Erkak bilan ayolning namozi

Assalomu alaykum! Ustozlar, qilayotgan ishlaringizdan Alloh rozi bo‘lsin. Amin. Bir tanishim erkak kishi xam xuddi ayollardek namozda qo‘llarini ko‘kraklariga qo‘yib o‘qish kerak, shunday xadis bor deb aytdi. Shu gap to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Savolingizga Ustozimiz rahimahullohning javoblaridan iqtibos keltiramiz: Ushbu savolni berganingiz uchun tashakkur. Men sizning kimligingizni bilmayman. Bu savolda aytgan gaplaringizni tekshirish imkonim ham yo‘q. Ammo siz o‘zi bemazhab va mazhabni tutganlarga turli yo‘llar bilan tahnalar qiladigan, chetdagi bemazhablarga madikor bo‘lib, musulmonlar orasida ixtilof chiqaradiganlarning yaqindagina qo‘zg‘agan navbatdagi fitnasiga muvofiq savolni yo‘llagansiz. Mazkur shaxslar odatda o‘zlari yuzaga chiqmaydilar. Yashirinib olib, ba’zi odamlarini savol berishga, odamlar bilan masala talashishga undab turadilar. O‘shalarning gapini va ixtilofga sabab bo‘ladigan safsatalarini tashib turishga etarli odamlari ham bor. Siz o‘shalardanmisiz yoki yo‘qligini bilmaymiz. Ammo savolingizga javob berishga harakat qilamiz. Yaqinda ba’zi ayollar qo‘lida bir – ikki varaq qog‘oz bilan muslima ayollarga uchrab o‘sha qog‘ozda yozilgan, ayollar ham erkaklarga o‘xshab namoz o‘qishlari kerakligi haqida tashviqot olib borishdi. Bu gap erkaklar orasida ham tarqaldi. Ba’zi erkaklar ayollari mazkur gapni topganini masjid imomlariga va ilmli odamlarga tashvish bilan ayta boshladilar. Ularga kerakli tushintirishlar yo‘lga qo‘yildi. Ba’zi masjidlarning imom domlalari bu masalani o‘z mahruzalaridan ham muolaja qildilar. Har qalay bemazhablarning navbatdagi xuruji bir navi bosildi. Kunlardan birida xonadonimizga yana shu masala ayollar nomidan savol bo‘lib, kirib keldi. Savol Alboniyning “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari sifati” degan kitobining ruscha tarjimasi bilan birga kelgan edi. Boshqacha qilib aytganda, savol egasi mazkur kitobni qo‘lga olib, uni o‘qigan ayollar nomidan savol so‘ragani kelgan edi. Savolning ma’nosi esa, xuddi sizning savolingizga juda ham o‘xshar edi. Unda ham Imom Buxoriyning sahihlari, Nabiy alayhissalomning namozlari, U zotning, men kabi namoz o‘qinglar, deganlari, ayol namozxon yoki erkak namozxon deyilmagani va boshqalar bor edi. Men “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari sifati” degan kitobning muallifi hozirgi bemazhablarning enalaridan biri ekani, doimo shu kabi ixtiloflar chiqargani bilan mashhurligini aytdim. Shuningdek, Sovet ittifoqi qulab, sharqshunoslar ishsiz qolgani, bundan foydalangan bemazhablar mazkur sharqshunoslarga pul berib o‘z kitoblarini ko‘plab rus tiliga tarjima qildirganlari va o‘sha kitoblar hamma tarafda tarqagani, hamda MDH davlatlaridagi musulmonlarning orasida ixtiloflar chiqarayotganlari haqida to‘xtalib o‘tdim. Hozir mazkur hududlardagi muftiylar, imomlar, ulamolar va oddiy musulmonlar hamda bunga aloqasi bor kishilarning iltimosiga binoan o‘z kitoblarimizni rus tiliga tarjima qilishni boshlaganimiz, bu borada tez kunlarda, Alloh hoxlasa, bu kabi savollarga javoblar ham bo‘lishini aytdim. So‘ngra, mazkur kitobda qo‘zg‘atilgan masalaning echimini aytib ham berdim. Kitob ko‘tarib savol bilan kelgan vositachi tashakkur aytib qaytdi. O‘sha asnoda Makkai Mukarramadan, “Robitatul Olamil Islomiy” xalqaro tashkilotdan kelgan taklifga javoban “Fatvo va uning tartiblari” nomli ilmiy anjumanda ishtirok etish uchun muqaddas tuproqlarga borish baxtiga muyassar bo‘ldim. Hamshaharlar tashkil qilgan yig‘inda katta ulamolarizning birlari bilan gaplashib o‘tirgan edim. U kishi hajga borgan vatandoshlarimizda birini ko‘rsatib, anavu hamshahar bemazhablardan ekan. Menga Alboniyning “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari sifati” degan kitobini o‘qiganini aytib har-xil gaplarni aytdi. Men unga “Bunga o‘xshash gaplarni aytmang. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari ko‘p. Ulardan ba’zilarini olib, gap shu, bundan boshqasi bo‘lishi mumkin emas qabilida ish tutish katta xato bo‘ladi. Bir suriyalik olim “Hanafiy mazhabi bo‘yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari sifati” nomli kitob qilgan. U ham hadislarni hujjat qilib keltirgan”, dedim” – dedilar. Ittifaqo, “Fatvo va uning tartiblari” nomli ilmiy anjumanda “shozz” fatvolar mavzuhsi ham bor edi. Ushbu mavzuhda so‘zlagan ulamolar “Shozz” degani musulmon ummatining barcha ulamolarining gapiga teskari gap ekanini ta’kidladilar. “Shozz” fatvolar mavzuhsida so‘zlagan ulamolar ichida davrimizning ko‘zga ko‘ringan allomasi Shayx Yusuf Abdulloh Qarzoviy hazratlari ham bor edi. U kishi zamonamizdagi “shozz” fatvoga Alboniyning fatvolari misol ekanini ta’kidlab aytdi. Hamda uning savdo mollaridan zakot berilmasligi, tillo suvi yuritilgan idishlarni ishlatish haromligi to‘g‘risidagi fatvolarini namuna tarzi qattiq tanqid qildi. Aytmoqchimanki, siz ko‘targan savolni yuzaga chiqargan odam o‘zining musulmon ummatining barcha ulamolarining gapiga teskari gaplari bilan tanilgan odamdir. Keyinroq, xuddi shu masalaga o‘xshash, bemazhablarning ermagi bo‘lgan va musulmonlar ichida ixtilof chirqarish uchun vaqti vaqtida ko‘tarib turadigan masalalaridan yana bir-ikkitasi ko‘tarildi. Yana bir-ikki varaqqa bitilgan matnlarni ko‘targan bemazhablarning gumashtalari u yoq – bu yoqqa yo‘rg‘alashdi. Yana bundan xabardor odamlar ichida nojamlik yuzaga keldi. Yana ulamolar, imomlar va tolibi ilmlar bilan muhokama, munoqashalar bo‘lib o‘tdi. Yana odamlarimizga bu masalani ham to‘g‘risini bayon qilib berishga kelishildi. Men bunga o‘xshab bemazhablar ko‘taradigan shubhalarga bir-bir javob berishning o‘rniga, aslida ularning diniy matnlardan hukm chiqarish uslublari noto‘g‘ri ekani to‘g‘risida bir kitob kerakligini aytdim. Bu ishni imkon bo‘lganda amalga oshirishga qaror ham qildim. Bir kun o‘tib o‘g‘lim Ismoiljon: “Hazrat, kechagi masala oddiy emasga o‘xshab qoldi”, dedi. “Nima uchun?” dedim. “Kecha Amerikadan telefon qilishib, u erda ham xuddi o‘sha masalada ularning boshini garang qilish boshlanganini aytishdi. U erda ham, varaqdagi gaplar. U erda ham bizda nima bo‘lsa, o‘shanday. Qolaversa, bu birinchisi emas. Avvallari ham shunday bo‘lgan”, dedi. Xayolimga boshqa taraflarda, qo‘shni davlatlardan, Rossiyadan va boshqa erlardan turli vositalar bilan yo‘llangan savollar va tashvishlar o‘tdi. Avval eslab o‘tilgan asarni bitish niyati yana ham jiddiylashdi. Alloh taolo imkon bersa, u ish ham amalga oshib qolar. Mana, endi sizdan ushbu savol kelib turibdi. Xamir uchidan patir degandek, sizning savolingiz orqali sizga ham, boshqalarga ham Alloh taolodan yordam so‘ragan holimda bilganimcha javob berishni lozim topdim. - Avvalo, yaqinda namoz o‘qishni o‘rgangan odam siz bergan savolni bera olmasligini aytib o‘tmoqchiman. Chunki, unday odam namozni yaxshilab o‘qish tashvishi bilan band bo‘ladi. O‘n to‘rt asrdan beri musulmonlar so‘ramay kelgan savolni o‘z-o‘zidan xayoliga keltira olmaydi. - Imom Buxoriyning “Sahih” nomli kitoblarining tarjimasini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. O‘sha kitobning o‘zini o‘qisa ham, tarjimasini o‘qisa ham shariat haqida faqat mazkur kitob asosida xulosa chiqarishga hech kimning haqi yo‘q. Hadis kitoblari juda ham ko‘p. Ularning hammasini o‘qib chiqqanlar ham mazkur ishni qila olmaydilar. Imom Ahmad ibn Hanbalning davrida, asl arablar va olimlarning yurtida u kishidan “qancha hadisni yoddan bilgan odam fatvo aytishi mumkin” degan savolga u kishi “To‘rt yuz ming hadisni” deb javob berganlar. - Shariat hukmlari, Faqat “Sahihul Buxoriy” kitobidan emas, balki quyidagi manbahlardan olinadi: 1. Qur’on. 2. Sunnat. 3. Ijmo’. 4. Qiyos. 5. Amali sahobiy. 6. Masolihul mursala. 7. Istihson. 8. Sharhu man qablana. 9. Urf. 10. Istishob. Bizda bu manbahlarning nomini to‘liq biladiganlar ham oz bo‘lsa kerak. Ammo sizga o‘xshab, mujtahidlikni dahvo qiladiganlar har qadamda uchrab turadilar. - Sizni “ayol namozxon yoki erkak namozxon deb emas balki "namozxon " deyilgani o‘ylantirib qo‘yibdi. Nima uchun? Har bir narsani erkakka yoki ayolga deb atash kerakmi? Hamma xalqlarda, erlarda, dinlarda, qonunlarda, odatlarda siz aytgan ajratish yo‘q. Hamma narsa odamlarga bir xil aytiladi. Agar ayollarga xos narsa bo‘lsa, alohida aytiladi. Agar siz aytgan gapga o‘tiladigan bo‘lsa, “ayol hoji, erkak hoji, ayol ro‘zador, erkak ro‘zador, ayol zakot beruvchi, erkak zakot beruvchi” deb chiqish kerak bo‘ladi. Bu esa, tabiati buzilmagan odam ko‘tara olmaydigan holatdir. - Yana Payg‘ambarimiz alayhissalomning “men kabi namoz o‘qinglar” degan jumlalariga ham ko‘zingiz tushibdi. Bu bilan ayollar ham U zotga o‘xshab namoz o‘qishlari kerak. Mazhabni ushlaganlar aytayotganidek, biroz qimtinib o‘qimasliklari kerak, demoqchisiz. Agar siz demoqchi bo‘lmagan bo‘lsangiz, Alboniy “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari sifati” degan kitobida aytgan. Unday bo‘ladigan bo‘lsa, haj, ro‘za, zakot va boshqa ibodatlarda ham shunday bo‘lishi kerak bo‘ladi. Hajda ayollar ham erkaklarga o‘xshab bosh yalang bo‘lib, kiyimlarini echib tashlab, ehrom bog‘lab yurishlari kerak bo‘ladi va hokazolar. - Alboniy o‘sha kitobida imom Buxoriy ayollarning erkaklarga o‘xshab namoz o‘qishi haqida Ummu Dardodan rivoyat keltirganini aytgan. Ammo u odam shu erda juda ham ustalik qilgan. Mazkur gapni sharh qilmagan. Odamlar bu gap mashhur sahobiya Ummu Dardo roziyallohu anhodan ekan deb o‘ylashi uchun shunday qilgan. Boshqacha qilib aytganda, o‘zining gapni quvvatlash uchun Ummu Dardo roziyallohu anho va imom Buxoriyning nomlarini sotishdan ustamonlik bilan foydalangan. Ammo mazhabni ushlagan ulamolar bu erda bor haqiqatni aytadilar. Mazkur rivoyat kichik Ummu Dardodan bo‘lib, uning ismi Hajiyma binti Huyay Avsobiya bo‘lib sahobiya emasdir. Sahobiy bo‘lmagan shaxsning gapi va amali hujjat bo‘la olmasligi sharhiy ilmlardan ozgina xabari bor odamga ham ma’lum haqiqatdir. Muhaddislar imom Buxoriyning bu kabi rivoyatlarini “tahliyq” deydilar hadis emas. “Tahliyq” ham hujjat bo‘la olmaydi. - Hozirda ayollar va erkaklar namozida bir necha farqlar borligi, siz gumon qilganingizdek, zamonlar o‘tishi bilan hosil bo‘lgan holat emas. Bu avvaldan bo‘lgan narsa. Barcha mazhablarning kitoblarida sobit haqiqatlardan biri. Hech bir mazhabda buning teskarisi, ya’ni, ayollar ham erkaklarga o‘xshab namoz o‘qishi kerak, deyilmagan. Shuningdek, bu gapni hech bir hadisda, hatto o‘ta zaif hadislardan birortasida ham aytilmagan. - Shariatning to‘rtinchi manbahsi bo‘lmish qiyosga binoan ayollar qimtinib, fiqh kitoblarida aytilganidek namoz o‘qishlari sobitdir. Chunki, muslimalar doimo erkaklarga o‘xshamay ayolliklarini e’tibori bo‘lib turishi dinimizning barcha ko‘rsatmalarida qayta-qayta takrorlangan. Ozgina fahmi bor kishilar uchun shuning o‘zi etarli. Boshqa gapni qo‘zishga o‘rin qolmaydi. - Ammo, shu bilan birga, bir necha hadislarda bu masala bayon ham qilingan. 1. Yaziyd ibn Abu Habibdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallahu alayhi vasallam namoz o‘qiyotgan ikki ayolning oldidan o‘tdilar va: “Qachon sajda qilsangiz, go‘shtning ba’zisini erga tekkazing. Albatta, ayol kishi bunda erkakka o‘xshamas”, - dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan. 2. Nofe’dan, u Ibn Umardan rivoyat qilinadi: “U kishidan Nabiy sollallahu alayhi vasallamning davrlarida ayollar qanday namoz o‘qishlari haqida so‘raldi. “Oyoqlarini chalishtirib o‘tirar edilar. Keyin tekislanib-qimtinib o‘tirishga amr qilindilar”, dedi. Abu Haniyfa rivoyat qilgan. (Jome’ul Masoniyd, 1-juz). 3. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachon ayol kishi sajda qilsa, qimtinib o‘tirsin, ikki sonini yig‘ishtirsin”, dedi”. Imom Abu Bakr ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. 4. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachon ayol kishi namozda o‘tirsa, bir sonini ikkinchi soni ustiga qo‘yadi. Qachon sajda qilsa, qornini soniga imkoni boricha qimtinib tekkizadi. Chunki, Alloh taolo unga nazar solib turadi va “Hoy, farishtalarim! Sizlarni guvoh qilamanki, uni mag‘firat qildim”, deydi”, - dedilar”. Ibn Adiy “Komil”da va Bayhaqiy “Sunan”da rivoyat qilgan. Albatta, o‘zini bilgan har bir kishi uchun ushbu rivoyatlarning bir-birini quvvatlab kelishi Alboniyning dahvosidan ko‘ra ma’quldir. Yana qaytarib aytamiz, ummatning ming to‘rt yuz yildan beri amal qilib kelayotganini va qiyosni hisobga olmaganimizda ham. Shu o‘rinda barchangizni ixtiloflardan yiroqda bo‘lishga chaqiramiz. Bilmagan narsalarni so‘rab o‘rganishga o‘tish kerak. Chet eldan kelgan faks yoki emaylni ko‘tarib olib, hozirgacha qilinayotgan falon narsa noto‘g‘ri ekan deb yugurishning hojati yo‘q. Vallohu a’lam! Iqtibos tugadi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh https://savollar.islom.uz/smf/index.php?topic=19532.0

28 Апрел 2022, 02:49 | Савол-жавоблар | 162 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar