Doimiy kelib turuvchi savob
Assalomu alaykum! Oxiratgacha savob olib kelib turadigan ishlar barcha mo‘minlarning ulkan orzularidan biri deb bilaman. Iltimos, shunday ishlar haqida ma’lumot bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِذَا مَاتَ ابْنُ آدَمَ انْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ: صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki odam bolasi o‘lsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqadan, manfaat oladigan ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmaganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharif ham Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda. Ma’lumki, musulmon kishi sof niyat bilan qilgan har bir yaxshi amali uchun savob olishga musharraf bo‘ladi. Kiromul kotibin farishtalar uning «Nomai a’moli»ga zarra miqdoricha yaxshiligi bo‘lsa ham, o‘shanga yarasha savobni yozib turadilar. Agar bemor bo‘lib, uzr ila odatdagi yaxshilik amalini qila olmay qolsa ham, farishtalar unga xuddi o‘sha amalni qilgandek savob yozadilar. Vaqti-soati kelib, inson vafot etsa, yaxshi amallarini mutlaqo qila olmay qoladi. Bundan keyin qilishdan ham umid uziladi. Endi undan hayotligidagi amallari – qiladigan ibodat va yaxshiliklariga yoziladigan savoblar ham kesiladi. Namoz o‘qiganligi, ro‘za tutganligi, tilovat, zikr qilganligi va boshqa yaxshi amallarni qilganligi uchun yoziladigan savoblar to‘xtaydi. Chunki endi u vafot etdi – ibodat qilishdan, amali solih qilishdan to‘xtadi. Shuning uchun har bir mo‘min banda tirik chog‘ida solih amalni ko‘proq qilib qolishga urinmog‘i lozim. Shu bilan birga, mo‘min kishiga tiriklik chog‘ida oxiratni o‘ylab, vafotidan keyin ham savobi uzilmay, borib turadigan amallarni qilib olish imkoni berilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ushbu hadislarida odam bolasi vafot etganidan so‘ng amali kesilishini aytish bilan birga, undan keyin ham savobi etib turadigan amallar uchta ekanligini ta’kidlamoqdalar: 1.«Joriy sadaqa». «Joriy sadaqa» deyilganda musulmonlarga doimiy ravishda foyda berib turadigan xayrli ishlar ko‘zda tutiladi. Misol uchun, ko‘pchilik foydalanishi uchun qurilgan ko‘prik, quduq yoki ariq qazib, suv keltirish, doimiy manfaat berib turadigan boshqa vaqflar shular jumlasidandir. Toki bu narsalardan mo‘min-musulmonlar foyda olib turar ekanlar, o‘sha ishlarni qilgan odamga uning vafotidan keyin ham savob yozilib turadi. Musulmonlar bu toifa ishlarni qadimdan ixlos bilan qilib kelganlar. Islom olamining turli joylarida ko‘plab vaqflar tashkil qilganlar. Beva-bechoralarga, tolibi ilmlarga, musofirlarga, hojilarga, qariyalarga, hatto egasiz, adashib qolgan hayvonlarga atalgan vaqflar bo‘lgan. O‘sha vaqflar orqali mazkur toifalar doimiy ravishda manfaat olib turganlar. Mazkur xayrli ishlarni qilgan kishilarning «Nomai a’mol»lariga ularning vafotlaridan keyin ham savob yozilib, oxiratlariga foyda berib kelgan. Agar joriy sadaqalari qiyomatgacha musulmonlarga foyda berib tursa, ularga ham qiyomatgacha savob qo‘shilib turaveradi. 2. «Manfaat olinadigan ilm». Mo‘min odam o‘z vafotidan so‘ng ortidan manfaat beradigan ilm qoldirsa, savobi uzilmaydigan amal qoldirgan bo‘ladi. Bu esa ilmning asari doimiy bo‘lishidir. Kishi qanday qilib o‘zidan keyin manfaat beradigan ilm qoldira oladi? Bu ish avvalo boshqalarga ilm o‘rgatish bilan amalga oshadi. Modomiki, shogirdlar, shogirdlarning shogirdlari o‘sha ilmni ishlatmoqdami, kishilarga manfaati etmoqdami, ustozga savob yozilib turaveradi. Ikkinchisi kitob yozib qoldirish bilan bo‘ladi. Qur’on, hadis va diniy ilmlar bo‘yicha, musulmonlarga foyda keltiradigan boshqa ilmlar bo‘yicha iymon va ixlos bilan kitob yozib qoldirgan kishiga, agar kitobidan musulmonlar foydalanib turishsa, u o‘lganidan keyin ham savob etib turaveradi. Uchinchisi ilm yo‘lida xizmat qilish bilan bo‘ladi. Misol uchun, imkoniyati bor odam tolibi ilmlarga, ustozlarga ilm yo‘lida yordam berib, madrasa qurdi, kitob chop ettirdi, o‘z mablag‘idan kutubxona qildi. Mana shunga o‘xshash ishlar ilm yo‘lida xizmat qilish hisoblanadi. Bularni qilgan odamlar vafot etib ketsalar ham, savoblari uzilmay, ularga borib turadi. Mo‘min-musulmonlar bu kabi ishlarga doimo katta e’tibor berib kelganlar. Shuning uchun ham Islomga to‘liq amal qilingan davrlarda musulmon olamida ilm keng miqyosda tarqalgan, dunyo ahamiyatiga molik ulug‘ allomalar etishib chiqqanlar. Musulmonlarchalik ko‘p olim etishtirgan millatni tarix bilmaydi. Shuningdek, ilm o‘rganuvchilar ham ko‘p bo‘lgan. Bu holatni yaxshilab o‘rgangan g‘arblik sharqshunoslardan biri insof bilan: «Musulmonlar yoppasiga madrasaga qatnaydigan millat bo‘lgan», deb yozadi. Musulmon hokimlar va boylar ham ilm yo‘lida xizmat qilish uchun katta himmat ko‘rsatganlar. Nafaqat ular, balki har bir musulmon ilm yo‘lida qo‘lidan kelgan ishni qilgan. Dehqonlar madrasalarning vaqf erlarida navbat bilan Alloh yo‘lida, haq olmay, ishlab berganlar. Hunarmandlar hunari bilan, chorvadorlar chorvasi bilan, xullas, har kim o‘z imkoniga qarab, bu ishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shganlar. Shu tariqa xalq ilmiy ishlarni yo‘lga qo‘yishda faol qatnashgan. Ularning bu ishlarda fidokorlik ko‘rsatishdan birdan-bir maqsadlari, doimiy ravishda savobi uzilmay, etib turadigan amallarga etishish edi. Alloh taolo, albatta, ularni noumid qilmagan. Hozirda kitoblari o‘qib turilgan ulamolarga, albatta, ilmlarining savobi etib turibdi. Ularning shogirdlarining shogirdlari Allohga: «Ustozlarimizni mag‘firat qilgin», deb duo qilib turibdilar. Ular qurgan madrasalaru qoldirgan vaqflari, qo‘lyozmalari va boshqa asarlardan hosil bo‘lgan savoblar ham tinmay etib turibdi. 3. «Haqqiga duo qiladigan solih farzand». Mo‘min kishi vafot etganidan keyin ham, agar farzandi uning haqqiga duo qilsa, savobi etib turadi. Buning uchun esa mo‘min-musulmon kishi o‘z farzandini duo qiladigan taqvodor musulmon qilib tarbiyalashi lozim. Zotan, mo‘min ota-onaning farzand ko‘rish va uni tarbiya qilishdan maqsadi ham shu. Ota-ona «o‘lganimdan keyin meni yo‘qlasin, haqqimga duo qilsin», deb farzand boqadi. diniy tarbiya berishdan maqsad ham shu! Farzandning mo‘min-musulmon, taqvodor bo‘lishi, ota-onasining ortidan duo qilib turish mas’uliyatini unutmasligigina bu maqsadga erishtiradi. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Odam bolasining vafotidan so‘ng uch amaldan boshqasi kesiladi. 2. Joriy sadaqa qilgan odamning savobi o‘limidan keyin ham uzilmaydi. 3. Manfaatli ilm qoldirgan kishining savobi o‘limidan keyin ham uzilmay, etib turadi. 4. Solih farzand qoldirgan kishining savobi ham uzilmaydi. Endi ushbu hadisi sharifning hikmatiga bugungi hayotimiz voqeligi asosida bir nazar solaylik. Joriy sadaqa qilish ko‘plab Islom diyorlarida davom etmoqda. Musulmonlarning vaqflari yaxshi saqlanib kelinmoqda. Ko‘pgina musulmon davlatlarda vaqf vazirliklari ishlab turibdi. Vaqf mulklar o‘z egalari tomonidan vasiyat qilingan maqsadda ishlatilmoqda. Vaqflarga nozir bo‘lgan kishilar o‘z xizmat haqlarini vaqfga tushadigan foydadan olib, vaqfni kengaytirish, yaxshi saqlashga harakat qilmoqdalar. Asosiy mablag‘ vaqfning egasi qo‘ygan shartga muvofiq ishlatilayotir. Misol uchun, kambag‘allar uchun, deb bir do‘konni vaqf qilgan bo‘lsa, o‘sha do‘kondan tushgan mablag‘ kambag‘allarga sarflanadi. Bino vaqf qilingan bo‘lsa, o‘sha binodan kambag‘allarga joy beriladi yoki ijaraga odam qo‘yilib, tushgan mablag‘ kambag‘allarga tarqatiladi. Madrasaga, deb vaqf qilingan bo‘lsa, o‘sha vaqfdan tushgan mablag‘ madrasa foydasiga sarf qilinadi. Shunday qilib, hojatmand toifalarga doimiy yordam ishi yurib turadi, bunga birov daxl qila olmaydi. Manfaatli ilm qoldirish masalasi ham shunga o‘xshash. Ulamolar ko‘proq shogirdlar etishtirib chiqarishlari uchun bu ishda boshqa musulmonlarning hamkorligi juda zarur. Kimdir ilmiy muassasalarni qurish, ularni jihozlash, saqlab turish ishlarida qo‘lidan kelgan yordamini beradi. Kimdir ustozlar va talabalarning maoshiga ko‘maklashadi. Yana boshqalar kitoblarni chop qilish yoki sotib olib berishda ko‘mak beradi. Xulosa qilib aytganda, shu yo‘lda xizmat qilishni xohlagan odam, ortimdan manfaatli ilmning savobi borib tursin, degan kishi o‘z imkoniga qarab, hissa qo‘shaveradi. O‘sha qilganiga yarasha savobini ham oladi. Bu savobli ish hozirgi paytda ham ko‘pgina Islom yurtlarida muvaffaqiyatli ravishda davom etmoqda. Albatta, bu ishga o‘z hissasini qo‘shganlar, hadisi sharifda zikr qilinganidek, o‘lganlaridan keyin ham kesilmaydigan amal qilgan bo‘ladilar. O‘zi vafot etib, savobli ish qilish imkoni tugagan bo‘lsa ham, uning «nomai a’moli»ga doimiy ravishda savob yozilib turadi. Mana shunday ishlarni qilmaganlar esa bunday baxtga sazovor bo‘la olmaydilar. Mazkur ishga qarshilik qilganlar, uning yo‘liga g‘ov bo‘lganlar esa ikki dunyoning la’natiga uchraydilar. Ortidan solih farzand qoldirish ham juda ezgu ish. Musulmon olamida farzand o‘stirishdan asosiy maqsadlardan biri shu ekanligini yuqoridagi jumlalarda ham aytib o‘tdik. Afsuski, keyingi davrda kishilar o‘z ortlaridan duo qiladigan solih farzand qolishiga e’tibor bermay qo‘ydilar. Islomiy tarbiya o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Natijada kishilarning ortidan duo qiladigan solih farzand emas, la’nat keltiradigan nobakor farzand qoladigan bo‘ldi. Hozirda kalimai shahodatni ham ayta olmaydigan, dinu diyonatdan bexabar, umrida peshonasi sajda ko‘rmagan, boshqa ibodatlarni qilishni xayoliga ham keltirmaydigan, dunyodagi hamma yomonliklardan tap tortmaydigan kimsalarni ota-onasining haqqiga duo qiladigan solih farzand deya olamizmi? Bunday farzandlar hech qachon o‘z ota-onalari ortidan savob yubora olmaydilar, aksincha, la’nat, qarg‘ish keltiradilar. Shuning uchun har bir farzand solih bo‘lmay, ota-onasining haqqiga duo qilmay yurgan bo‘lsa, darhol o‘zini o‘nglab olishi kerak. dinu diyonatli bo‘lib, ibodat qilib, namozlaridan, boshqa ibodat va yaxshi amallaridan keyin ota-onalari haqqiga duo qila olish darajasiga ko‘tarilishi lozim. Ana shunda Alloh taolo huzurida bandalik burchini, ota-onasi huzurida farzandlik burchini ado etgan bo‘ladi. Shu bilan birga, ota-onalar o‘z farzandlariga islomiy tarbiya berishga alohida e’tibor qaratishlari kerak. Ana shundagina ortlaridan duo qilib turadigan solih farzand qoldiradilar. Ana shundagina vafot etgandan keyin ham savobi kesilmaydigan amal qoldirgan bo‘ladilar. وَعَنهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ مِمَّا يَلْحَقُ الْمُؤْمِنَ مِنْ عَمَلِهِ وَحَسَنَاتِهِ بَعْدَ مَوْتِهِ عِلْمًا عَلَّمَهُ وَنَشَرَهُ وَوَلَدًا صَالِحًا تَرَكَهُ أَوْ مُصْحَفًا وَرَّثَهُ أَوْ مَسْجِدًا بَنَاهُ أَوْ بَيْتًا لِابْنِ السَّبِيلِ بَنَاهُ أَوْ نَهْرًا أَجْرَاهُ أَوْ صَدَقَةً أَخْرَجَهَا مِنْ مَالِهِ فيِ صِحَّتِهِ وَحَيَاتِهِ تَلْحَقُهُ مِنْ بَعْدِ مَوْتِهِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَالْبَيْهَقِيُّ وَابْنُ خُزَيْمَةَ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min kishiga uning o‘limidan keyin ham etib turadigan amali va go‘zal ishlaridan: sog‘lik va tiriklik chog‘ida o‘rgatgan va tarqatgan ilmi, ortidan qoladigan solih farzandi, meros qoldirgan Qur’oni, bino qilgan masjidi, g‘arib musofirlar uchun qurgan uyi, oqizgan arig‘i yoki o‘z molidan qilgan joriy sadaqasi bordir. Ularning savobi o‘limidan keyin ham etib turadi», dedilar». Ibn Moja, Bayhaqiy va Ibn Huzayma rivoyat qilganlar. Sharh: Bu hadisi sharif ham Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ushbu hadislarida bundan oldingi hadisda umumiy tarzda zikr qilingan ma’noni kengaytirib, sharhlab, bayon qilmoqdalar. «Mo‘min kishiga uning o‘limidan keyin ham etib turadigan amali va go‘zal ishlaridan». Ya’ni, mo‘min o‘lganidan keyin ham unga savobi etib turadigan solih amal va savobli ishlardan quyidagilar zikr qilinadi: 1. «O‘rgatgan va tarqatgan ilmi». «O‘rgatgan ilm» deyilganda, bevosita dars orqali ta’lim berilgan ilm ko‘zda tutiladi. Demak, mo‘min kishi boshqalarga ilm o‘rgatgan bo‘lsa, ularning o‘sha ilmdan oladigan savoblari unga o‘lganidan keyin ham etib turadi. «Tarqatgan ilm» degan jumla hammamizga tushunarli. Ilm tarqatishning yo‘li ko‘p. Bularga kitob yozish, ilmiy muassasalar qurish, ularni jihozlash, ahli ilmlarga yordam berish, kitob, turli matbuot vositalari orqali ilm tarqatish va shunga o‘xshash ishlar kiradi. Bunday ishlarni qilgan mo‘minga uning vafotidan keyin ham savobi etib turadi. 2. «Ortidan qoladigan solih farzandi». Bu haqda avvalgi hadis sharhida batafsil gapirildi. 3. «Meros qoldirgan Qur’oni». Tiriklik chog‘ida o‘zi o‘qib yurgan Qur’onni birovga meros qoldirsa va o‘sha Qur’on muntazam o‘qib turilsa, undan birinchi egasiga savob etib turadi. Agar Qur’on meros qoldirilmasa, bunday baxtdan mahrum bo‘ladi. Ba’zi yurt va xalqlarda umuman Qur’oni yo‘q odamlar, Qur’on o‘qiy olmaydigan odamlar ko‘p. Ular ushbu baxtdan mahrumdirlar. 4. «Bino qilgan masjidi». Modomiki, o‘sha masjid qoim ekan, undan hosil bo‘lgan savob uni bino qilgan kishilarga ortlaridan etib turadi. Masjid qurmaganlar esa bu baxtdan mahrumlar. Masjidlarni buzganlar, masjid qurilishiga to‘siq bo‘lganlarga esa turli yomonliklar va duoibadlar, la’natlar etib turadi. 5. «G‘arib musofirlar uchun qurgan uyi». Avvalgi vaqtlarda «musofirxona» deb nomlangan binolar bo‘lgan. Mazkur musofirxonalar g‘arib kishilar uchun qilingan vaqf bo‘lib, ular o‘sha joyda istiqomat qilish imkoniga ega edilar. Kimdir musofirxonaga oziq-ovqat etkazib berib turgan, yana kimdir boshqa kamchiliklarini zimmasiga olgan. Shunday qilib, Islom o‘lkalarida g‘arib musofirlar duch kelib turadigan muammolar hal etilgan. Ko‘cha-ko‘ylarda, jamoat joylarida yotib yuradigan betayin odamlar bo‘lmagan. Ana shunday musofirxonalar barpo qilgan kishilarga o‘lganlaridan keyin ham amallarining savobi etib turishi aniq. 6. «Oqizgan arig‘i». Birov musulmonlar foydalanib tursin, degan niyatda o‘zi ariq qazisa yoki bolalari bilan qo‘shilib qazisa, yoxud pul berib, boshqa kishilarga qazitsa, bu ishdan hosil bo‘ladigan savob unga o‘limidan keyin ham etib turadi. 7. «O‘z molidan qilgan joriy sadaqasi». Bu haqda o‘tgan hadis sharhida mufassal so‘z yuritdik. «Ularning savobi o‘limidan keyin ham etib turadi». Shuning uchun har bir mo‘min tiriklik va sog‘lik chog‘ini g‘animat bilib, mazkur ishlarni ko‘proq qilib qolishga harakat etmog‘i lozim. Ushbu ishlarning boshida ilm masalasi turganligi uchun Islom dini ilmga qanchalik ahamiyat berganini yana bir bor bilib olamiz. Boshqa hadislarda mazkur etti narsaga daraxt ekish, chegara qo‘riqlash va ta’lim muassasalari qurish ham qo‘shilgan. Bu hadisning hikmati hozirgi hayotimizda qanchalik mavjudligi va bu amallar bardavom bo‘lishi uchun nimalar qilish kerakligi haqida oldingi hadis sharhida so‘z yuritdik. عَنْ جَرِيرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ كُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا يَنْقُصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ. وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَيِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ كُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا يَنْقُصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Islomda go‘zal sunnat paydo qilsa va undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa, unga o‘shanga amal qilganlar ajriga o‘xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi. Kim Islomda bir yomon sunnat paydo qilsa va undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa, unga o‘sha amal qilganlar gunohiga o‘xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi», dedilar». Muslim va Termiziylar rivoyat rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharif hazrati Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda. «Sunnat» so‘zi yo‘l, tariqat, odat kabi ma’nolarni ifoda etishini «Muqaddima»da ko‘rib o‘tgan edik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflaridan Islomda sunnat paydo qilish mumkinligini, o‘sha paydo bo‘ladigan sunnat yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkinligini bilib olmoqdamiz. Bu narsaga bir oz ehtiyot bo‘lib yondoshmoq lozim. Ko‘pgina kishilar ushbu nozik masalada noto‘g‘ri tushunchalarga borib qolishlari ham mumkin. Doimo Islom dini mukammal din, unda hayotdagi har bir masalaning echimini topishimiz turgan gap, deymiz. Endi esa Islomda yaxshi yoki yomon yangilik paydo qilish mumkin, deyapmiz. Yomon yangilik tushunarli, dinga xilof ish yomon yangilik bo‘ladi. Buni hamma qoralaydi. Ammo yaxshi yangilikni qanday tushunishimiz mumkin? Agar u mumkin bo‘lsa, demak, Islomda kamchilik bormi? Yoki yomon ham, yaxshi ham yangilikni paydo qilish mumkin emasmi? Ba’zi bir kishilar oxirgi «Yomon ham, yaxshi ham yangilikni paydo qilish mumkin emasmi?» degan savolga «Mumkin emas», deb javob beradilar. Ular o‘zlarining bu fikrlariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Har bir bid’at zalolatdir, har bir zalolat do‘zaxdadir», degan hadislarini dalil qilib keltiradilar. «Bid’at» so‘zi «yangi paydo bo‘lgan narsa» ma’nosini anglatadi. Mazkur kishilar «Hamma narsa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida qanday bo‘lsa, shunday bo‘lishi kerak», deydilar. Ahli sunna va jamoa mazhabining ulamolari esa ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharif «Har bir bid’at zalolatdir» degan boshqa bir hadisni tafsir qilib kelayotganini aytadilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam «Har bir bid’at zalolatdir» degan hadislarida yomon bid’atni ko‘zda tutganlar. Uni ushbu hadisdan tushunib olamiz. Dastlab Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Har bir bid’at zalolatdir, har bir zalolat do‘zaxdadir», deb, umumiy ravishda aytdilar. Keyin esa yangi paydo bo‘ladigan narsalar yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkinligini ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharifda bayon qildilar. Demak, «Har bir bid’at zalolatdir» hadisida yomon bid’at ko‘zda tutilgan. Endi Islomda yaxshi sunnat paydo qilish mumkin bo‘lsa, bu narsa «Islom mukammal din», degan gapimizga qanday to‘g‘ri keladi, degan savolga o‘taylik. Islom ruhini tushunmaydigan ba’zi kishilar uchun bu kamchilik, nuqson bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, aslida bu Islomning barkamolligidandir. Qur’on va sunnatda shariatning ruhi, asosiy qoidalari to‘la-to‘kis bayon etilgan. Insonga daxli yo‘q narsalarning hukmi batafsil kelgan. Shu bilan birga, inson hayotida makon va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadigan mayda masalalar musulmonlar ijtihod qilishlari uchun ochiq qoldirilgan. Bu masalalarni uning paydo bo‘lgan makoni va zamonidagi mujtahid ulamolar Qur’on va sunnat qoidalari asosida hal qiladilar. Albatta, Qur’on va sunnatda qiyomatgacha bo‘ladigan ishlarning ro‘yxatini va ularning hukmini keltirish ko‘zda tutilmagan. Balki asosiy o‘zgarmas, inson ijtihodining daxli yo‘q narsalar bayon qilinib, asl qoidalar, umumiy ruh tushuntirilgan. Ma’lumki, inson hayoti bir xil davom etmaydi, zamon o‘tishi bilan o‘zgarib turadi. Alloh taolo Islom dini va shariatini qiyomatgacha bardavom qilgan. Shuning uchun ham Alloh Islomni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarigagina moslab qo‘ymagan. Balki qiyomatgacha barcha makonlar va zamonlar uchun salohiyatli qilib qo‘ygan. Islom ummatiga kelajakda paydo bo‘ladigan har bir yangi masalani echishning Qur’on va sunnat qoidalari asosida bo‘lishini o‘rgatgan. Shuning uchun ham «Ijmo’» va «Qiyos» Islom shariatida Qur’on va sunnatdan keyingi uchinchi va to‘rtinchi masdarlar qilingan. «Ijmo’» lug‘atda «jam bo‘lish» ma’nosini anglatadi. Shariatda esa yangi paydo bo‘lgan masalani o‘sha masala paydo bo‘lgan davrda yashab turgan mujtahidlar tomonidan jam bo‘lib bir ovozdan echilishiga aytiladi. «Qiyos» esa lug‘atda «taqqoslash», «qiyoslab ko‘rish» ma’nolarini anlatib, shariatda yangi paydo bo‘lgan masalani Qur’on va sunnatda bor hukmlarga taqqoslab echishga aytiladi. Demak, yangi paydo bo‘ladigan masalalarni echishning bu uslubini Qur’on va sunnatning o‘zi bayon qilib, qonun-qoidalarini ko‘rsatib qo‘ygan. Mana shuning o‘zi ham Islom shariatining barkamolligidandir. Agar Qur’on va sunnatda bor hukmlar bilangina hayot kechirasizlar, yangi paydo bo‘ladigan masalalar bilan ishingiz bo‘lmaydi, deyilganda, dinimizda nuqson bo‘lar edi. Agar yangi paydo bo‘ladigan masalalarni Qur’on va sunnat ruhida hal qilish qonun-qoidalari bayon qilinmaganida, kamchilik bo‘lar edi. Inshaalloh, bu masalani o‘z o‘rnida batafsil o‘rganamiz. Ammo bu erda Islomda yangi sunnat paydo bo‘lishi mumkinligini tushunish maqsadida bir oz so‘z yuritdik, xolos. Islomda yaxshi sunnat paydo bo‘lishiga misol qilib, Taroveh namozini jamoat bo‘lib o‘qish yo‘lga qo‘yilganini aytishimiz mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari yolg‘iz Taroveh o‘qiganlar. Keyin ba’zi sahobalar iqtido qilganlar. Bir oz muddatdan so‘ng hamma Taroveh o‘qish uchun to‘plangan. Odamlar kutib tursalar ham, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam chiqmaganlar. Odamlar yo‘talishni boshlaganlar. Oxiri bir vakil yuborib, odamlar Taroveh namozini jamoat bilan o‘qish uchun u zotni kutib turishganini etkazishgan. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Agar Taroveh namozini jamoat bilan o‘qishni davom ettiraversak, vojib yoki farz bo‘lib qolishidan qo‘rqaman», deb, chiqmaganlar. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu o‘z xalifaliklari davrida kishilarning Tarovehga befarq qarayotganlarini ko‘rib, uni jamoat bo‘lib o‘qishni tashkil qilganlar. Shuningdek, Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlik vaqtlarida Qur’oni Karim bir butun kitob shaklida jamlanmagan edi. Ridda urushlarida Qur’onni to‘la yod biladigan qorilarning ko‘plab shahid bo‘lganliklarini mulohaza qilib, hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida Qur’on jamlandi. Bunga o‘xshash ishlar ko‘p, zamon o‘zgargan sari ular chiqib turaveradi. Shunday paytda Islom qoidalarini ishga solgan holda harakat qilish zarur. Har kim o‘zicha harakat qilib, yomon sunnat yaratib qo‘yish kerak emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislari ayni shu ma’noni ta’kidlash, yaxshilikka targ‘ib qilish, yomonlikdan qaytarish uchun kelmoqda. O‘shanday ishlarni qilish faqat ilmga bog‘liq bo‘lganligi uchun va bu masalalarni Qur’on va sunnat ruhida, ularning umumiy qoidalari asosida ilmsiz echish mumkin bo‘lmaganligi uchun muallif rahmatullohi alayhi ushbu hadisni ilmning asari davomli qolishi haqidagi bobda keltirmoqdalar. «Kim Islomda go‘zal sunnat paydo qilsa». Ya’ni, qaysi bir mo‘min kishi Islomda yangi bir yaxshi amal paydo qilsa, «undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa», ya’ni, o‘sha yangi sunnat paydo qilgan odam vafot etganidan keyin uning paydo qilgan sunnatiga musulmonlar tomonidan amal qilinsa, «unga o‘sha amal qilganlar ajriga o‘xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi». Ya’ni, mazkur go‘zal sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi insonga o‘zi vafot etib ketsa ham, u paydo qilgan yaxshi sunnatga amal qilganlarga berilgan ajr miqdoricha ajr yozilib turadi. Shu bilan birga, amal qilganlarning ajri kamayib qolmaydi. Ular ham qilgan amallariga yarasha to‘liq savobni olaveradilar. Ushbu qoida yomon sunnat paydo qilgan va unga amal qilganlarga nisbatan ham ishlatiladi. «Kim Islomda bir yomon sunnat paydo qilsa», ya’ni Qur’on va sunnatga, Islom shariatiga xilof bo‘lgan yomon ish paydo qilsa, «undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa», ya’ni, o‘sha Qur’on va sunnat ruhiga, Islom shariatiga xilof yomon ishni paydo qilgan kimsa vafot etganidan keyin odamlar tomonidan mazkur yomon sunnatga amal qilish davom etaversa, «unga o‘sha amal qilganlar gunohiga o‘xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi». Ya’ni, mazkur yomon sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi insonga o‘zi vafot etib ketsa ham, u paydo qilgan yomon sunnatga amal qilganlarga yoziladigan gunoh miqdoricha gunoh yozilib turadi. Shu bilan birga, amal qilganlarning gunohlari kamayib qolmaydi. Ularga ham qilgan amallariga yarasha to‘liq gunoh yozilaveradi. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Islomda yangi, yaxshi sunnat paydo qilish mumkinligi. 2. O‘sha yangi paydo qilingan sunnatga amal qilganlar ajr olishlari. 3. Insonga vafotidan keyin ham o‘zi paydo qilgan yaxshi sunnat tufayli savob etib turishi. 4. Yangi, yaxshi sunnatga qilingan amallarga berilgan miqdoricha ajr o‘sha sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi kishiga yozilib turishi. 5. Birovning qilgan amali tufayli boshqa kishiga savob etsa, amal qilganning ajri kamayib qolmasligi. 6. Islomda yangi, yomon sunnat paydo qilish ehtimoli borligi. 7. O‘sha yangi paydo qilingan yomon sunnatga amal qilganlarga gunoh yozilishi. 8. Insonga vafotidan keyin ham o‘zi paydo qilgan yomon sunnat tufayli gunoh yozilib turishi. 9. Yangi, yomon sunnatga qilingan amallarga yozilgan gunohlar miqdoricha gunoh o‘sha yomon sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi kishiga yozilib turishi. 10. Birovning qilgan amali tufayli o‘sha amalni paydo qilgan kishiga gunoh yozilsa, amal qilganning gunohi kamayib qolmasligi. Endi ushbu hadisi sharifning hikmati hayotiy voqeligimizda qanday ekanligini mulohaza qilaylik. Hozirgi kunda bizda paydo bo‘layotgan, ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan masalalarni o‘tgan salafi solihlarimiz Qur’on va sunnat ruhida echib kelganlarini to‘g‘ri tushunmog‘imiz lozim. Islom fiqhining asosiy vazifalaridan biri ham shu! Ammo bu masalani boshqacha tushunib, fiqhni va faqihlarni qarg‘ab yurganlar ham yo‘q emas. Bu masala haqida ham Alloh xohlasa, kezi kelganda batafsil to‘xtalamiz. Hozir esa Islomda ushbu hadisda aytilganidek, yaxshi sunnat paydo qilish mumkinligini, bu ish bo‘lib kelganini, kelajakda ham bo‘lishi mumkinligini bilib olaylik. Bu savobli ish bo‘lib, uning uchun ilm kerakligini unutmaylik. Shuningdek, Islomda yomon sunnat paydo qilish ham mumkinligini, bu ish bo‘lib kelganini, kelajakda ham bo‘lishi mumkinligini bilib olaylik. Yangi paydo bo‘lgan ishlardan qaysinisi yaxshi, qaysinisi yomonligini farqlab olish uchun ham ilm kerakligini bilib qo‘yaylik. Qo‘limizdan kelsa, yaxshi sunnat paydo qilaylig-u, zinhor yomon sunnat paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lib qolmaylik. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!
28 Апрел 2022, 02:15 | Савол-жавоблар | 268 | Ta’lim va muta’allim