Qarz

Assalamu alaykum! Kim ushbu "Allohummakfinii bihalolika an haromika va ag‘ninii bifazlika amman sivok" duoni niyat va ixlos bilan farz namozlardan keyin o‘qib yursa, Alloh taolo unga qarzini uzishda yordam beradi – degan gapni eshitdim. Tashahhud va salovat o‘qib bo‘lgandan keyin bu duoni o‘qib, keyin salom beriladimi? Buni necha marta o‘qish kerak? Iltimos aniqroq tushuntirib bersangizlar, chunki qarzdorlikdan qiynalib ketdik. Kreditdan qarz emasmiz. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Farz namoziga salom berilgach o‘qiladi. Nafl namozlarida salovatdan keyin, salom berilishdan avval o‘qilsa ham bo‘ladi. QARZNI UZISh DUOSI عَنْ عَلِيٍّ  رضي الله عنه أَنَّ مُكَاتَبًا جَاءَهُ فَقَالَ: إِنِّي قَدْ عَجَزْتُ عَنْ كِتَابَتِي فَأَعِنِّي، قَالَ: أَلَا أُعَلِّمُكَ كَلِمَاتٍ عَلَّمَنِيهِنَّ رَسُولُ اللهِ  صلي الله عليه وسلم ؟ لَوْ كَانَ عَلَيْكَ مِثْلُ جَبَلِ ثَبِيرٍ دَيْنًا أَدَّاهُ اللهُ عَنْكَ، قُلِ: اللَّهُمَّ اكْفِنِي بِحَلَالِكَ عَنْ حَرَامِكَ، وَأَغْنِنِي بِفَضْلِكَ عَمَّنْ سِوَاكَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ. «Bir mukotab Ali roziyallohu anhuning oldiga kelib: «Men kelishilgan mablag‘ni topib berishdan ojiz bo‘ldim. Menga yordam bering», dedi. «Senga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga o‘rgatgan kalimalarni o‘rgatib qo‘yaymi? Agar zimmangda Sabiyr tog‘icha qarz bo‘lsa ham, Alloh uni sendan uzadi. «Allohumma! Ikfinii bihalolika an haromika va ag‘ninii bifazlika amman sivoka», degin», dedi». Termiziy rivoyat qilgan. Mukotab – xo‘jayini bilan ma’lum mablag‘ evaziga ozod bo‘lish uchun shartnoma yozgan qul. Sabiyr – Yamandagi bir tog‘ning nomi. Duoning ma’nosi: «Allohim! Menga haloling ila haromingdan kifoya qilgin. O‘z fazling ila meni o‘zingdan boshqalardan behojat qilgin». Kim ushbu duoni niyat va ixlos bilan farz namozlardan keyin o‘qib yursa, Alloh taolo unga qarzini uzishda yordam beradi. قَالَ أَبُو سَعِيدٍ  رضي الله عنه: دَخَلَ رَسُولُ اللهِ  صلي الله عليه وسلم الْمَسْجِدَ ذَاتَ يَوْمٍ فَإِذَا هُوَ بِرَجُلٍ مِنَ الْأَنْصَارِ يُقَالُ لَهُ أَبُو أُمَامَةَ، فَقَالَ: «يَا أَبَا أُمَامَةَ، مَا لِي أَرَاكَ جَالِسًا فِي الْمَسْجِدِ فِي غَيْرِ وَقْتِ صَلَاةٍ؟» قَالَ: هُمُومٌ لَزِمَتْنِي وَدُيُونٌ يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: «أَفَلَا أُعَلِّمُكَ كَلَامًا إِذَا قُلْتَهُ أَذْهَبَ اللهُ هَمَّكَ، وَقَضَى عَنْكَ دَيْنَكَ»، قُلْتُ: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: «قُلْ إِذَا أَصْبَحْتَ وَإِذَا أَمْسَيْتَ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْهَمِّ وَالْحَزَنِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنَ الْعَجْزِ وَالْكَسَلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنَ الْجُبْنِ وَالْبُخْلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ غَلَبَةِ الدَّيْنِ وَقَهْرِ الرِّجَالِ»، قَالَ: فَفَعَلْتُ ذَلِكَ فَأَذْهَبَ اللهُ هَمِّي وَقَضَى عَنِّي دَيْنِي. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ. «Abu Sa’id roziyallohu anhu dedi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirgan edilar, ansorlardan Abu Umoma degan kishini ko‘rib qoldilar. Shunda u zot: «Ey Abu Umoma! Masjidda namoz vaqtidan boshqa vaqtda o‘tirganingni ko‘ryapmanmi?» dedilar. «Meni g‘amlar va qarzlar bosdi, ey Allohning Rasuli!» dedi. «Senga agar aytsang, Alloh g‘amlaringni ketkazadigan va qarzlaringni uzadigan kalimalarni o‘rgatib qo‘yaymi?» dedilar. «Ha, ey Allohning Rasuli!» dedi. «Tong ottirsang va kech kiritsang, «Allohumma! Innii a’uuzu bika minal hammi val hazani va a’uuzu bika minal ajzi val kasali va a’uuzu bika minal jubni val buxli va a’uuzu bika min g‘olabatid-dayni va qohrir-rijali», degin», dedilar. O‘shandoq qilgan edim, Alloh g‘amlarimni ketkazdi va qarzlarimni uzdi». Abu Dovud rivoyat qilgan. Duoning ma’nosi: «Allohim! Sendan g‘am bosishidan, mahzunlikdan panoh so‘rayman. Ojizlikdan, dangasalikdan panoh so‘rayman. Qo‘rqoqlikdan, baxillikdan panoh so‘rayman. Qarzga botishdan va odamlarning qahridan panoh so‘rayman». Kim ushbu duoni niyat va ixlos bilan ertalab va kechqurun o‘qib yursa, Alloh taolo unga qarzini uzishda yordam beradi.(“Qarz” kitobidan). Vallohu a’lam.

27 Апрел 2022, 18:03 | Савол-жавоблар | 174 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar