Bu gunohmi?

Assalomu alaykum! Agarda bir kishi Alloh nomi bilan (oshkora yoki yashirin) qasam ichsa yoki ahd qilsa, qasamini uzrli yoki atayin bajarmasa gunoh bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Agar o‘sha qasam ichgan narsasi gunoh ish bo‘ladigan yoki gunohga sabab bo‘ladigan bo‘lsa, u qasamni buzib, kafforatini to‘lash kerak. Agar yaxshilik qilishga qasam ichilgan bo‘lsa, qasamni uddasidan chiqish kerak. Chiqa olmasa, kafforatini to‘lashi kerak. قَالَ اللهُ تَعَالَى:  لاَ يُؤَاخِذُكُمُ اللّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ وَلَكِن يُؤَاخِذُكُم بِمَا عَقَّدتُّمُ الأَيْمَانَ فَكَفَّارَتُهُ إِطْعَامُ عَشَرَةِ مَسَاكِينَ مِنْ أَوْسَطِ مَا تُطْعِمُونَ أَهْلِيكُمْ أَوْ كِسْوَتُهُمْ أَوْ تَحْرِيرُ رَقَبَةٍ فَمَن لَّمْ يَجِدْ فَصِيَامُ ثَلاَثَةِ أَيَّامٍ ذَلِكَ كَفَّارَةُ أَيْمَانِكُمْ إِذَا حَلَفْتُمْ وَاحْفَظُواْ أَيْمَانَكُمْ كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللّهُ لَكُمْ آيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ۝ Alloh taolo: «Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas. Lekin qasd ila tukkan qasamlaringiz uchun tutadi. Bas, uning kafforoti o‘z ahlingizni o‘rtacha taomlantirish miqdorida o‘nta miskinni taomlantirish yoki ularning kiyimi yoxud bir qul ozod qilishdir. Kim topa olmasa, bas, uch kun ro‘za. Ana o‘sha, agar qasam ichgan bo‘lsangiz, qasamingizning kafforotidir. Qasamlaringizni muhofaza qiling. Alloh sizga O‘z oyatlarini ana shunday bayon etadi. Shoyadki, shukr qilsangiz», degan («Moida» surasi, 89-oyat). Sharh: Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonning gapiradigan gapining ham hisobini qilib turishi, ba’zi gaplar uchun aybga buyurish bor-u, ba’zilari uchun yo‘q ekanligi haqida so‘z ketmoqda. Demak, inson hayotining hamma jabhalari qatori, uning gap-so‘zlarida ham halol-harom bor. O‘sha halol va haromni aniqlash, ularning hukmini chiqarish Alloh taoloning O‘ziga xosdir. Bu ishga aralashishga U zotdan boshqa hech kimning zarracha haqqi yo‘qdir. Insonni yo‘qdan bor qilgan Alloh uning qanday yashamog‘i lozimligini ko‘rsatib berishga ham faqat O‘zigina haqlidir. Insonga aql va til bergan Alloh o‘sha aqlni ishlatib, o‘sha til bilan qanday so‘zlarni aytganini tutadi-yu, qaysinisini tutmaydi – O‘zi biladi. Oyati karima «Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas» jumlasi ila boshlanmoqda. «Behuda qasam» deganda, til o‘rganib qolgan, beixtiyor gapga qo‘shilib ketadigan qasam iboralari nazarda tutiladi. Bu hol ayniqsa, arablarda ko‘p uchraydi. Ularda «Vallohi», «Billahi» deyish qasamni bildiradi. Bu lafzlarning aytilishi ham oson. Ularni so‘z orasida ishlataverib, tillari ham o‘rganib qolgan. Demak, ana shunday hollarda qasam lafzi beixtiyor og‘izdan chiqsa, Alloh uning uchun tutmas ekan. Mazkur lafzni aytish ayb hisoblanib, uning uchun jazo chorasi belgilanmas ekan. Avval ham ta’kidlanganidek, Islomda umuman qasam ichishga targ‘ib qilinmaydi. Shariat izn bergan joylarda qasam ichilganda ham, faqat Alloh taoloning nomi bilangina qasam ichiladi. Alloh taoloning nomi bilan hadeb qasam ichaverish esa durust emas. Ammo ba’zi kishilar tili o‘rganib qolganligi tufayli, beixtiyor qasam lafzini tiliga olgan bo‘lsa, ushbu oyat hukmiga binoan, unga jazo belgilanmaydi. Lekin behuda qasam ichgan kishi jamiyatda odobsiz, ishonchsiz va e’tiborsiz shaxsga aylanib qoladi. Shu bilan birga, shariatimizda ayb hisoblanadigan, jazo choralari belgilangan qasamlar ham bor. Alloh taolo biz o‘rganayotgan oyatning davomida: «Lekin qasd ila tukkan qasamlaringiz uchun tutadi», deydi. Bu jumlada qasamning mahkamligi hissiy ta’bir ila bayon qilinmoqda. Buning uchun «qasd ila» iborasining ma’nosiga «tukkan» iborasi ham qo‘shilmoqda. Bunda xuddi qasam bir hissiy narsa-yu, uni tugish mumkindek tasarruf qilinmoqda. Demak, qasamning buzilishi ayb hisoblanib, unga nisbatan jazo chorasi qo‘llanishi uchun qasd ila tugilgan – mustahkam niyat bilan ichilgan qasam bo‘lishi kerak ekan. Kim ana shunday mustahkam qasamni ado eta olmay, buzsa, unga nisbatan shar’iy jazo belgilanar ekan. Mazkur shar’iy jazo nimalardan iborat ekanligi oyatning davomida bayon qilinmoqda: «Bas, uning kafforoti o‘z ahlingizni o‘rtacha taomlantirish miqdorida o‘nta miskinni taomlantirish yoki ularning kiyimi yoxud bir qul ozod qilishdir». Arab tilida «kafforot» so‘zi bir narsani yaxshilab, hech ham ko‘rinmaydigan qilib to‘sib, berkitishga nisbatan ishlatiladi. Shariatda esa sodir etilgan gunohni yuvish uchun ado etiladigan moliyaviy yoki badan ibodatiga «kafforot» deyiladi. Ushbu biz o‘rganayotgan oyati karimaga binoan, ichgan qasamini buzishga majbur bo‘lgan inson ado etishi vojib bo‘lgan kafforot quyidagicha: 1. O‘nta miskinning qornini to‘ydirish. Mazkur miskinlarni to‘ydirishdagi o‘lchov kafforot beruvchi o‘z ahliga beradigan o‘rtacha taom miqdoridir. Agar kafforot ado etishi lozim bo‘lgan shaxs o‘nta miskinga taom berishni xohlamasa, ikkinchi xil kafforotni ado etishi ham mumkin: 2. O‘nta miskinga bir sidra kiyim olib berish. Kiyim ham o‘sha vaqtning, joyning va qavmning o‘rtacha kiyimi bo‘ladi. Agar bu ham yoqmasa, uchinchi xil jazo ham bor: 3. Bir qul ozod qilish. Qasamini buzgan kishiga kafforot uchun belgilangan jazo choralaridan Islom diyni beva-bechoralarga, kambag‘al-miskinlarga qanchalik e’tibor bilan qaraganligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Shuningdek, bu mukammal va olamshumul diynning qulchilikka qarshi bo‘lgani va qullarni ozod qilishga qattiq uringani ham ayon bo‘lmoqda. Islomda bu ishlar gunohlarni yuvadigan ibodat darajasiga ko‘tarilganligi e’tiborga sazovordir. Og‘ziga kuchi etmaydigan, o‘ziga e’tibor qaratish va bir ishni qilish yoki qilmasligini ta’kidlash maqsadida Alloh taoloning nomi bilan qasam ichib, so‘ngra o‘z qasamiga sodiq qola bilmagan odam aslida Allohga nisbatan katta beodoblik qilgan bo‘ladi. Bu ishning jazosiga boshqacharoq chora ham belgilash mumkin edi. Ammo Alloh taolo aynan faqir-miskin va qullarga mehr ko‘rsatib, ularning foydasini ko‘zlovchi choralarni belgilagan. Qasamini buzadiganlarning hammasi ham o‘nta miskinni to‘ydirish yoki ularga bir sidra kiyim olib berish yoxud bir qul ozod qilish imkoniga ega bo‘lavermaydi. Ularning ichlarida kambag‘allari ham bo‘lishi turgan gap. Ana shunday imkoni yo‘q qasamxo‘rlarga o‘ziga xos jazo chorasi belgilangan: 4. «Kim topa olmasa, bas, uch kun ro‘za». Demak, qasamini buzgan odam kafforotni ado qilish uchun o‘nta miskinni taomlantirish yoki shuncha adaddagi miskinga kiyim-bosh olib berish yoxud bir qul ozod qilishga moliyaviy imkoni yo‘q bo‘lsa, uch kun ro‘za tutib, kafforotni ado etishi vojib bo‘ladi. Avvalgi uch jazo chorasining ichidan birini tanlash ixtiyoriy bo‘lishi bilan birga, to‘rtinchi jazo chorasini ado etishga faqatgina mazkur uch chorani ado etishga imkoni yo‘q kishilargina muyassar bo‘ladilar. Shariatimizda qasamini buzgan kishilar uchun kafforot ado etishni joriy qilishda avval zikr qilingan foydalardan tashqari, tarbiyaviy omil ham bor. Qasamini buzgan odamga kafforot ado etishni vojib qilishda uni o‘ziga keltirish va va’z-nasihat omili bor. Bir marta kafforot ado etishga majbur bo‘lgan inson keyin har bir gapini yaxshi o‘ylab gapiradigan va Alloh taoloning nomi bilan qasam ichishdan oldin o‘ziga bir nazar soladigan bo‘ladi. Uning holini ko‘rgan boshqa kishilar ham ibrat olib, gaplarini o‘ylab gapiradigan bo‘lishadi. Oyati karimaning davomida yana quyidagilar aytiladi: «Ana o‘sha, agar qasam ichgan bo‘lsangiz, qasamingizning kafforotidir». Ya’ni, qasam ichgan bo‘lsangiz-u, lekin unga amal qila olmay, qasamxo‘r bo‘lib qolsangiz, yuqorida zikr etilgan jazolarni o‘tash bilan qasamni buzish tufayli sodir etgan gunohlaringizning kafforotiga (berkitilishiga) erishasiz. Zotan, qasam ichgandan so‘ng unga amal qilgan odamga hech qanday jazo yo‘q. Shuning uchun agar qasam ichgan bo‘lsangiz: «Qasamlaringizni muhofaza qiling. Alloh sizga O‘z oyatlarini ana shunday bayon etadi. Shoyadki, shukr qilsangiz». عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ مَصْبُورَةٍ كَاذِبًا فَلْيَتَبَوَّأْ بِوَجْهِهِ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim yolg‘ondan lozim qiluvchi qasam ichsa, o‘zining do‘zaxdagi o‘rindig‘iga o‘zi tayyorlanaversin», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan. وَلِمُسْلِمٍ وَالتِّرْمِذِيِّ وَأَبِي دَاوُدَ: مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ فَرَأَى غَيْرَهَا خَيْرًا مِنْهَا فَلْيُكَفِّرْ عَنْ يَمِينِهِ وَلْيَفْعَلْ Muslim, Termiziy va Abu Dovudlarning rivoyatida: «Kim bir narsa uchun qasam ichsa-yu, so‘ngra undan yaxshirog‘ini ko‘rib qolsa, qasamiga kafforot bersin va o‘shani qilsin», deyilgan. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 14:57 | Савол-жавоблар | 154 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar