Ichkilik haqida

Assalomu alaykum! Men kanalga kelgan bir savol javobni o‘qib xayron bo‘ldim. Uch toifa insonlar jannatga kirmaydi ya’ni erkakshoda ayollar, dayuslar va aroqqa mukkasidan ketganlar deyilgan ekan. Ammo Fozil qori ustozning bir rivoyatlarida aka aroqxo‘r uka esa nomozxon bo‘lib, oxirgi niyati tufayli aka jannatga uka  esa do‘zaxga tushadi. Shuning uchun tushunolmay qoldim. Aroqxo‘r xech qanday savol javob siz do‘zaxga tushadimi yoki gunohlari kechirilsa jannatga tushushi mumkinmi?
2). Dadam ko‘p aroq ichadilar, lekin birovga yomoniklari yo‘q. Birovning haqqiga xiyonat qilmaydilar. Qisqacha qilib aytganda aroq ichishni tashlab namoz o‘qishni boshlasalar yana ham xulqi chiroylik insonga aylanadilar. Oxiratda shu ichkilikni deb kiynalishlari haqida o‘ylab qo‘rqib ketaman. Ammo o‘zlariga bu illatning oxiri yaxshi emasligini va aroq ichishni bas qilishlari kerakligini aytolmayman. Otamga nasihat qilishlikka botinolmayman. Sizlardan iltimosim shuki maslaxat beringlar ushbu vaziyatda qanday yo‘l tutmog‘im kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Aroqqa mukkasidan ketgan degani hali xanuz o‘sha ishidan to‘xtamagan va tavba qilmagan deganidir. Sizga keltirilgan dalil Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari edi. Siz aytgan hikoyada keladigan ishlar goh-gohida sodir bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan narsalardir. Namozni o‘zi bilan kifoyalanib dinimizning boshqa tomonlariga e’tibor bermaganlar ham ehtiyot bo‘lishlariga dalildir. Xuddi hadisda kelganidek namoz-ro‘zada bardavom bo‘lsada xotinini erkakshoda holatda ko‘chaga chiqarib dayuslik qiladiganlar kabi. 2). Unday insonlar dinni bir tarafini ushlab boshqa tarafiga ahamiyat bermaydiganlar hisoblanadi. Xulqi uchun savob olsa, ichgani uchun jazosini oladi. Odatda bunday xulqi go‘zal insonlar kitobxon bo‘lishadi. Ularga Ustozimiz rahimahullohning kitoblaridan hadya qiling, o‘qishlariga sharoit qiling, o‘rni kelganida ibodatga targ‘ib qiladigan joylaridan aytib bering. Ichuvchiligiga ta’na etkazmang. O‘zi qiziqqan diniy masalalarni o‘rganib biroz ichkariga kirgach ichishdan o‘zi nafratlanib qoladigan bo‘lib qoladi. “Ey qalblarning buruvchisi qalbimni va otamning qalbini ham diningda, toatingda, go‘zal ibodatlarda sobit qil” deb duo qiling. Alloh taolo Qur’on karimda “Mendan so‘rang ijobat qilaman” degan. Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 11:31 | Савол-жавоблар | 162 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar