Kreditsiz yashash mumkinku?!

Assalomu alaykum! Xo‘jayinim menga bankdan kredit karta ochibtilar va menga kerak bo‘lganda ishlatasn deb berdilar. Men xohlamadim chunki kredit harom narsaligini bilaman. Ularga gunohga qolamiz deb aytsam ham tushunishni xohlamayaptilar. O‘zlari esa ishlatib yuribdilar, oy oxiridan o‘tsa 25$ ustama qo‘shib to‘lanarkan. Shu karta meni nomimdaligi uchun va uni bizga ishlatayotganlari uchun men nima qilishimni bilmayapman. O‘zlari dindan xabarlari bor, harom-halolni yaxshi ajratadilaru, lekin pulga kelganda esa “bu erda hamma shunaqa qiladi” deyveradilar. Menga maslahat beringlar, iltimos. Oldindan rahmat deb qolaman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! U kishiga Ustozimiz rahimahullohning quyidagi oyatga qilgan tafsirlarini o‘qib bering. يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ ادْخُلُواْ فِي السِّلْمِ كَآفَّةً وَلاَ تَتَّبِعُواْ خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُّبِينٌ۝ 208. Ey iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq-oydin dushmandir. Ma’lumki, «Islom» so‘zi «Allohga bo‘ysunish» ma’nosini bildiradi. Bu holatda oyatning umumiy ma’nosi «Allohga butun borlig‘ingiz ila bo‘ysuning», degani bo‘ladi. Ya’ni Allohga bo‘ysunish to‘laligicha bo‘lsin. Tili bilan bo‘ysunib, dili bilan bo‘ysunmasdan yoki badani bilan bo‘ysunmasdan qolish kerak emas. Xullasi kalom, bo‘ysunish to‘laligicha, hamma tomondan bo‘lishi kerak. «Islom» so‘zining ma’nolaridan yana biri – «tinchlik»dir. U holda oyatning umumiy ma’nosi «Tinchlikka to‘lig‘icha kiring», degani bo‘ladi. Tinchlikka to‘lig‘icha kirish esa Islomni tatbiq qilish bilan amalga oshadi. Islomda tinchlik inson qalbining tinchligidan boshlanadi. Faqat banda va Parvardigor, borliq va oxirat haqidagi Islom aqiydalarigina har bir inson qalbiga tinchlikni solishi mumkin. So‘ngra qalbdagi bu tinchlik oilaga ko‘chadi. Islom oila tinchligi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ishga soladi. Oilalardagi tinchlik qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar orasiga ko‘chadi. Islomda qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar bilan tinch yashashning yo‘l-yo‘riqlari batafsil ko‘rsatib qo‘yilgan. So‘ngra bu tinchlik jamiyatga o‘tadi. Islomda har bir jamiyat o‘zaro tinchlikda yashash uchun nimalar qilishi lozimligi ham belgilab qo‘yilgan. Davlat miqyosida tinch yashashga esa qalb tinch, oila tinch, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ tinch, jamiyat tinch bo‘lganda erishiladi. Islomda davlat bilan fuqarolar orasidagi tinch-totuvlik asoslari ham, davlatlararo tinch-totuvlik yo‘l-yo‘riqlari ham mukammal yo‘lga qo‘yilgan. Oxiri kelib, Islom ko‘zlagan tinchlikda butun dunyo tinchligiga erishiladi. Unda barcha qalblar tinch, oilalar tinch, qo‘ni-qo‘shnilar tinch, qarindosh-urug‘lar tinch, jamiyatlar tinch, davlatlar tinch, hayvonot, nabotot va butun borliq tinch bo‘ladi, inshaalloh. «Islom»ning mashhur ma’nolaridan biri Alloh Muhammad alayhissalomga nozil qilgan dindir. Bu holatda oyatning umumiy ma’nosi – «Islom diniga to‘lig‘icha kiring» bo‘ladi. Islom insonning hayotini to‘lig‘icha qamrab olgan dindir. Insonning onadan tug‘ilib, qabrga kirgungacha bo‘lgan davrdagi har bir nafasi va harakati Islomning ixotasi doirasidadir. Islomga to‘lig‘icha kirish oraliq davrda, ya’ni butun hayot davomida butunligicha musulmoncha yashash, demakdir. Insonning tug‘ilishidan tortib, to ozuqalanishi, tarbiyalanishi, voyaga etishi musulmoncha bo‘lishi kerak. Balog‘at yoshiga etganda, din taklif qilgan barcha narsalarga to‘liq amal qilishi lozim. Inson o‘zining shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, siyosiy va yana hayotining boshqa sohalarida Islomga amal qilgandagina, Islom buyurgan hamma narsaga yurib, u qaytargan hamma narsadan qaytgandagina unga to‘liq kirgan bo‘ladi. Shundagina baxt-saodatga erishadi. Bugun xalqimiz orasida ko‘plarimiz nima qilyapmiz? Nomlarimizga, nasl-nasabimizga qaralsa, hamma musulmon. Kimligi surishtirilsa, «Men musulmonman», deydi-yu, ammo o‘zi g‘ayri muslimlarning ishini qilib yuradi. Yana: «Nimaga musulmon bo‘lsak ham, ishimiz yurishmayapti?» – deya noliydi. Dinga, Allohga tuhmat qiladi. Ko‘rayotgan ko‘rgiliklari o‘zi musulmon bo‘la turib, Islomda yashamayotganining oqibati ekanini xayoliga ham keltirmaydi. Holbuki, ayb o‘zida. Boshiga tushgan omadsizliklarni Islomdan ko‘rishga hech bir musulmonning haqqi yo‘q. Islom bir-birini to‘ldirib keluvchi turli ta’limotlar va amallarning majmuasidir. Namoz o‘qib turib, zakotni inkor qilsa bo‘lmaydi. Aqiydani musulmoncha qilib turib, oilada xristiancha yashasa bo‘lmaydi. Hamma-hammasi musulmoncha bo‘lishi kerak. Oyatning oxiri Islomdan boshqa yo‘lga yurish shaytonning izidan ergashishdan boshqa narsa emasligini va u ochiq dushman ekanini ta’kidlayapti: «…va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq-oydin dushmandir». Demak, Islomga to‘laligicha kirilmaganda, shaytonning izidan ergashilgan bo‘lar ekan. Keyingi oyatda ushbu bayonotdan so‘ng ham boshqa yo‘lga moyil bo‘lishning oqibati tushuntiriladi:  فَإِن زَلَلْتُمْ مِّن بَعْدِ مَا جَاءتْكُمُ الْبَيِّنَاتُ فَاعْلَمُواْ أَنَّ اللّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ۝ 209. Agar ochiq-oydin hujjatlar kelganidan keyin ham toyilsangiz, bilingki, albatta, Alloh o‘ta izzatlidir, o‘ta hikmatlidir. Shunchalik tushuntirishlar, hujjat, dalillar kelganidan keyin ham Islomga to‘lig‘icha kirmasdan, yo‘ldan toyib, boshqa yoqqa kirib ketsangiz, bilib qo‘yingki, Alloh O‘zining aziz (ya’ni quvvatli, qudratli va g‘olib) sifati ila sizni azobiga olsa, holingiz chatoq bo‘ladi. Alloh hikmatlidir. Borliqni hikmat bilan yaratgan. O‘zi yaratgan borliqda O‘zi yaratgan inson baxtli yashashi uchun yo‘l ko‘rsatuvchi ta’limotlarni ham hikmat bilan O‘zi nozil qilgan. Bandalarini Islomga to‘lig‘icha kirishga amr qilishi ham ayni hikmat. الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لاَ يَقُومُونَ إِلاَّ كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ قَالُواْ إِنَّمَا الْبَيْعُ مِثْلُ الرِّبَا وَأَحَلَّ اللّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا فَمَن جَاءهُ مَوْعِظَةٌ مِّن رَّبِّهِ فَانتَهَىَ فَلَهُ مَا سَلَفَ وَأَمْرُهُ إِلَى اللّهِ وَمَنْ عَادَ فَأُوْلَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ۝ 275. Riboni eydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni bo‘lgan kishidek turarlar. Bu ularning «Tijorat ham riboga o‘xshash-da», – deganlari uchundir. Holbuki, Alloh tijoratni halol qilgan, riboni esa harom qilgan. Bas, kimki Robbidan mav’iza kelganda to‘xtasa, avval o‘tgani o‘ziga va uning ishi Allohga havoladir. Kimki yana (riboga) qaytsa, ana o‘shalar olov sohiblaridir. Ular unda mangu qoluvchidirlar. Bizning tilimizda «ribo» so‘zi sudxo‘rlik deb tarjima qilib kelingan. Yaxshiroq tushunish, ma’noning Qur’oni Karimdagiga yanada yaqinroq bo‘lishi uchun aytish kerakki, arab tilida «ribo» so‘zi «ziyoda bo‘ldi», «ko‘paydi» degan ma’nolarni anglatadi. Shariatda esa qarz beruvchi qarzdordan ma’lum vaqt muqobiliga asl mol ustiga oladigan ziyoda ribodir. Riboning naqadar yomon narsa ekanini kishilar ongiga avval boshdan yaxshilab o‘rnatish maqsadida oyati karima sudxo‘rning qiyomatdagi holini bayon qilish bilan boshlanmoqda. Qiyomatdagi har bir odamning sirtki holidan ishi qanday ekani bilib olinadi. Xuddi o‘sha kuni odamlar qabrlaridan turayotganlarida, sudxo‘rlar albatta o‘zlariga xos bir holatda turar ekanlar. Ularning qabrdan turishlarini ko‘rganlar hech kim tanitmasa ham, «Anavilar sudxo‘rlar», – der ekan. Ularning bu holini oyati karima quyidagicha vasf qiladi: «Riboni eydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni bo‘lgan kishidek turarlar». Ya’ni ularning o‘zlarini tutishlari sog‘-salomat, aqlli kishilar kabi bo‘lmaydi. Odatda jin urib, aqldan ozgan kishilar tartibsiz va noto‘g‘ri harakat qiladilar. Dovdirab, o‘zini har tarafga urib, uyat ishlarni ham qilaveradilar. Sudxo‘rlarda ham ana o‘sha holat bo‘lar ekan. Ba’zi tafsirchilarimiz «Sudxo‘rlarning bu holatlari faqat qiyomat kuniga bog‘liq emas, balki bu dunyoda ham shunday bo‘ladi», – deganlar. Ularning bunday ayanchli holatga tushishlarining sababi kelgusi jumlada bayon qilinadi: «Bu ularning «Tijorat ham riboga o‘xshash-da», – deganlari uchundir». Sudxo‘rlar «Ribo halol», deb e’tiqod qiladilar va uni tijoratga o‘xshatadilar. Tijoratda moliyaviy muomala ortidan foyda kelganidek, sudxo‘rlikda ham foyda keladi, deb o‘ylaydilar. Boz ustiga, ularning «Tijorat ham riboga o‘xshash-da», – deyishlaridan «Ribo aslida halol qilingan narsa, tijorat ham unga o‘xshab, halol qilingan» degan ma’no kelib chiqmoqda. Vaholanki: «…Alloh tijoratni halol qilgan, riboni esa harom qilgan». Chunki tijoratda foyda ko‘rishning ham, kuyib qolishning ham ehtimoli bor. Tijoratda insonning mehnati, mahorati, atrofdagi tabiiy holatlarning foyda ko‘rish yoki zarar tortishga ta’siri bor. Savdogar foyda ko‘rishga umid qilish bilan bir vaqtda kuyib qolishni ham bo‘yniga olgan holda ish boshlaydi. Mehnat qilib, odamlarga kerakli mollarni olib keladi, saqlaydi va boshqa xizmatlarni qiladi. Sudxo‘r-chi? U hech narsa qilmay, joyida o‘tiradi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, foyda olishi muqarrar. Kuyib qolish xavfi yo‘q. Mazkur sabablarga va yana zikr qilinmagan boshqa sabablarga ko‘ra, tijorat inson hayotida qo‘llanishga halol, sudxo‘rlik esa harom qilingan. Ushbu oyati karimalar nozil bo‘layotgan paytda ko‘p moliyaviy muomalalar ribo asosida yuritilar edi. Shuning uchun ushbu oyati karimadan kelib chiqqan hukmdan avvalgi ishlar o‘z holicha qoldirildi. Aks holda avvalgi iqtisodiy aloqalarning hammasini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelardi. «Bas, kimki Robbidan mav’iza kelganda to‘xtasa, avval o‘tgani o‘ziga va uning ishi Allohga havoladir». Ya’ni Alloh riboning hukmini bayon qilgandan keyin riboviy muomalalardan to‘xtasa, eski ishlari o‘ziga, u muomalalarni qayta ko‘rishga hojat yo‘q. O‘tgan davrdagi muomalalari Allohga havola: xohlasa kechib yuboradi, xohlasa iqobiga oladi. «Kimki yana (riboga) qaytsa, ana o‘shalar olov sohiblaridir. Ular unda mangu qoluvchidirlar». Alloh taolo tomonidan riboning haromligi haqida oyat kelganiga ham qaramay, kimki yana riboga qaytsa, unday odam albatta do‘zaxiy bo‘ladi, do‘zaxiy bo‘lganda ham, undan hech qachon qaytib chiqa olmaydigan, abadiy qoladigan do‘zaxiy bo‘ladi. Kelasi oyatda sudxo‘rlikning kasofati faqat oxiratdagina emas, balki bu dunyoda ham urishi eslatiladi: يَمْحَقُ اللّهُ الْرِّبَا وَيُرْبِي الصَّدَقَاتِ وَاللّهُ لاَ يُحِبُّ كُلَّ كَفَّارٍ أَثِيمٍ۝ 276. Alloh riboni nobud qilur va sadaqalarni o‘stirur. Va Alloh har bir kofir, gunohkorni suymas. Bandalar pul-mollari ziyoda bo‘lishi uchun riboxo‘rlik qiladilar va o‘zlariga kelgan foydani sanab yuradilar. Aslini olganda, ishi buning teskarisi bo‘ladi.Chunki: «Alloh riboni nobud qilur». Sudxo‘rning puli hisob jihatidan ko‘p bo‘lsa ham, Alloh uning barakasini ko‘tarib, egani o‘ziga yuqmaydigan qilib qo‘yadi. Sudxo‘rni turli kasalliklarga duchor qiladi, tinchligini, xotirjamligini oladi. Yana biz bilmaydigan ko‘p balo-ofatlarga duchor qiladi. Shuningdek, sirtdan qaraganda, sadaqa qilgan kishilarning mollari kamayganga o‘xshaydi. Aslida esa ish buning teskarisi bo‘ladi: Alloh «…sadaqalarni o‘stirur». Agar hisobda sadaqa qiluvchining molining hajmi oz bo‘lsa ham, Alloh unga baraka ato qiladi, balo-ofatlardan saqlaydi, o‘zini tinch, xotirini jam qiladi. Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi qilgan rivoyatda Nabiy alayhissalom: «Ribo garchi ko‘paysa ham, oqibati, albatta ozayishga qaytadi», – deganlar. Imom Muslim va imom Termiziylar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom: «Kim halol kasbidan bir dona xurmo miqdoricha sadaqa qilsa, zotan, Alloh haloldan boshqani qabul ham qilmaydi, albatta, Alloh uni o‘ng qo‘li bilan qabul qiladi va sizlar toychoqni o‘stirganingizdek, o‘stirib, Uhud tog‘icha qiladi», – deganlar. «Va Alloh har bir kofir, gunohkorni suymas». Shundan ko‘rinib turibdiki, riboxo‘rlar kofir va gunohkor hisoblanar ekanlar. ("Tafsiri hilol" kitobidan “Baqara” surasi). Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 06:22 | Савол-жавоблар | 157 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar