Niyat qilish

Assalomu alaykum! Saharlikda ro‘za tutishga niyat qilinmagan bo‘lsa, bu ro‘za haqiqiy emasmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Niyat qilishning oxirgi vaqti qachon?
JAVOB: Bu borada ulamolar turli xil fikrlar aytganlar. Hanafiy ulamolar nazdida ro‘za ikki qismga bo‘linadi. Birinchisiga kechasidan niyat qilish shart emas. Niyat qilib olsa afzal. Ramazon ro‘zasi, ta’yin qilingan nazrlarni, nafl ro‘zalarni ado qilish kabi. Ikkinchisiga kechasidan niyat qilish shart. Yuqoridagi ro‘zalarning qazosi va boshqa barcha ro‘zalar kabi. Shuning uchun Ramazon ro‘zasini tutayotgan kishi kunning yarmi bo‘lishidan avval (shar’iy nisfun-nahorgacha)niyat qilib olsa, bu orada eb-ichib qo‘ymagan bo‘lsa, ro‘zasi ro‘za bo‘laveradi.
“Shar’iy nisfun-nahor”ni bilish uchun subhi sodiqdan quyosh botkunga qadar bo‘lgan vaqtlarni ikkiga bo‘linadi. Agar kunning teng yarmidan ko‘prog‘ida niyat topilsa, ro‘za ro‘za bo‘ladi. Teng yarmida yoki teng yarmidan ozrog‘ida niyat topilsa ro‘za durust bo‘lmaydi.  Umdatul-Fiqh إنَّمَا تَجُوزُ النِّيَّةُ قَبْلَ الزَّوَالِ إذَا لَمْ يُوجَدْ مِنْهُ بَعْدَ الْفَجْرِ مَا يُضَادُّ الصَّوْمَ Niyatni shar’iy nisfun-nahordan oldin qilib olsa, modomiki bu orada ro‘zani buzadigan amallarni qilmasa ro‘za ro‘za bo‘ladi.  Javharotun-Nayyiroh.
SAVOL: Ro‘zani niyat qilish qanday amal hisoblanadi?
JAVOB: niyat ro‘zani ro‘za bo‘lishi uchun shartdir. Agar eb-ichishdan, yaqinlikdan o‘zini to‘xtatsa-yu, niyat qilmasa ro‘za ro‘za bo‘lmaydi.
Ba’zilar hayz va nifosdan pok bo‘lishni ado qilish uchun vojib bo‘lgan shartlar qatoriga qo‘shmay, ro‘zani durust bo‘lishi uchun shart qilganlar. Umdatul-Fiqh
SAVOL: Ro‘zadorlik niyatini bekor qilish durust bo‘ladimi?
JAVOB: Bir kishi ro‘za tutishni kechasi niyat qilib, subhi sodiq kirmasdan niyatidan qaytsa, ro‘zador bo‘lmaydi. Ramazon kunlarida shunday ish sodir bo‘lsa, zimmasiga o‘sha kunning qazosi lozim bo‘ladi, kafforoti emas.
Agar kechasidan niyat qilib, subhi sodiq kirganidan keyin niyatini bekor qilsa, niyati bekor bo‘lmaydi, ro‘zador bo‘ladi. Mobodo eb-ichib yuborsa, o‘sha kungi ro‘zaning qazosi va kafforoti lozim bo‘ladi.
Bir kishi kechasida saharlikka tura olmasligini o‘ylab ro‘zani niyat qilsa, so‘ng saharlikka turib qolsa, saharlik qilaveradi va niyatini yangilab oladi.
Ro‘zador ro‘zasini buzishni niyat qilsayu, biror narsa eb-ichmasa ro‘zasi buzilmaydi. Umdatul-Fiqhلَوْ نَوَى مِنْ اللَّيْلِ ثُمَّ رَجَعَ عَنْ نِيَّتِهِ قَبْلَ طُلُوعِ الْفَجْرِ صَحَّ رُجُوعُهُ فِي الصِّيَامَاتِ كُلِّهَا Ro‘zalarning barchasida kechasi niyat qilib so‘ng niyatidan subhi kirishidan oldin qaytib olsa, qaytishi durust bo‘ladi, ya’ni ro‘za tutish niyati bekor bo‘lgan bo‘ladi. Fatavoi Hindiya.
SAVOL: Ro‘za qachondan niyat qilinadi?
JAVOB: Quyosh botishi bilan ertangi kunning ro‘zasini niyat qilsa niyat durust bo‘ladi. Ya’ni bir kishi shunday niyat qilib behush bo‘lib qolsa, behushligi ertasi kunning quyoshi botgunicha davom etsa-da, o‘sha kunda ro‘zador bo‘lgan hisoblanadi. Quyosh botishdan avval yoki botayotganda ertangi kunning ro‘zasini niyat qilishlik kifoya qilmaydi, balki quyosh botgandan so‘ng qayta niyat qilishi zarur.  Umdatul-Fiqhفلا تصح قبل الغروب فلو نوى قبل أن تغيب الشمس أن يكون صائما غدا ثم نام أو أغمي عليه أو غفل حتى زالت الشمس من الغد لم يجز وإن نوى بعد غروب الشمس جاز Ro‘zaning niyati quyosh botishidan avval qilinsa durust bo‘lmaydi. Agar quyosh botishidan avval ertaga ro‘za tutishni niyat qilsa-yu, so‘ng uxlab qolsa, behush bo‘lib qolsa yoki g‘aflatda qolib ertasi kungi quyosh tikkadan og‘guncha niyat qila olmay qolsa, niyati joiz bo‘lmaydi. Agar niyatni quyosh botgandan so‘ng qilsa niyati durust bo‘ladi. Roddul Muhtor.
SAVOL:  Ro‘zada dil bilan niyat qilish kifoyami?
JAVOB: niyat so‘z lug‘atda qasd qilish, shariatda esa biror ishni qilishda Alloh taologa ibodat qilishni va Unga yaqin bo‘lishini  qasd qilishdir. Ro‘za durust bo‘lishi uchun dilda niyat qilish shart, tilda talaffuz qilish esa shart emas.  Fiqhiy kitoblarda “tilda talaffuz qilish sunnat”, deyilganidan murod mashoyixlarning ta’lim maqsadida yo‘lga qo‘ygan sunnatlaridir. Zero  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan til bilan niyat qilish sobit bo‘lgan emas. Umdatul-Fiqhحقيقة النية قصده عازما بقلبه صوم غد ولا يخلو مسلم عن هذا في ليالي شهر رمضان إلا ما ندر وليس النطق باللسان شرطا Niyatning haqiqati ertangi ro‘zani qalbi bilan azmu-qaror qilgan holda qasd qilmoqlik. Ramazon oyining kechalari musulmon kishi bunday niyatdan holi bo‘lmaydi. Ba’zilargina bundan mustasnodir. Til bilan niyat qilish shart emas. Maroqil Faloh.
SAVOL: Ramazon ro‘zasining niyati qanday qilinadi?
JAVOB: Ramazon ro‘zasini ado qilish uchun umumiy ravishda “ro‘za tutishni niyat qildim”, desa kifoya.
Musofir va bemorlardan boshqalar qaysi turdagi ro‘za tutishni niyat qilmasinlar (nazrni niyat qiladimi, naflni niyat qiladimi baribir), barchasi Ramazon ro‘zasidan hisob qilinaveradi. Umdatul-Fiqhصَحَّ صَوْمُ رَمَضَانَ وما معه بِمُطْلَقِ النِّيَّةِ وَبِنِيَّةِ النَّفْلِ Ramazon ro‘zasi va uning hukmidagilar mutloq niyat qilish hamda naflni niyat qilish bilan durust bo‘laveradi. (Bahrur Roiq). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 03:53 | Савол-жавоблар | 169 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar