NAFL RO‘ZA HAQIDA

MAKTUBNI O‘QIGANINGIZ U’HUN RAHMAT. MENING ISMIM FARHOD, MEN 19 YOSHDAMAN. ALLOHGA HAMDLAR BO‘LSIN-KI MENGA HAFTADA 2MARTA - DUSHANBA VA PAYSHANBA KUNLARI NAFL RO‘ZASINI TUTISHNI NASIB ETDI. LEKIN ONAMGA BI ISH HUSH KELMAYDI, O‘ZINGNI QIYNAB QO‘YASAN DEYDILAR. BIR KUNI "ODOBLAR HAZINASI" KITOBIDAN BIR HADIS KELTIRDILAR VA MEN ULARGA JAVOB QAYTAROLMADIM. U YERDA ROSULULLOH saw BIR YIGITGA OYDA 3KUN RO‘ZA TUTISHGA IZN BERGANLARI AYTILGAN. O‘SHANDAN BERI "NE’HUN HADISGA AMAL QILMAYAPSAN" DEYDILAR ONAM. TUTAYOTGAN RO‘ZALARIM MENGA QIYIN EMAS BALKIM, MENGA YAHSHI HAM. ILTIMOS ONAMGA DUSHANBA VA PAYSHANBA KUNLARI RO‘ZA TUTISH SUNNATDA KELGANINI VA YUQORIDAGI HADISNI SHARHINI TO‘LIQROQ TUSHUNTIRSANGIZ. UZUN HAT U-N UZUR. OLDINDAN KATTA RAHMAT. ALLOH ROZI BO‘LSIN.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan dushanba va payshanba kuni ro‘zasi haqida so‘raldi. U zot: «O‘sha kunda tug‘ildim va o‘sha kunda menga Qur’on nozil qilindi», dedilar». Abu Dovud va Muslim rivoyat qilishgan.Sharh: Ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan dushanba va payshanba kunlari nima uchun ro‘za tutiladi, degan ma’noda so‘ralgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa, dushanba kuni nima uchun ro‘za tutilishi hikmatini bayon qilib berganlar. Yoki dushanba ham payshanba kuni nima uchun ro‘za tutilishi hikmatini bayon qilgan bo‘lsalar ham bu rivoyatda javobning faqat dushanba kuni haqidagi qismi kelgan. Xo‘sh, dushanba kuni nima uchun nafl ro‘za tutishga amr qilingan ekan? Chunki u ulug‘ kun. Uning ulug‘ligining birinchi alomati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘sha kunda tug‘ilganlar.Ha, oxirgi zamon Payg‘ambari, Sarvari olam Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam Fil yili, Robe’ul avval oyi, dushanba kuni dunyo¬ga kelganlar. Bu kun dunyo tarixidagi eng ulug‘ kunlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham u kunning ro‘zasini har hafta tutish targ‘ib qilinadi.Shuningdek, dushanba kuni nafl ro‘za tutishning yana bir sababi o‘sha muborak kunda Qur’oni karim nozil bo‘lgandir. Ha, Alloh taoloning oxirgi va qiyomatgacha mo‘’jiz va boqiy qolguvchi, insoniyatga ikki dunyo saodatini ko‘rsatib berguvchi kitobi Qur’oni karimning birinchi oyatlari tushishi Ramazon oyining o‘n ettinchi kuni, dushanba kunida sodir bo‘lgan. Bu kun ham dunyo tarixidagi eng ulug‘, eng muborak kunlardandir. Alloh tomonidan insoniyatni hidoyatga boshlovchi ilohiy dasturning tusha boshlash kunidir. Shuning uchun bu kunning ro‘zasini har hafta tutish targ‘ib qilinadi.Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu o‘z molining talabida Vodiy al-Quro tomon jo‘nadi. U dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutar edi. Xodimi unga:«Nima uchun qari chol bo‘laturib dushanba va payshanba kunlari ro‘zasini tutasiz?» dedi.«Allohning Payg‘ambari bu ikki kunning ro‘zasini tutar edilar. Bu haqda so‘ralganlarida: «Albatta, bandalarning amallari dushanba kuni va payshanba kuni arz qilinadi, mening amalim arz qilinganda ro‘zador holda bo‘lishni yaxshi ko‘raman», dedilar» dedi». Sunan egalari rivoyat qilishgan.Vodiy al-Quro Madinai munavvara bilan Shom orasidagi bir vodiy bo‘lib, u erda Madina ahlining molu mulklari bo‘lar edi.Ulug‘ sahobiy Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu o‘z xizmatchilarining nima uchun qarib qolsangiz ham qiynalib dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutasiz, degan savoliga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘sha kunlar ro‘zasini tutganlari uchun tutishlarini aytdilar. Ha, sahobai kiromlar uchun, chin musulmonlar uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga har bir narsada ergashish katta baxt va shonu sharaf edi. Ular kattayu kichik ishlarini o‘z habib Payg‘ambarlari Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallamning sunnati saniyalariga moslab qilishga harakat etganlar. Sunnatga xilof ish qilishni zalolat, deb bilganlar. Qolaversa, Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuga u kishining xodimlari bergan savolni Pay¬g‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ba’zi sahobalar ham berib, nima uchun dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutish afzal ko‘rilishini bilishga qiziqqanlar. Javob bitta, hadisda zikr qilinganidek, har dushanba va payshanba kunlari bandalarning qilgan amallari Alloh taolo huzurida arz qilinar ekan. Albatta, o‘sha arz qilinadigan amallarning qabul bo‘ladigani bor, qabul bo‘lmaydigani bor. Arz paytida amalning egasi ro‘za tutgan holida Alloh taologa iltijo qilib tursa, uning sababidan amali ko‘proq qabul bo‘lishi mumkin ekan.Shuning uchun har dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutishga harakat qilinadi. Bu ro‘zaning ushbu rivoyatda zikr qilinayotgan hikmatidan tashqari taqvo, mehr, sabr va sog‘liqqa tegishli va boshqa hikmatlari ham borki, uni unutmasligimiz kerak.

20 Апрел 2022, 19:45 | Савол-жавоблар | 164 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar