Salama ibn Akva

Assalomu alaykum! Bizga berayotgan ta’limlaringizda Alloh kuch-quvvat va sizlarga barakotlar bersin. Salama ibn Akva degan sahoba bo‘lganmilar? Eshitishimcha juda chopqir sahoba bo‘lgan ekanlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Salama ibn Amr ibn Sino al-Akva’ al-Aslamiy, kunyalari Abu Muslim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki marta bay’at qilgan sahobalardan. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ettita g‘azotda ishtirok etganlar. «Zuv-hard» g‘azotida u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlar zarbasidan saqlab qolganlar. Usmon ibn Affonning xalifalik davrlarida Afrika g‘azotlarida ishtirok etgan, shijoatli kamonchi hamda chiroyli xulqli, oliyjanob sahobalardan edilar. Hammasi bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 77ta hadis rivoyat qilganlar. Bu kishidan Madina ahlidan ko‘p jamoatlar, o‘g‘illari Iyos, qullari Yaziyd ibn Abi Ubayd va boshqalar rivoyat qilganlar. Bu kishi rivoyat qilgan hadislarni uch «Sahih» sohiblari o‘z kitoblariga kiritganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kuchlilarimiz ichida eng yaxshisi Salama ibn Akva’dir», deb marhamat qilganlar. O‘g‘illari Iyos «Otam hech yolg‘on gapirmas edilar», deb aytadilar. Bu zot Madinada istiqomat qildilar. Keyin Madinadan uch mil uzoqlikda joylashgan Rabza nomli qishloqqa ko‘chib o‘tdilar. Hijratning 74-sanasida 80 yoshlarida ana shu erda vafot etdilar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 09:51 | Савол-жавоблар | 172 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar