Yuztuban yotish haqida

Assalomu alaykum! Go‘zal dinimizda mo‘min insonning yuztuban yotishidan qaytarilgan ekan, men bu holat haqida yaqinda xabar topdim. Menda savol tug‘ildi, yuztuban yotishdan aynan nima uchun qaytarilganmiz? Qur’onda kelganmi yoki sunnatdami? Inson yuztuban yotsa gunoxkor bo‘ladimi? Alloh ilimlarimizni ziyoda qilsin! Javobingiz uchun avvaldan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ibn Tixfa al-G‘iforiydan rivoyat qilinadi: «Unga otasi xabar berishicha, u suffa ashoblaridan bo‘lgan va quyidagilarni aytgan: «Kecha oxirida masjidda uxlab yotgan edim, birov oldimga keldi. Men yuztuban yotgan edim. U meni oyog‘i bilan turtib: «Tur, bu Allohning g‘azabini keltiradigan yotish», – dedi. Boshimni ko‘tarib qarasam, tepamda Nabiy sollallohu alayhi vasallam turgan ekanlar». Hadisdan ma’lum bo‘ladiki, yuztuban yotish mo‘min-musulmonlik odobiga zid ekan. Bunday yotishning uyquga ham, salomatlikka ham zarari borligi ma’lum. Alloh taolo xush ko‘rmaydigan bunday yotishdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham qaytargan ekanlar. Abu Umomadan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda yuztuban uxlab yotgan bir kishining oldidan o‘tayotib, uni oyoqlari bilan turtib: «Tur, bu – jahannamiy yotish», – dedilar». Bu hadis avvalgi hadisning ma’nosini takrorlab kelgan. Bu tarzda yotish shariatimizda durust emas ekan, bunga o‘rganib, odat qilib qolganlar uni darhol tark qilishlari lozim va lobuddir. Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Albatta bu do‘zax ahlining yotishidir” deganlar. Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 10:35 | Савол-жавоблар | 181 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar