Mudassir surasi

Assalomu alaykum! Ishlarizga va hayotizga Alloh baraka bersin. Men “Mudassir” surasidagi oyatlar tarjimasi bo‘yicha savol bergandim. Lekin, javob olmadim savolni yana takrorlamoqchiman. “Mudassir” surasidagi 8-9-10-oyatlarni ma’nosini tushina olmayapman. Javobingiz uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! فَإِذَا نُقِرَ فِي النَّاقُورِ۝  فَذَلِكَ يَوْمَئِذٍ يَوْمٌ عَسِيرٌ۝ 8. Bas, vaqtiki, dudga puflansa... 9. Bas, o‘sha – o‘shal Kun qiyin Kundir. Ya’ni qiyomat qo‘psa, g‘oyat og‘ir kunlar keladi. عَلَى الْكَافِرِينَ غَيْرُ يَسِيرٍ۝ 10. U kofirlarga oson emasdir. Qiyomatning kattayu kichik barcha alomatlari bo‘lib o‘tganidan keyin tinch va osuda hayot boshlanadi. Jum’a kuni bo‘lganda, odamlar o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib turganlarida to‘satdan qiyomat qoim bo‘ladi. Shunda kiyimini yoygan kishilar yig‘ishga, oldi sotdi qilgan kishilar savdosini tugatishga, hatto tuyasini sutini sog‘ib kelganlar ichishga, hovuz qurib suv to‘ldirganlar esa, o‘sha suvidan ichishga ulgurmay qoladilar. Og‘ziga taom solmoqchi bo‘lganlar taomini og‘ziga sola olmay qoladilar. Hazrati Isrofil alayhissalom sur chalishlari bilan qiyomat qoim bo‘ladi. Surning ovozi avval engil, keyin shu qadar haybatli bo‘ladiki, barcha jonvorlarni halok qiladi. Hatto eru osmon va barcha narsalar ham parcha-parcha bo‘lib fano (yo‘q) bo‘lib ketadi. Bundan qirq yil o‘tib Hazrati Isrofil alayhissalom ikkinchi bor sur chaladilar. Shunda hamma qayta tirilib Mahshar maydoniga to‘plana boshlaydilar. وَنُفِخَ فِي الصُّورِ فَصَعِقَ مَن فِي السَّمَاوَاتِ وَمَن فِي الْأَرْضِ إِلَّا مَن شَاء اللَّهُ ثُمَّ نُفِخَ فِيهِ أُخْرَى فَإِذَا هُم قِيَامٌ يَنظُرُونَ 68. Va dudga puflandi. Osmonlaru erda kim bo‘lsa, qulab, o‘ldi. Alloh xohlaganlargina mustasno. So‘ngra unga yana bir bor puflandi. Bas, ular to‘satdan turib, intizor bo‘lurlar. (Zumar surasi). يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا رَبَّكُمْ إِنَّ زَلْزَلَةَ السَّاعَةِ شَيْءٌ عَظِيمٌ يَوْمَ تَرَوْنَهَا تَذْهَلُ كُلُّ مُرْضِعَةٍ عَمَّا أَرْضَعَتْ وَتَضَعُ كُلُّ ذَاتِ حَمْلٍ حَمْلَهَا وَتَرَى النَّاسَ سُكَارَى وَمَا هُم بِسُكَارَى وَلَكِنَّ عَذَابَ اللَّهِ شَدِيدٌ 1. Ey odamlar! Robbingizdan qo‘rqing! Albatta, Soat (qiyomat) zilzilasi ulkan narsadir. 2. Uni ko‘radigan Kuningizda, har bir emizuvchi emizayotgan narsasini unutar. Har bir homilador homilasini tashlar. Odamlarni mast holda ko‘rarsan. Holbuki, ular mast emas. Lekin Allohning azobi shiddatlidir. (Haj surasi). يَوْمَ يَخْرُجُونَ مِنَ الْأَجْدَاثِ سِرَاعًا كَأَنَّهُمْ إِلَى نُصُبٍ يُوفِضُونَ۝ 43. U Kunda xuddi sanamlarga chopayotgandek, go‘rlaridan shoshib chiqurlar. (Ma’orij surasi). Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 13:30 | Савол-жавоблар | 210 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar