Insonga ko‘z tegishi haqida

Assalomu alaykum! Bugun maslaxatim.uz saytining bir maqolasiga ko‘zim tushdi. Unda insonga ko‘z tekkanda qilinadigan ishlar haqida yozilgan ekan. Qisqa qilib aytganda suv olinadi unga Fotiha, 7 marta; Baqaraning ilk 5 oyati, 7 marta; Oyatul kursiy, 7 marta; Kafirun surasi, 7 marta; Ixlos surasi, 7 marta; Falaq surasi, 7 marta; Nas surasi, 7 marta o‘qib, bir qismini ichiladi. Ikkinchi qismi bilan yuvinish kerak deb maslahat berilyapti. Bu qanchalik haqiqatga yaqin? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ko‘z tegish ruhiy bemorlik bo‘lib, hadisda quyidagicha kelgan. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: الْعَيْنُ حَقٌّ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ. وَزَادَ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ: وَلَوْ كَانَ شَيْءٌ سَابِقَ الْقَدَرِ لَسَبَقَتْهُ الْعَيْنُ، وَإِذَا اسْتُغْسِلْتُمْ فَاغْسِلُوا. وَبَيانُ الغُسْلِ فِي حَدِيثِ أََحْمَدَ وَالنَّسَائِيِّ وَابْنِ حِبَّانَ كَالْآتِي: يَغْسِلُ الْعَائِنُ وَجْهَهُ وَيَدَيْهِ إِلِى الْمِرْفَقَيْنِ، وَمِنْ سُرَّتِهِ إِلَى أَسْفَلِ جِسْمِهِ، وَيُوضَعُ الْماَءُ فِي قَدَحٍ وَيُصَبُّ عَلَى الْمَعِيْنِ عَلَى رَأْسِهِ وَظَهْرِهِ، ثُمَّ يُكْفَأُ القَدَحُ فَيَبْرَأُ بِإِذْنِ اللهِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘z tegishi haqdir», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilganlar. Muslim va Termiziy: «Agar biror narsa qadardan o‘tadigan bo‘lsa, albatta, ko‘z tegishi o‘tar edi. Qachonki sizdan g‘uslga yordam so‘ralsa, g‘uslga yordam bering», dedilar»ni ziyoda qilganlar. Ahmad, Nasaiy va Ibn Hibbonlarning hadisida g‘uslning bayoni quyidagicha: «Ko‘zi tekkan kishi yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi. Suvni qadahga quyib turib, ko‘z tekkanning boshidan va elkasidan quyiladi. So‘ngra qadah to‘nkarib qo‘yiladi. Allohning izni ila tuzalib ketadi». Sharh: Shu joyda avvalo ko‘z tegishi haqida bir oz to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Ba’zi toifalar, xususan, zamonamiz moddaparastlari ko‘z tegishi degan narsani umuman inkor qiladilar. Ular bu gapni bid’at, deydilar. Ammo barcha elat va millatlarning oqillari ko‘z tegishini inkor qilmaydilar. Biz, musulmonlar uchun bu haqdagi bilim shariatimiz ta’limotlaridir. Ana shu narsalardan ba’zilarini hozir o‘rganmoqchi bo‘lib turibmiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘z tegishi haqdir», dedilar». Ya’ni bu narsani inkor qilib bo‘lmaydi. Agar bir oz aql ishlatilsa, tadabbur qilinsa, bu masala oydinlashadi. Alloh taolo insonlarning jismlarida va ruhlarida turli quvvatlarni yaratgandir. Ba’zi jism¬larga zahar ta’sir qilmaydi. Hozirda ham zaharli ilonlar yoki chayonlar ichida uxlaydigan, ularga o‘zini chaqtirsa ham mutlaqo ta’sirlanmaydigan kishilar haqidagi xabarlar tez-tez chiqib turadi. Shunga o‘xshash Alloh taolo g‘aroyib xususiyatli jismga ega qilgan turli bandalarni ko‘p uchratamiz. Shuningdek, Alloh taolo kishilarning ruhiy qobiliyatlarini ham turli quvvatlarga ega qilib yaratgan. Ko‘pchilik oddiy holatda bo‘lsa ham, ba’zi kishilar odatdan tashqari ruhiy quvvatga ega bo‘ladilar. Oqil inson ruhiy ta’sirni hech inkor qilmaydi. Bu oddiy haqiqatdir. Bir odam o‘zi uyaladigan odamining o‘ziga nazar solib turganini sezsa, o‘z-o‘zidan yuzi qizara boshlaydi. Ba’zi odamlar o‘zi qo‘rqadigan odamining o‘ziga tikilib turganini sezsa, o‘z-o‘zidan yuzi oqarib ketadi. Shunday paytda ta’sirlangan odamning es-hushi yo‘qolib, quvvati ketib, oyog‘i qaltirab qolishiga nima deysiz? Hayvonlar ichida ilonlarning ba’zi turlari ana shunday ta’sirga ega. O‘zi tegmasa ham, chaqmasa ham, nazari bilan ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Bu xalq ichida «ilon avrashi» deyiladi. Bunday ilonlar nafaqat o‘zi uchun ov hisoblangan hayvonlarga, balki, kezi kelganda insonlarga ham ta’sirini o‘tkazadi. Homilador ayollarning homilasi tushishiga, ba’zida insonlarning ko‘ziga zarar etishiga sabab bo‘ladi. Shunday bo‘lganidan keyin insonlardan ma’lum ruhiy quvvatga ega bo‘lganlari o‘zlari uzoqdan turib, bosh¬qalarga ta’sir o‘tkazishi mumkin emasmi? Odamlarga qarab turib, uxlatib qo‘yadigan, turli harakatlar qildiradigan kishilarni hamma ko‘rib, bildi-ku! Ana shunday ishlarning bo‘lishi uchun faqat jism jismga tegishi yoki yaqindan tikilib qarash shart emas. Balki, ko‘zi tegadigan kishi ko‘r bo‘lishi ham mumkin. Unga bir kishi vasf qilinganda undagi hasad ruhi yomonlik ila qo‘zisa, mazkur kishiga ko‘zi tegishi mumkin. Aslida ko‘z tegishining asosida hasad bor. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: «Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko‘zlari bilan toydirmoqchi bo‘ladilar va «Albatta, u majnundir», derlar», degan («Qalam» surasi, 51-oyat). «Ko‘z bilan toydirish»ning ikki xil ma’nosi bor. Birinchisi – adovat va dushmanlik nazari bilan haq yo‘ldan toydirish, adashtirish. Kofirlar Payg‘ambar alayhissalomga ma’naviy zarar etkazishni xohlaganlar. Ikkinchisi – ko‘z tekkizish bilan Payg‘ambar alayhissalomga jismoniy zarar etkazish, u kishini yiqitish, halok qilish ma’nosi. Bu oyatning nozil bo‘lishi sabablari haqidagi rivoyatlarga ko‘ra, mushriklar Quraysh qabilasiga ko‘zi (nazari) bor bir kishini olib kelib, Payg‘ambar alay¬hissalomga yomon ko‘z bilan qaratib, zarar etkazmoqchi bo‘lganlar. Bunday ko‘zli odamlar Bani Asad qabilasida bo‘lar ekan. Agar ulardan birortasi semiz tuyani ko‘rganda yomon ko‘z bilan qarab qo‘yib, «Hoy qiz, idishni olib borib, manavining go‘shtidan olib kel», desa, tuya tezda kasal bo‘lib, yiqilar, egasi uni so‘yib yuborishga majbur bo‘lar ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Agar biror narsa qadardan o‘tadigan bo‘lsa, albatta, ko‘z tegishi o‘tar edi», deganlari ham shunga o‘xshash narsalarning bo‘lishi mumkinligini tasdiqlaydi. Ko‘z tegishi, undan ba’zi kishilarning zararlanib, xasta bo‘lib qolishi mumkinligi bayon qilinganidan keyin uni davolash vasfiga o‘tilmoqda. «Qachonki sizdan g‘uslga yordam so‘ralsa, g‘uslga yordam bering». Imom Termiziyning ziyodalarida kelgan bu jumlaning ma’nosini to‘g‘ri tushunish maqsadida ko‘z tegishining davosi uchun qilinadigan g‘uslning bayoni kelgan imom Ahmad, Nasaiy va Ibn Hibbonlar rivoyat qilgan hadisni o‘rganishimiz lozim: «Ko‘zi tekkan kishi yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi. Suvni qadahga quyib turib, ko‘z tekkanning boshidan va elkasidan quyiladi. So‘ngra qadah to‘nkarib qo‘yiladi. Allohning izni ila tuzalib ketadi». Demak, ko‘zi tekkan odamdan g‘uslga yordam berishi so‘raladi. U yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi va o‘sha suvni ko‘z tegib, xasta bo‘lgan kishiga beradi. Bemor o‘sha suv bilan g‘usl qilsa, Alloh taoloning izni ila tuzaladi. وَقَالَتْ عَائِشَةُ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: كَانَ يُؤْمَرُ الْعَائِنُ فَيَتَوَضَّأُ ثُمَّ يَغْتَسِلُ مِنْهُ الْمَعِينُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Ko‘zi tekkan(kishi)ga amr qilinardi. U tahorat qilardi. Keyin ko‘z tekkan (kishi) o‘sha suv ila g‘usl qilardi». Abu Dovud rivoyat qilgan. Sharh: Bu erda ham sirni tushunmaganlarimiz «Bemor boshqa bo‘lsa, uning bemor bo‘lishiga sabab bo‘lganni tahorat qildirishdan nima foyda bor?» deyishi mumkin. Ulamolarimiz bu shubhaga ham qoniqarli javob berganlar. Ilonning zahariga qarshi dori tayyorlash uchun o‘sha ilonning go‘shti ishlatilar ekan. Zaharli narsa chaqqanda u o‘ldirilsa, chaqqanining alami kesilishi hammaga ma’lum. Ko‘z tegishi ham xuddi shunga o‘xshagan narsa. Ko‘zi bor odam qo‘lida birovni kuydirish uchun olov ushlab turgan odamga o‘xshaydi. Uning qo‘lidagi olovni o‘chirsang, xavf-xatar ketadi. Bir narsaning davosi unga zid narsa ila bo‘ladi. Modomiki ko‘z tegish ila paydo bo‘lgan xastalik ko‘zi bor odamning yomon ruhiy ta’siridan kelib chiqqan ekan, uning o‘zidagi o‘sha yomon ruhiyatni o‘zgartirishga harakat qilinadi. Avvalo, undan bemorning haqqiga duo qilishi so‘raladi. Bu bilan uning bemorga nisbatan bo‘lgan ruhiy holati yaxshilik tomon burila boshlaydi. So‘ngra undan ushbu rivoyatda aytilgan a’zolarini yuvishi va tahorat qilishi so‘raladi. E’tibor beradigan bo‘lsak, o‘sha yuvishda uning badanidagi eng hassos, qalbga ta’sir qiladigan joylari yuviladi. Shu bilan qalbidagi yomonlik o‘ti o‘chadi va bemorga ta’siri tugaydi. Ana o‘sha suv bemorning ustidan quyilsa, xuddi dorini quygandek bo‘ladi. Shu bilan birga, ko‘z tegishining oldini olish ham tavsiya qilinadi. Buning uchun ko‘zga yaqin joylarni to‘sib yurish maslahat beriladi. Imom Bag‘aviy «Sharhi Sunna» kitobida qu¬yidagi rivoyatni keltirgan ekanlar: «Usmon roziyallohu anhu bir xushsurat bolani ko‘rib qolib, «Bunga ko‘z tegmasligi uchun kuldirgichini berkitib qo‘yinglar», dedi». Yana ko‘z tegishining oldini oladigan narsalardan biri biror narsani ko‘rib, ajablangan odamning «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi», deyishidir. Hishom ibn Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi o‘zlarini ajablantiradigan biror narsani ko‘rsalar yoki o‘z bog‘laridan biriga kirsalar, «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi», der ekanlar. Alloh taolo Qur’oni Karimda o‘z bog‘i ila faxrlangan kofirga nasihat qilgan banda tilidan: «Bog‘ingga kirganingda: «Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo‘q», desayding» (Kahf surasi, 39-oyat). Ya’ni «Ey kofir, sen faxrlanayotgan bog‘ni senga Alloh bergan. Agar Alloh bermaganida, sening qo‘lingdan hech narsa kelmas edi. Shuning uchun bog‘ingga kirsang «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi» – «Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo‘q», desayding». «Bunday deyishing senga ne’mat bergan Zotni tan olishingni va Uning quvvatiga ishonishingni bildiradi. Shu bilan birga, bu ojizligingni ham tan olishing bo‘ladi. Ana shunda senga Alloh bergan ne’mat ham bardavom bo‘ladi». Ushbu oyat ma’nosiga binoan, musulmonlar o‘zlarini ajablantiradigan, xursand qiladigan bir narsani ko‘rsalar yoki eshitsalar, xabar topsalar, ko‘z tegmasin, degan maqsadda «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi», deydilar. Bu ham musulmon inson madaniyatining belgisidir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Maslahatim.uzdagi maqolaga kelsak, biz yuqorida aytganimizdek bu bir ruhiy bemorlikdir. Qur’onni shifo ekanligida ham shak-shubha yo‘q. 7 yoki 5 martadan o‘qish esa bu muolajani tajribadan o‘tkazib, natijasini ko‘rgan kishilarning tajribasiga bog‘liqdir. Bu narsani oyat yoki hadisga bog‘lamasdan tajriba ahlining tajribasi deb bilish kerak. Bu xuddi jismonan bemor bo‘lgan kishilar 10 kun muolaja olishiga o‘xshaydi. Ishini yurishmasligiga kelsak, bu insonni Alloh taolo buyurgan yoki qaytargan ishlarida kamchilikka yo‘l qo‘yayotgani alomatidir. Bu kabi kishilarga Alloh taolo : فَقُلْتُ اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا۝ «Robbingizdan mag‘firat so‘rang, albatta, U ko‘plab mag‘firat qiluvchidir», – dedim». «Istig‘for»ning lug‘aviy ma’nosi «mag‘firatni (gunohning kechirilishini) so‘rash»dir. Amalda banda tilida «astag‘firulloh» va shu ma’nodagi kalimalarni aytib, dil bilan tasdiqlashidir. Umumiy ma’noda esa istig‘for dindorlikni ifoda etadi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan “Nuh” surasi 10-oyat). Vallohu a’lam!

28 Апрел 2022, 14:59 | Савол-жавоблар | 164 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar