Holimizni qachon isloh qilishga o‘tamiz?

Assalomu alaykum! Holimizni qachon isloh qilishga o‘tamiz? Bu satrlarni yozishimga juda ko‘p omillar sabab bo‘ldi. Zikr ahliga berilayotgan savollar, atrofimdagi holatlar va hokazolar. Zikr ahlidan so‘rang hay’ati a’zolari (Alloh bu kishilarni jannati bilan mukofotlasin!) bir muslima singlimizning oila haqidagi savoliga “Ayolning qilishi vojib bo‘lgan ishlariga qaynota-qaynonasining va hattoki vaqti kelsa o‘z erining yumushlarini qilish ham kirmaydi” mazmunida javob berganlar. (Sal adashish bo‘lsa to‘g‘irlab qo‘yinglar). Men o‘qidim-u hayron qoldim. O‘zi nima ekan bu ayolning asosiy yumushi desam, ha, bu farzand tarbiyasi ekan! Erkak ertalabdan kechgacha nafaqa uchun ishlasa, farzandga kim ta’lim-tarbiya beradi axir. Har xolda ko‘chadan biror kishi kelib bermasa kerak! Shu oddiy narsa xayolimga ham kelmadi boshida, uyalib ketdim o‘qib. Hali farzand ko‘rmadik, yangi oilamiz. Shu narsani ham ayolim bilan yaxshilab hisobga olib qo‘ydik. Diniy ilmlarni chuqur ola boshlaganimga 2 yilga yaqinlashdi. Yaxshilab tahlil qilsam hozirda shu kanalga berilayotgan ko‘plab oilaviy muammolarning ildizi, negizi yuzda yuz shu hali to‘liq echilmagan muammoning asorati ekan. Tasavvur qiling, bitta oilada farzand tug‘ildi. Dadasi ertalabdan kechgacha nafaqa uchun ishda, ayoli esa sahardan to tun yarmigacha uy ishlari bilan band. Farzand esa tarbiyaga muhtoj holida katta bo‘lmoqda. Katta bo‘lganda bezori, o‘g‘ri, fohisha, dinsiz, aroqxo‘r, qimorxonadan beri kelmasa, bu muammoni ildizini qidirish boshlanadi. Juda ham kech emasmikan! Aybni otasi onaga, onasi esa otaga, qolganlar esa ota-onaga to‘nkaydi. Mening hozirgi holatdagi fikrim esa bariga ota-onasi aybdor. Ba’zan, farzand ne’mati kimlargadur umuman berilmay o‘tib ketishadi. Ular esa shukr qiluvchilardan bo‘lib, o‘zidan shogirdlari orqali o‘lmas asarlar qoldirishadi. Qiyomatgacha rahmatlar bilan eslanadi. Bu haqiqat tarixdan ma’lum. Ba’zi birovlarga esa qizlar va o‘g‘illar beriladi. Ular esa bu ne’matning shukronasini qilmasdan jamiyatga katta zarar keltiruvchi, jamiyatga hiyonat qiladigan insonlarni etishtirib berishadi. Ana keyin kattalardan eshitadigan qarg‘ishlarni kutaversinlar. Yuqoridagi javobga kelsak. Zikr ahli hay’ati o‘ylamasdan bir narsalarni o‘zicha gapiradigan yoki to‘qib gapiradigan jamoat emas, bu o‘z nomi bilan ahli ilmlar, zikr ahli! Shu kanalni muntazam kuzatayotganimdan beri faqat dunyo-dunyo foyda olganman desam mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zim uchun va siz azizlar uchun shu kanaldan olgan, savollarga javob tariqasida berilgan, menga ta’siri eng kuchli bo‘lgan, asosiy 3 ta saboqni xabarini berishga ijozat bering. 1. Inson qanchalik Qur’on va sunnatga amal qilsa hayoti go‘zallashib boraveradi. 2. Inson shariatni o‘z nafsiga bo‘ysundirishi emas, o‘z nafsini shariat qonunlariga bo‘ysundirishi kerak. 3. Ayolning asosiy vazifasi – farzand tarbiyasidur. O‘zi 1-aytib o‘tilgan gap butun insoniyatga kifoya qiladikuya ammo qolganlarini eslatish mo‘minlarga foyda beradi degan maqsadda yozdim. Ming afsuslar bo‘lsinki, oxirgi savol-javoblarda ayollarimiz erining kap-katta ukasining ichki kiyimlarini yuvishi, xonasini yig‘ishtirishi va hokazolar uning vazifalariga kirishini aytishgan. Afsuslar bo‘lsin, bu hali zikr ahliga berilgan bitta savol. Bunday holatlar jamiyatimizda ko‘p uchraydi. Daxriylar tuzumining qulaganiga 30 yilga yaqinlashmoqda, biz esa hali ham dinga to‘liq amal qilishga o‘tmadik, farzandlarimizning tarbiyasiga asosiy mas’ul bo‘lgan mastura ayollarimizga butun uyning mayda-chuyda ishlarini buyurib, ularni zamonaviy qulga aylantirib qo‘yib Buxoriy, Termiziy, Moturidiylar etishib chiqishidan umidvormiz. Mantiqsizlik bo‘lsa shuncha bo‘ladi-da! Shayx hazratlarining bir ma’ruzalari hali ham qulog‘im ostida bong uradi. Mazmuni quyidagicha: “Gaplarimiz, ma’ruzalarimiz g‘oyatda yig‘latadigan, ko‘zlarga yosh keltiradigan bo‘lishi mumkin ammo bularga amal qilmasak bulardan nima foyda?” Ana! Butun umrini din g‘amiga bag‘ishlagan insonning gapi. Endi aytmoqchi emas edim-ku shu ishga majbur bo‘ldim. Ayolim ikkalamiz shayx hazratlarining kitoblarini o‘qib, shu ma’lumotlarga va shu zikr ahli hay’atining har bir javoblarini qabul qilishga intilamiz. Ikkilanishsiz. Alhamdulillah, hayotimiz gullab-yashnamoqda. Ko‘p savollardan o‘zimizga ham xulosalar qilamiz, boshqalar bergan savol bizning bermoqchi bo‘lib yurgan savollarimiz bo‘lib chiqadi, zikr ahlini bezovta qilishga hojat qolmaydi. Buning uchun har doim shu kanalni kuzatib borishingizni maslahat beraman. Taxminan 4-5 kunda yangi savol-javoblar bo‘ladi. Islomning dastlabki davrlarida quldorlik bo‘lgan lekin hattoki shu qullarga ham sahobalar muruvvat ko‘rsatishgan. Sahobalar ularni sen qulsan deb namozdan yoki farz ibodatlardan to‘sishganini hech o‘qimaganman. Hozir esa ahvolimiz teskari. Quldorlik tuzumi yo‘qolganiga ancha bo‘lgan, hamma hur inson. Ammo zamonaviy, undanam battar quldorlik keldi. Qaynota yoki qaynona kelinni qanchalik ko‘proq xorlasa shuncha huzurlanishadigandek ba’zi oilalarda. Gap o‘z egasini topadi. Undanam battari esa butun oila erga qo‘shilib kelinga qarshi. Qaynotani massaj qilish, qaynotaning, erni aka-ukasining ichki kiyimlarini yuvishga buyuradigan odam o‘zini iymonini taftish qilib qo‘ysa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Undan tashqari non, ovqat, dazmol, uy yig‘ishtirish, hammani ketini tozalash kabi ishlardan keyin kechirasiz, robotning ham batareykasi tugaydi. Eng yomoni bor: johil qaynona-qaynotalar yoki ba’zi vaqt kuyov to‘raning o‘zi kelinni ibodatdan, ro‘zadan to‘sishi. Yana eng achinarli sahna qiyomatda bo‘ladi: shu namozdan to‘sganlarni yoqasidan jabrdiydalar olmoqchi bo‘lganida qarabsizki, qiyomatning qo‘rqinchidan o‘sha aynan ibodatdan to‘sganlar orqasiga qaramay qochishadi. Bilib qo‘yaylik birodarlar, Allohning haqqi – eng ulug‘ haq hisoblanadi. Yana bizga kim kerak? Buxoriylar, Termiziylar va Moturidiylar kerak. Himmatimiz, harakatimiz yo‘q joyga bizga tog‘ning cho‘qqisi kerak. Bu xuddi hech bir uskunasi yo‘q odam, engil-yupun kiyimda, qishda dunyoning eng baland cho‘qqisini zabt etishni xohlaydigan nodon odamga o‘xshaydi. Bunday ayanchli, ta’lim-tarbiya etarlicha yoki umuman berilmagan sharoitda esa o‘g‘il yok qiz katta bo‘lganda sizga baqirib, gap qaytarganda sizni boshingizni bir urib yorib qo‘ymaganiga Allohga hamd aytib, shukr qilavering. Sababi unga hech kim dindan, Allohga ibodat qilish, ota-onaga yaxshilik qilish, silai rahmdan saboq bermagan-da! Din o‘z-o‘zidan singib qolarmidi. Shunday bo‘lganida payg‘ambarlarni Alloh odamlarga saboq berishi uchun dunyoga yubormasdi. Jamiyat rivojlanishi kerak deb ertalabdan kechgacha gapirish bilan esa ish bitib qolmaydi. O‘z xolimizni o‘zgartirmagunimizgacha esa Alloh bizni xolimizni o‘nglamaydi. Shuncha gunohlarimizga er yutmaganiga hamd aytib buyog‘iga hamma bir bo‘lib, xolis dinga amal qilishni boshlasak yurtimizga barakalar yog‘ilardi. Bizga Buxoriy kerakmi? Farzandi bor yoki farzand tarbiyalayotgan otalar o‘zingizni kamida Buxoriyni otasidek tuting. Eslang: u insonning otasining moliga shubha umuman aralashmagan edi! Farzandingiz sahobalardek solih bo‘lishsinmi? Demak siz ham o‘zingiz namuna bo‘lib farzandingizga 3 yoshidan “Alloh seni ko‘rib turibdi” deb aytishni o‘rgating, sahobalar rivoyatlaridan o‘qib bering. Saodat asri ruhoniyati uyingizda hukm sursin. Sunnatlarni shu darajada hayotingizga singdirib yuboringki, kelgusida yurtimizdan Qur’on hofizlariga o‘xshab hadis xofizlari chiqishsin. Farzand payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlari tirilgan uyda katta bo‘lsa hadis yodlashi oson kechadi. Xuddi u kundalik hayotini gapirib berayotgan odamdek hadis aytadigan bo‘ladi, insha Alloh. Keyingina Abdulloh ibn Umardek sunnatga og‘ishmay amal qiluvchi sahobiyga o‘xshagan solih farzandlarimiz tug‘ilajak! Biz esa Alloh huzurida pashsha qanoticha qadri yo‘q dunyoga mukkasidan ketganmiz, yana bizga firdavs jannatining to‘ri kerak. Kulgu umrni uzaytirar ekan deb, har xil bo‘lmag‘ur qiziqchilarning kontsertlarini bir yil intiqlik bilan kutib yashaymiz. Namozni esa shu darajada kutmaymiz. Namozni o‘qishimiz ahvoli haqida esa Ishoqjon domla Begmatov yaqinda Ramazon suhbatlarida aytganlaridek: “Jasad masjidda xolos. Fikr umuman dunyo tashvishlari bilan”. Televizor ko‘rishni kamaytiring degan javoblarni o‘qib turib ham butkul uzilib chiqolmaymiz. Zikr ahliga shu hangomalarni ko‘rish mumkinmi deb shaxsan o‘zim savol berganimda rad javobi keldi. Umuman ko‘rishni to‘xtatdim. Hayotim faqat yaxshi tomonga o‘zgardi. Biror joyim uzilib yoki kamayib qolgani yo‘q. Ko‘paygan narsa taqvo va ilm bo‘ldi. Buning uchun shu kanal a’zolariga tashakkur. Yana eng achinarli holatlarimizdan biri shuki, islom dini insoniyatni har jabhada ikki dunyo saodatiga erishtirishi aniq bo‘lganini bilgan holimizda amal qilishni yo‘lga qo‘ymaymiz. Beradigan savolimiz faqat shu g‘arbning kitoblarini o‘qisak bo‘ladimi degan qabilida. O‘zi ular ham hamma manbasi islom ta’limotlariga borib taqaladi. Insonlarga yoqish siri, boy bo‘lish siri, oila baxti, muvaffaqiyatlarga erishish sirlari, do‘st orttirish usullari, to‘g‘ri ovqatlanish va hokazolar. Shu kitoblarni biz albatta sotib olishimiz, seminar-treninglarga soati 100.000 so‘m bo‘lsa ham borishimiz shart. To‘g‘ri ovqatlanish kurslariga esa albatta falon pul sarflab borishimiz lozim. Bizga esa ular sunnatga muvofiq ovqatlanishni sal boshqacharoq qilib etkazib berishadi va mo‘may pulni olishadi. Oilani saqlab qolish va muammolarni hal qilish uchun esa o‘zini ruhiy holatiga ham, ta’bir joiz bo‘lsa o‘zining oilasidagi muammoga ham bir yordamchi murabbiy kerak bo‘lgan psixologga borishimiz, oilaviy sirlarimizni doston qilishimiz shart! Psixologni bitta qabuli 100.000-200.000 atrofida, agar qimmat bo‘lmasa. Birinchisi tekin bo‘lishi mumkin lekin qolganlari yaxshigina pul bo‘ladi. Kamiga falon martalar borishingiz kerak. Baxtiyor oila degan kitobni esa olib, o‘qib amal qilsangiz kifoya edi. Yo‘q, biz kitob o‘qimasak bo‘ldi. Kitob o‘qishga hafsala yo‘qolgan. Solih salaflarimiz esa kechasi kitob mutolaasida uyqusi kelsa yonida sovuq suv olib yuvib uyqusini qochirishgan. Dinimizda tayyor savob-ajr olish imkoniyati va butun insoniyat muammolariga echim bo‘lib turib, biz qaerlargadir borib yuramiz. Muammoyimizni chiroyli tahorat olib, tahminan bo‘yi 120 va eni 70 santimetrlik najot kemasi(joynamoz)ga chiqib olib, Alloh taologa yolvorib arz qilishdan bizni nima to‘sadi o‘zi?! Unga ortiqcha pul ham kerak emas-ku! Xolimizni isloh qilishga o‘tmasak qiyomatda qanday javob beramiz? Buxoriy va Termiziylarni qo‘ya turaylik, farzandlarimizdan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga o‘xshash olim chiqishi uchun ota-onalar nima qilishi kerak ekanini “Islomga bag‘ishlangan umr” kitobidan bemalol bilib olaverishingiz mumkin. Chunki ko‘pchiligimizning da’volarimiz osmon qadar-da! Biz nima xohlaymiz? Biz farzandlarimizning olim bo‘lib, dunyoning eng nufuzli mukofotlarini olishini, dunyoni titratgan olim bo‘lishini istaymiz. Miyamizda sahnalashtirish va xayol surish qobiliyatimizga gap bo‘lishi mumkin emas, besh baho. Himmatimiz esa nol butun milliondan birga ham teng emas. Biz o‘zimiz farzandlarimiz ko‘z oldida ayolimizni uramiz, televizorni “titratib”, tutuni chiqquncha ko‘ramiz, smartfonni quvvati tugaguncha “titratamiz”, kavlaymiz. Vaholangki, qalblarimiz-u vujudimiz titrab namoz o‘qishimiz kerak edi! Ust-boshimizga e’tibor berganchalik qalbimizga e’tibor berganimizda ancha muammolar hal bo‘larmidi. Bitta salafi solihdan ustingizga uncha e’tibor bermas ekansiz deb so‘rashganida, ichimni taftish qilib ustimga vaqtim qolmayabdi degan ekanlar. Bugungi kunimizdagi ahvolimiz qanday? Oxiri shu kanal a’zolari ham diniy savdomizni saviyasini ko‘rib ko‘ziga yosh olib oddiy savollarga javob berishayabti deb o‘ylab qolaman ba’zida. Chunki izlash xizmatidan foydalanishni bilishmaydi yoki erinishadi. Nazarimda oxiri shu izlash xizmatidan foydalaning deb javob yozsak, shu endi din o‘rganishni o‘rganayotgan odam ham sovib umuman dindan yiroqlashmasin deb oddiy savollarga ham javob berishmoqda. Bitta birodarimiz savol beribdilar. Oddiy savolligi va javobini ham o‘qimasdan turib, o‘zim hozir tafsiri hilolning falonchi oyatini keltirishsa kerak deb turgandim shunday bo‘lib chiqdi ham. Sababi men Tafsiri hilolni to‘liq o‘qib, yodlaganimdan emas, shu savol siyqasi chiqib ketganidan... O‘zim uchun izlash xizmatidan shu savolga javobni qidirsam 100 dan ortiq javob bor ekan. Alloh tavfiq bersin! Zikr ahlidan so‘rang hay’atini a’zolarining umrlariga Alloh barakalar bersin! Bunga o‘zim kanalni muntazam kuzatuvchisi sifatida guvohman. Biz aslida ko‘p masalalarni muhokama qilish darajasida bo‘lishimiz kerak emasmi?! Masalan, hurmatli zikr ahli men ruhiy tarbiya ilmida quyidagi bosqichdaman keyin nimalarni qilishim kerak? Yoki men shunday-shunday masalaga Kifoya kitobini 3 ta juzini o‘qib javob topa olmadim nima qilsam bo‘ladi desak edik, ahli ilmlarimizni vaqtini “3 taloqqa yo‘l bormikin” “jahl qilib ayolimni taloq qildim, endi pushaymonman” “faqat bomdodni o‘qisam bo‘ladimi” deb oddiy masalalar bilan vaqtlarini olmagan bo‘lar edik. Yaqindagi, 10-may kuni soat 13:34 dagi savol-javobga e’tibor qarating. Savol: Assalomu alaykum! Ro‘zani boshida 3 kun o‘rtasida 3 kun oxirida 3 kun tutsa bo‘ladimi? Javob: Va Alaykum assalom! Ro‘zani boshida 10 kun o‘rtasida 10 kun oxirida 10 kun tutsa bo‘ladi. Vallohu a’lam! Zikr ahlidan so‘rang hay’ati. Kulishingizni ham yig‘lashingizni ham bilmaysiz. Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, birodarlar asosiy maqsadimiz Alloh roziligiga erishish. Buning uchun esa Alloh ko‘rsatgan yagona haq din bo‘lgan Islomga amal qilishimiz shart. Rivojlanish ham, hayr-baraka ham shunda bo‘ladi. Boshqa yo‘li yo‘q. Hamma tanqidlar va fikrlar o‘z egalariga tegishli. Hamma bilib-bilib o‘ziga kerakli xulosalarni qilsa va dinga xolis amal qilishga o‘tishsa, shu satrlardan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lgan bo‘ladi. Alloh taolodan erkaklar butun ro‘zg‘or tashvishini qilib, ayollarga eng yaxshi ilm olish sharoitlarni ta’minlab berishini va farzand tarbiyasini eb-ichish va kiyinish barcha hoy-u havaslardan ustun qo‘yishlarini so‘rab qolamiz. Dastlab o‘zimga keyin musulmonlarga Allohdan salomat qalb, farosat, hidoyat, taqvo, hayo va dinda sobitqadamlik so‘rab qolaman. Oxirgi so‘zimiz, olamlarning Robbisi Alloh taologa cheksiz hamdlar bo‘lsin. Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Mulohaza qilganingiz uchun tashakkur. Vallohu a’lam!

22 Апрел 2022, 21:13 | Савол-жавоблар | 177 | Bola tarbiyasi
|
Boshqa savol-javoblar