Qizlarni turmushga chiqish yoshi

Assalomu alaykum! Qizlarni turmushga chiqish yoshi xaqida dinimizda nima deyilgan? Yoshim 22da, ammo xech kimga ko‘nglim isimayapti. Oila qurib farzandli bo‘lishni istayman, ammo cho‘chiyapman nimadandir.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Quyidagi shartlar ayollarga ham tegishli. To‘g‘ri ba’zi erkaklarga xos bo‘lsada qolganlari ayollarga ham tegishli. Kishilarning turli holatlariga qarab, nikohda bo‘lishlari hukmi ham turlicha bo‘ladi.
1. Farz-vojib.
Agar bir inson nikohli bo‘lmasa, zinoga borishiga ishonib etsa va nikohga ketadigan sarf-xarajatga ega bo‘lgach, nikohdagi sherigiga zulm qilmasdan, haqqini ado etishiga ishonsa, bunday odamga nikoh farz-vojib bo‘ladi. Chunki musulmon kishining o‘z iffatini saqlashi, harom ishdan tiyilishi vojibdir.
Islom shariatida «vojib narsani ado etish uchun kerak bo‘lgan narsani qilish ham vojibdir» degan qoida bor. Bu erda ana shu qoidaga amal qilinadi.
Kishi o‘z iffatini saqlashi, harom ishga bormasligi vojib. O‘sha vojibni qilish uchun nikoh – uylanish lozim. Demak, u odam uchun uylanish – oila qurish vojib bo‘ladi.
2. Harom.
Agar bir inson nikohlanib, o‘zining nikohidagi sherigiga zulm qilishi va zarar etkazishiga ishonib etsa, bunday odam uchun oila qurish harom bo‘ladi.
Bu holatda Islom shariatining «haromga olib boruvchi narsa ham haromdir» degan qoidasi ishga tushadi. Birovga zulm qilish, zarar etkazish – harom. O‘sha zulm va zarardan iborat harom ish nikoh tufayli sodir bo‘lishi aniq bo‘lganligi uchun, bu holatda unga olib boradigan yo‘l – nikoh ham harom bo‘ladi.
3. Makruh.
Agar bir inson nikohlansa, o‘zining nikohdagi sherigi – jufti haloliga nisbatan zulm va zarar kelishidan qo‘rqsa, ammo to‘liq ishonmasa, bunday odam uchun nikoh makruhdir.
4. Sunnati muakkada.
Mo‘’tadil inson uchun, zinodan qo‘rqmaydigan, oila qursa, jufti haloliga zulm qilishdan, zarar etkazishdan ham qo‘rqmaydigan kishi uchun oila qurish sunnati muakkadadir.
Oyat va hadislarning ko‘pchiligida bayon etilgan, hukmi aytilgan holat kishilar orasida ommaviy suratda uchraydigan mana shu holatdir.
Nikohning, oilali bo‘lishning sunnati muakkada ekaniga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylanganlari va nikohda bardavom bo‘lganlari, sahobai kiromlar va keyingi avlodlarning uni mahkam ushlaganlari dalildir. Hanafiylar: «Bu sunnati muakkada vojibga teng», deydilar.
Kim bu ishni qilmasa, tarki sunnat qilgan hisoblanadi.
5. Muboh.
Uylanishga rag‘bat qildiruvchi narsalar ham, undan man qiluvchi narsalar ham bo‘lmagan holda nikoh muboh bo‘ladi.
Ushbu zikr qilingan narsalardan nikoh – oila qurish dinimiz targ‘ib qilgan ibodat ekanini bilib oldik. Erdir, ayoldir – har bir musulmon oila qurishdek mas’uliyatli ishdan chetda tura olmaydi. Ammo, bu ishga kirishishdan oldin har bir inson oila nima ekanini, u nima uchun va qaysi asosda qurilishini yaxshi bilib olmog‘i kerak.
Islom ta’limotlari bo‘yicha, oila quyidagi asos va maqsadlarda quriladi:
1. Oila Alloh taoloning roziligini topish, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning axloqlari, islomiy odoblar bilan o‘zini ziynatlash uchun quriladi. Bu odob va axloqlar oiladan tashqarida bo‘lishi mumkin emas. Misol uchun, mehribonlik, halimlik, adolat va o‘zaro yordamni olib ko‘raylik. Aslida, oila oliymaqom axloq namunalarining namoyon bo‘lishi, mustahkamlanishi uchun asosiy makon emasmi? Agar oila bo‘lmasa, bu narsalarga ko‘ngildagidek erishib bo‘ladimi? Boshqa odob va axloqlarni ham shunga taqqoslash mumkin. Alloh taoloning oyatiga amal qilib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga ergashib oila qurmoqdaman, deb niyat qilgan odam haqiqiy ibodatni ado etgan bo‘ladi.
2. Oilaviy hayotdan, er‑xotinlik aloqasidan sharafli maqsadlar ko‘zda tutilishi kerak. Oilaga eru xotinga ulug‘ va sharafli mas’uliyatlarni yuklovchi go‘zal bir hay’at deb qarash lozim.
Eru xotin o‘sha mas’uliyatlarni ado etish uchun himmatlarini oliy qilib, osonlik va qiyinchilik, kenglik va torlik vaqtlarida ham o‘zaro hamkorlik qilishlari kerak. O‘z oilalarini mustahkam qilib, oliyjanob farzandlar etishtirib, ummat uchun, vatan uchun foydalar keltirishga harakat qilishlari kerak. Bu esa, o‘z navbatida har kim o‘ziga yuklatilgan vazifalarni iymon asosida, vijdonan ado etishini taqozo qiladi.
3. Eru xotin orasidagi oilaviy aloqa muhabbat, taqdirlash, o‘zaro tushunish asosida bo‘lishi kerak.
Nikoh aloqasi ruhiy otifa – ko‘ngil aloqasidir. Bu aloqa abadiy va bardavom aloqadir. Shuning uchun ham bu aloqa muhabbat, rahm-shafqat asosida bo‘lishi lozim. Har bir odam ana shu ma’nolarni o‘ziga singdirib olgan holdagina oila qurishga harakat boshlashi kerak. (“Baxtiyor oila" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:43 | Савол-жавоблар | 192 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar