (Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekaniga va Muhammad Uning bandasi va elchisi ekaniga guvohlik beraman). Bandaning tashahhudda odob bilan o‘tirib, boshini ko‘ksiga egib aytayotgan so‘zlariga e’tibor beraylik: avvalo Allohga maqtovlar aytmoqda, bu, Allohning bandasi bo‘lishdek sharafga munosib ko‘rilganiga uning qilayotgan shukridir. So‘ngra insonlarni hidoyatga, najot yo‘liga boshlovchi bo‘lib kelgan ulug‘ risolat sohibi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salomlar yo‘llamoqda. Bu esa ibodatda ham, muomalada ham, va boshqa ishlarda ham u zotning barcha insonlarga namuna ekanlarini tasdiqlash, hamda barcha ishlarida u zotning ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishiga bo‘lgan ahdining doimiy e’tirofidir. So‘ngra o‘ziga va boshqa solih bandalarga salom yo‘llamoqda. Bu esa o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani boshqa solih bandalarga ham yaxshi ko‘rishining ifodasidir. Bu kalimalar naqadar go‘zal kalimalardir!. Namoz dunyoyu oxirat saodatiga yo‘llovchi naqadar ulug‘ ibodatdir!. Namozning qadri naqadar yuksakligini his etish va undan lazzat tuyish uchun shart bo‘lgan ikki muhim jihat bor: 1. Aqliy jihat. Namoz o‘quvchi aytayotgan kalimalarining ma’nolarini, Robbisiga qaysi so‘zlar bilan munojot qilayotganini bilishi aqliy jihat hisoblanadi. Aqliy jihat namozning ruhiyati bo‘lib, busiz o‘qilgan namoz faqat  zimmadan farzni soqit qilishgagina sabab bo‘ladi va uning namozi jonsiz tana kabi bo‘lib qoladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozning aqliy jihatiga urg‘u berib: "Kishining namozidan faqatgina tushunib o‘qigani (namoz)dir”{5}, deganlar. Shuning uchun banda o‘qiyotgan namozi uning hayotiga ta’sirini o‘tkazishi uchun o‘qiyotganlarini tushunib, ma’nolarini his etib o‘qishi lozim. Ba’zi mashoyixlar namozxon namozda nimani o‘qiyotganini his qilib tursin, hatto uning aqli ham dunyo bilan mast bo‘lmasin, deganlar. O‘zlarining bu so‘zlariga ushbu oyatdan dalillanganlar: Ey iymon keltirganlar! Mast holingizda- to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang! {6} 2. Qalbiy jihat. Namoz o‘quvchi o‘zining zaif, ojiz ekanini his qilib, ado etayotgan ushbu namozini Robbisi qabul qilmasligidan xavf qilib, maqbul bo‘lishidan umidvor bo‘lib, ixlos bilan namoz o‘qishi, qalbiy jihat hisoblanadi. Qaysi bir namozda aqliy va qalbiy jihatlar jamlansa, bunday namoz bandaning xato va gunohlarini o‘chiradigan, nafsini illatlardan poklaydigan namozga aylanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday rivoyat qilganlar: Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: Aytinglar-chi, agar birortangizning eshigi oldida anhor bo‘lib, unda har kuni besh marta cho‘milsa, uning kiridan biror narsa qoladimi?, deganlarini eshitdim. (Ular): Uning kiridan hech narsa qolmaydi, deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: Xuddi shunga o‘xshab, Alloh besh vaqt namoz bilan xatolarni o‘chiradi,{7} dedilar. Namozning har bir inson va har bir jamiyat uchun eng muhim foydalaridan biri namoz bandani gunoh qilishdan, hatto gunohga yaqin borishdan ham qaytaradi. Buni Alloh taoloning O‘zi kafolatlab qo‘ygan: Albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur.{8} Demak, bandaning zimmasida Robbisi buyurganidek namoz o‘qish qolgan. Agar banda Robbisi buyurganidek namoz o‘qisa, Robbisi uni O‘zi va’da qilganidek taqdirlaydi. Ha, namoz mo‘min kishi uchun gunoh ma’siyatlardan qaytaradigan, ruhiyatini poklaydigan, shariatda istiqomat qilishga bo‘lgan azmu-qarorini mustahkamlaydigan, doimo eng to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan Allohning in’omidir. Mo‘min kishi namozda turar ekan, o‘zini butun borliqning egasi huzurida turganini, Uning barcha narsaga qodir ekanini, o‘zining esa Uning ojiz bir bandasi ekanini tan oladi va qalbidan Unga yolvorib duo qiladi. Shuning uchun boshqalar iztirobga tushganda, namozxon Robbisining rahmatidan umidvorlikda turadi, boshqalar g‘azabga kelganda, namozxon rizolikda turadi, boshqalar shubha girdobiga o‘ralib dovdiraganda, namozxon iymonu ishonchda turadi, boshqalar dunyo uchun jazavaga tushganda, namozxon sabr bilan xotirjamlikda turadi, boshqalar musibatlarni ko‘tarishdan ojiz qolganda, namozxon ularni ko‘tarishga quvvat topa oladi. Bularning barchasiga namoz bilan erishiladi. Nobel mukofoti sovrindori Aleksis Karrel o‘zining "Inson – bu to‘liq o‘rganilmagan shaxs" nomli kitobida quyidagilarni aytgan: "Bugungi kungacha insonni eng tetik qiluvchi, unga kuch beruvchi deb aniqlangan narsa – namozdir. O‘zimning shifokorlik tajirbamda ko‘p kasallarga dorivorlar natija bermaganini, tibbiyot esa davolashdan ojiz qolib, taslim bo‘lib ikki qo‘lini ko‘targanida, ularning hayotiga namoz kirib shifo topganiga guvoh bo‘lganman". Shunday ekan qilayotgan kasbu-korimizu, mashg‘ulotlarimiz namozdan chalg‘itib qo‘ymasligi, balki, namoz yordamida ularga kuch-quvvat topishimiz lozim. Dinimiz ko‘rsatmalariga rioya qilishni muqaddam qo‘yishimiz bilan abadiy saodatni qo‘lga kiritamiz. 1.Zariyot surasi 56-oyat. 2.Fotiha surasining ma’nolari tarjimasi. 3.Muslim va Abu Dovud rivoyati. 4.Termiziy rivoyati. 5.Tobaroniy rivoyati. 6.Niso surasi 43-oyat. 7.Muttafaqun alayh. 8.Ankabut surasi 45-oyat. Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 16:23 | Савол-жавоблар | 228 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar