Samarqand shahridagi Doniyor payg‘ambar qabri

Assalomu alaykum! Ancha oldinroq “Samarqand shahridagi Doniyor payg‘ambar qabri” deyilgan joy ularga tegishli emasligi to‘g‘risida javob berilgan edi. Doniyor payg‘ambar haqida to‘liqroq ma’lumot bersangizlar.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Tarix va siyar ilmining olimlari : Doniyor alayhissalom Banu Isroil payg‘ambarlaridan birlari bo‘lib, u kishini Baytul Maqdisni vayron qilgan, Banu Isroildan bir qanchasini qatl qilgan va Tavrotni yoqib yuborgan Buxtunnasr podshohning zamonasida yashaganlarini aytishadi. Ibn Abu Shayba sahih sanad bilan Anas roziyallohu anhudan bir rivoyatni keltiradilar. Sahobalar Tustarni fath qilganlarida tobutda burnining kattaligi bir ziro’ bo‘lgan bir kishini topdilar. Tustar ahli qahadchilik bo‘lganida uni ochiq havoga olib chiqishar va uni vasila qilib yomg‘ir so‘rashar edi. Abu Muso bu haqida halifa Umar ibn Xattobga maktub yo‘lladilar. Maktubning javobida Umar roziyallohu anhu : "U nabiylardan bir nabiydir. Olov va er anbiyolarni emaydi. O‘zing va sheriklaring fikr qilib, sizlardan boshqa hech kim bilmaydigan joyga uni dafn qilinglar" deb yozdilar. Anas roziyallohu anhu : “Men va Abu Muso ikkimiz uni dafn qildik” dedilar. Mutorrif ibn Molikdan: “Abu Muso Ash’ariy bilan birgalikda Tustarni fath qilishda qatnashdim. Sus degan joyda Doniyor alayhissalomni topdik. Sus ahli qahadchilikka uchrasalar, uni vasila qilib, Allohdan yomg‘ir so‘rashar edi. Doniyor alayhissalom bilan birga 60ta og‘zi berkitilgan ko‘zalarni ham topdik” deb rivoyat qilinadi. Ibn Abu Shayba rivoyati. Vallohu a’lam.

27 Апрел 2022, 10:46 | Савол-жавоблар | 172 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar