Nikox to‘y va duo

Assalomu alaykum!  Hurmatli ustozlar, men insha Alloh shu yil 14-oktiyabr kuni uylanyapman. Sizlardan so‘ramoqchi bo‘lgan narsam, hozirgi kunda to‘ylarda oshiqcha isrofgarchiliklar juda ko‘p. Men esa oddi qilib o‘tkazmoqchiman. Masalan xonadonimizni o‘zida 2-3 soat oshna og‘aynilarim uchun o‘yin bazm qilib o‘tkazmoqchiman. Savolim mana shuday qilsam, ozgina bo‘lsa ham sunnatga yaqin bo‘ladimi?  Sizlardan qattiq iltimosim biz bo‘lajak oilalar haqqiga duo qilinglar iltimos. Allohim bizlarni haqiqiy musulmon oilalardan qilsa edi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! NIKOH TO‘YI Nikohni e’lon qilish va boshqa bir necha xayrli maqsadlarda to‘y qilish shariatda tavsiya qilingan amallardan hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onalarimizga uylanganlarida, o‘sha vaqtning sharoitidan kelib chiqib, o‘zlari oddiy va sodda to‘ylar qilganliklari ma’lum va mashhur. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ أَقَامَ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم بَيْنَ خَيْبَرَ وَالْمَدِينَةِ ثَلَاثًا يُبْنَى عَلَيْهِ بِصَفِيَّةَ بِنْتِ حُيَيٍّ، فَدَعَوْتُ الْمُسْلِمِينَ إِلَى وَلِيمَةٍ، فَمَا كَانَ فِيهَا مِنْ خُبْزٍ وَلَا لَحْمٍ، أَمَرَ بِالْأَنْطَاعِ فَأُلْقِيَ فِيهَا مِنَ التَّمْرِ وَالْأَقِطِ وَالسَّمْنِ، فَكَانَتْ وَلِيمَتَهُ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Xaybar bilan Madina orasida uch (kun) turdilar va Sofiya bintu Huyayga uylandilar. Men musulmonlarni valiymaga da’vat qilib keldim. Unda non ham, go‘sht ham yo‘q edi. U zot teri dasturxonlarni yozishga amr qildilar. Ularning ustiga xurmo, qurt va saryog‘ tashlandi. U zotning valiymalari shundan iborat edi». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Xaybardan Madinaga qaytayotib, Sofiya onamizga uylanishlari munosabati bilan kishilarga valiyma berganlar. Bu ziyofat, rivoyatda zikr qilinganidek, sodda va oddiy bo‘lgan. Non va go‘sht umuman bo‘lmagan. O‘sha davr kambag‘allarining kundalik taomlari – xurmo, qurt va sariyog‘ teridan qilingan dasturxon ustiga tashlab qo‘yilgan, valiymaga kelgan kishilar ana shulardan tanovul qilganlar. وَعَنْهُ قَالَ مَا رَأَيْتُ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم أَوْلَمَ عَلَى أَحَدٍ مِنْ نِسَائِهِ مَا أَوْلَمَ عَلَى زَيْنَبَ، أَوْلَمَ بِشَاةٍ رَوَاهُ الثَلَاثَةُ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z ayollaridan birortasiga Zaynabga valiyma qilgandek valiyma qilganlarini ko‘rmaganman. Unga bir qo‘y ila valiyma qildilar». Uchovlari rivoyat qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zaynab binti Jahsh onamizga uylangan vaqtlarida, imkoni bo‘lib qolib, bir qo‘y so‘yib to‘y qilgan ekanlar. Bu to‘y u zotning eng katta to‘ylari hisoblanganligi rivoyatda qayd qilinmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jigargo‘shalari Fotimai Zahro roziyallohu anhoning hazrati Ali roziyallohu anhu bilan to‘ylari quyidagicha bo‘lgan edi. To‘y kechasi bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolibga: «Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilmoq kerak», – dedilar. Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu: «Menda bir qo‘chqor bor!» – dedi. Ansoriylardan bir guruhi bir necha so’ jo‘xori jamlab kelishdi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi. Ziyofatdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali ibn Abu Tolibga: «Menga uchramaguncha bir narsa qilmay tur», – dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anho turgan joyga bordilar-da u kishiga: «Menga suv keltir», – dedilar. Kelinlikka tayyorlanib olgan Fotima roziyallohu anho bir idishda suv keltirdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam u suvdan Fotima roziyallohu anhoning ko‘ksilariga va boshlariga sepdilar-da: «Allohim, men Sendan bunga va buning zurriyotlariga quvilgan shaytonning yomonligidan panoh tilayman», – dedilar. So‘ngra u zot yana suv keltirishni talab qildilar. Bu safar Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu borib, haligi idishda suv keltirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga ham xuddi Fotima roziyallohu anhoga qilgan ishlarni va duolarni qildilar va: «Allohim, ikkovlariga baraka bergin, ikkovlarining ustilaridan baraka nozil qilgin va ikkovlarining zurriyotlarini barakali qilgin», – dedilar. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki muavvizataynni tilovat qildilar va: «O‘z ahling oldiga Allohning ismi va barakasi ila kiraver», – dedilar. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning qarindoshlari bu hodisani katta xursandchilik va marosim bilan nishonladilar. Hatto kuyovning amakisi Hamza ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhu ikkita jonliq so‘yib, madinaliklarga ziyofat ham berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarga to‘y qilish tavsiyalari haqidagi eng mashhur rivoyat «Abdurrohman ibn Avfning hadisi» nomi ila mashhur. Unda quyidagilar aytiladi. عَنْ أَنَسٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم رَأَى عَلَى عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ أَثَرَ صُفْرَةٍ، فَقَالَ مَا هَذَا؟ قَالَ يَا رَسُولَ الله، إِنِّي تَزَوَّجْتُ امْرَأَةً عَلَى وَزْنِ نَوَاةٍ مِنْ ذَهَبٍ، قَالَ بَارَكَ اللهُ لَكَ، أَوْلِمْ وَلَوْ بِشَاةٍ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuda sariq (rang) asarini ko‘rib: «Bu nima?» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, bir ayolga danak vaznidagi tillo (mahr berib) uylandim», dedi u. «Alloh senga baraka bersin! Bir qo‘y bilan bo‘lsa ham valiyma qilgin», dedilar». Beshovlari rivoyat qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuda kuyovlik belgisi bo‘lgan sariq rang alomatini ko‘rib, nima uchun yasanganlarini so‘radilar. U kishi bir ayolga uylanganlari, mahrga bir danak vaznida tilla berganlarini xabar qildilar. Bu miqdordagi tilla chorak dinor, ya’ni besh dirham kumush pulga teng kelar edi. Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu to‘y qilmay, uylanganlari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga: «Bir qo‘y so‘yib bo‘lsa ham, to‘y qil», – dedilar. Ushbu zikr qilingan va boshqa zikr qilinmagan dalillar e’tiboridan, ulamolar jumhuri: «Nikoh to‘yi qilish mustahabdir», deganlar. Shofe’iy mazhabidagi ba’zi ulamolar bu ishni «vojib», deganlar. Nikoh to‘yining shariatga kiritilishining bir necha hikmatlari bor: 1. Nikoh to‘yi odamlar orasida nikohni e’lon qilishdir. Odatda sovchilik va qudachilikdan ko‘pchilik xabardor bo‘lmaydi. Aqdi nikoh marosimida esa bir necha kishilargina ishtirok etadilar. Odamlar kelin-kuyovni birga ko‘rganlarida har xil fikrga bormasliklari, «bular nimaga birga yuribdi ekan?» demasliklari uchun nikoh to‘y orqali e’lon qilinadi. 2. Nikoh to‘yi qilishda kelin-kuyov va ularning yaqinlari qalbiga quvonch bag‘ishlash bordir. 3. Nikoh to‘yi tufayli kishilar orasidagi ijtimoiy aloqalar rivojlanadi, ularning orasidagi birodarlik mustahkamlanadi, mehr va muruvvat ziyoda bo‘ladi. 4. Nikoh to‘yi orqali musulmonlar orasidagi ijtimoiy tenglik yo‘lga qo‘yiladi. To‘yga kambag‘allarni taklif qilishga alohida e’tibor beriladi. وَكَانَ أَبُو هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ يَقُولُ شَرُّ الطَّعَامِ طَعَامُ الْوَلِيمَةِ يُدْعَى لَهَا الْأَغْنِيَاءُ وَيُتْرَكُ الْفُقَرَاءُ وَمَنْ تَرَكَ الدَّعْوَةَ فَقَدْ عَصَى اللهَ وَرَسُولَهُ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhu: «Taomning eng yomoni boylar da’vat qilinib, kambag‘allar tark qilgan valiyma taomidir. Kim da’vatni tark qilsa, batahqiq, Allohga va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga osiy bo‘libdi», – der edilar. Uchovlari rivoyat qilganlar. Islomda valiymalardan, umuman, birovga taom berish marosimlaridan asosiy maqsad, hojatmand kishilarni taomlantirish, ularning ko‘nglini ko‘tarishdir. Valiyma qilgan odam muhtoj kambag‘alga qaramay, boylarning eshigiga borib: «Mening valiymamga bir qadamingiz etib qolsa, baxtiyor bo‘lar edim», deb iltijo qilishi juda o‘rinsiz ishdir. Shuning uchun ham unday valiymaning taomini «eng yomon taom» deyilmoqda. Demak, valiyma qiluvchi kishi kimlarni chaqirishni ham bilishi kerak. Ziyofat dasturxoniga kambag‘al, beva-bechoralarni ko‘proq da’vat qilsa, ular ziyofatdan qorni to‘yib, qayg‘usi ketib, ko‘ngli ko‘tarilib ketsa, ehson o‘rniga tushgan bo‘ladi. 5. Nikoh to‘yi qilib, ko‘pchilikni chorlashdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri musulmonlar jamoasining yangi oila va kelin-kuyov haqqiga duolaridan umidvorlikdir. (“Baxtiyor oila” kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:43 | Савол-жавоблар | 186 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar