Izor haqida

Assalomu aleykum Shayh hazratlari. Sizga savolim bor edi men hadis kitobda bir hadisni o‘qib qoldim ya‘ni Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) aytganlarki kimki izorini topiqdan past qilib kiysa jahannamga tushadi dedilar shu haqda sizning fikringiz qanday.Izor nima?Javob uchun oldin rahmat !Alloh bizning gunohlarimizni kechirsin. Omiyn!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Juda ham ajoyib hadis.«Izor» kishining belidan pastiga tutiladigan lungisifat kiyim.Ammo bitta hadisdan umumiy xulosa chirqarib bo‘lmaydi. Balki, bu mavzudagi boshqa hadislarni ham o‘rganib keyin xulosa chiqariladi. Bu esa ulamolarning ishi. O‘zicha bitta hadisning tarjimasini chala o‘qib olib o‘zini ham, o‘zgalarni ham fikrini chalg‘itishga o‘tmaslik kerak. Bu gapni ko‘p aytilgan va misollar bilan bayon qilingan. Aftidan, siz kitob o‘qimaydiganlardanga o‘xshaysiz. Shunday bo‘lsa ham, tushunib olishingiz uchun bir dona hadis va uning sharhini keltiramiz. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kim manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas», dedilar. «Ey, Allohning Rasuli, albatta, mening izorimning bir tarafi uni ushlab yurmasam tushib qoladir?» dedi Abu Bakr.«Sen manmanlik ila qiladiganlardan emassan», dedilar».Beshovlari rivoyat qilgan. Qadimda ham, hozirda ham ba’zi odamlar manmanlik, gerdayish, mutakabbirlik va boshqalarni kamsitish uchun turli yo‘llarni qo‘llab kelishgan va kelmoqdalar. Ana o‘sha noma’qul yo‘llardan biri kiyim-bosh ila manmanlik qilishdir. Islom manmanlik va mutakabbirlikning barcha turlarini harom qilgani hammaga ma’lum. Ana o‘shalar qatorida Allohning oxirgi va mukammal dini Islom kiyim-kechak ila manmanlik qilish, gerdayishni ham harom qilgandir. Harom qilganda ham, qattiq lahjada harom qilganligini ushbu hadisi sharifdan bilmoqdamiz.«Kim manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas»O‘sha paytda, arabiston sharoitida kiyim bilan mutakabbirlik qilish, kiyimni keragidan uzun qilib olib, boshqalarni pisand qilmay, uzun kiyimni erga sudrab yurish bilan ifoda qilinar edi. Bu hadisi sharif kim o‘sha ishni qilsa Alloh taolo qiyomat kuni unga qaramasligi, undoq nobakor banda o‘z Robbisining nazaridan qolishi haqida so‘z yuritmoqda. Qiyomat kuni bundoq holga duchor bo‘lishi banda uchun cheksiz musibatdir. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ushbu gapni eshitish bilan hassos inson Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu darhol larzaga tushdilar.«Ey, Allohning Rasuli, albatta, mening izorimning bir tarafi uni ushlab yurmasam tushib qoladir?» dedi Abu Bakr».Izor tikilmaydigan, inson kindigidan pastiga tutib oladigan kiyim ekanini avval o‘rgagan edik. Abu Bakr roziyallohu anhuning izorlari qo‘l bilan ushlab yurilmasa bir tarafi erga tushib qoladigan ekan. O‘sha holat ham qiyomat kuni mazkur baxtsizlikka sabab bo‘ladimi, degan savol berishlaridan u kishining o‘zlari haqida qayg‘urayotganlari ko‘rinib turibdi. Haqiqatdan ham shundoq bo‘lishi mumkinmi? Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu savolga quyidagi javobni berdilar.«Sen manmanlik ila qiladiganlardan emassan», dedilar».Demak, asosiy illat manmanlikda ekan. Ayniqsa Abu Bakr roziyallohu anhuga o‘xshash etuk insonlardan manmanlik sodir bo‘lish ehtimoldan uzoq. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning guvohliklari o‘zi etarli. Musulmon inson manmanlik, mutakabbirlikning turli ko‘rinishlaridan doimo uzoqda bo‘lishi kerak. Jumladan, ushbu bobda o‘rganganimiz kiyim bosh bilan kekkayishga hech yo‘l qo‘ymasligi kerak. Buning ehtiyot chorasi o‘laroq manmanlikka olib boradigan kiyimlarga yaqinlashishdan saqlanmoq maslahat beriladi.

27 Апрел 2022, 07:39 | Савол-жавоблар | 282 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar