Aqiqaga jonliq so‘yish

Assalomu alaykum! Aqiqaga o‘g‘il uchun ikki, qiz uchun bir qo‘y deb aytiladi. Lekin yaqinda bir hadis o‘qib qoldim. Unga ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘g‘ilga ikki, qizga bir qo‘y deganda bir saxobiy men ikki qo‘yga qodir emasman deydi. Shunda payg‘ambarimiz  bugundan o‘g‘ilga ham qizga ham bir qo‘y degan ekanlar. Shu hadis sahihmi? Javobingiz uchun rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! O‘g‘ilga ikkita, qizga bitta bo‘lish haqida kelgani sahih. عَنْ أُمِّ كُرْزٍ الْكَعْبِيَّةِ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: عَنِ الْغُلَامِ شَاتَانِ مُكَافِئَتَانِ، وَعَنِ الْجَارِيَةِ شَاةٌ Ummu Kurz al-Ka’biyya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘g‘il bolaga ikki bir-biriga o‘xshash qo‘y, qiz bolaga bir qo‘y», dedilar». Sharh: Albatta, bir farzandning dunyoga kelishi katta bir hodisa. Faqat doimiy takrorlanib turgani uchun uncha ahamiyat berilmaydi, xolos. Bo‘lmasa, bir bolaning eson-omon, onasi ham sog‘ qolib tug‘ilishi buyuk hodisa. Musulmonlar orasiga yangi bir a’zoning qo‘shilishi, uning onasining sog‘ qolishi sharafiga Alloh taologa har qancha shukr qilinsa, har qancha xayr-sadaqa qilinsa, shuncha oz. Ba’zi holatlarda odamlar bu munosabat ila haddan oshib, dabdabaga yo‘l qo‘ymasliklari uchun yoki aksincha holatlar ham bo‘lmasligi uchun shariatda aqiyqaga nima qilinishi va u qay miqdorda bo‘lishi ham ko‘rsatib qo‘yilgan. «O‘g‘il bolaga ikki bir-biriga o‘xshash qo‘y». Ya’ni yangi tug‘ilgan farzand o‘g‘il bola bo‘lsa, uning aqiyqasiga bir-biriga o‘xshash ikki qo‘y so‘yish lozim bo‘ladi. «...qiz bolaga bir qo‘y». Ulamo ahllarimiz qiz bolaga bir qo‘y so‘yib, aqiyqa qilishni «Qizning sha’nini pastlatish uchun emas, balki kelajakda ota-onasi unga sep va bo‘lajak oilasi uchun jihozlar qilib berishi hisobga olingani uchundir», deydilar. Ba’zi olimlar «Bolaning sog‘-salomat bo‘lishi, sindi-chiqdilarga yo‘liqmasligi haqida yaxshi niyat ramzi sifatida uning uchun aqiyqaga so‘yilgan hayvonning suyagi sindirilmasa, yaxshi bo‘ladi», deganlar. Aqiyqaga so‘yilgan hayvonning go‘shti faqir-miskinlarga tarqatib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, u go‘shtdan qo‘ni-qo‘shni va doyaga ham berilsa bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 05:08 | Савол-жавоблар | 160 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar