Xavf namozi

Assalamu alaykum! Ustozlar Alloh taolo ilmingizni yanada ziyoda qilsin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azotlarning birida xavf namozi o‘qigan ekanlar. Izlash xizmatidan ko‘rib, aynan xavf namozi haqida ma’lumotni topmagandek bo‘ldim. Sizlardan iltimos, xavf namozini o‘qish qoidalari haqida bizlarga ma’lumot bersangizlar. Oldindan minnatdorchilik bildiraman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! XAVF NAMOZI إِذَا اشْتَدَّ خَوْفُ الْعَدُوِّ جَعَلَ الْإِمَامُ أُمَّةً نَحْوَ الْعَدُوِّ، وَصَلَّى بِأُخْرَى رَكْعَةً فِي الثُّنَائِيِّ، وَرَكْعَتَيْنِ فِي غَيْرِهِ وَمَضَتْ هَذِهِ إِلَيْهِ، وَجَاءَتْ تِلْكَ وَصَلَّى بِهِمْ مَا بَقِيَ وَسَلَّمَ وَحْدَهُ وَمَضَتْ إِلَيْهِ، وَجَاءَتْ الْأُخْرَى وَأَتَمَّتْ بِلَا قِرَاءَةٍ، ثُمَّ الْأُخْرَى وَأَتَمَّتْ بِهَا.
وَإِنْ زَادَ الْخَوْفُ صَلُّوا رُكْبَانًا فُرَادَى، بِإِيمَاءٍ إِلَى أَيِّ جِهَةٍ قَدَرُوا. وَيُفْسِدُهَا الْقِتَالُ وَالْمَشْيُ وَالرُّكُوبُ. Dushman xavfi shiddatlashsa, imom bir toifani dushman tomonga qo‘yib, boshqa toifa bilan ikki rak’atli namozda bir rak’at, boshqasida ikki rak’at namoz o‘qiydi.
Keyin bunisi borib, unisi keladi va imom ular bilan namozning qolgan qismini o‘qiydi hamda bir o‘zi salom beradi. U bilan namozda bo‘lgan toifa dushman tomon boradi. Boshqa toifa kelib, namozni qiroatsiz tugatadi. Keyin narigi toifa kelib, namozni qiroat bilan tugatadi.
Agar xavf yana ham ziyoda bo‘lib ketsa, ulovga mingan holda, imo bilan, qay tarafga qodir bo‘lsalar, o‘sha yoqqa yuzlanib, yakka-yakka namoz o‘qiydilar. Uni qitol, yurish va ulovga minish buzadi.
«Xavf namozi» deganda musulmonlarning dushman hujumidan xavfda turganlaridagi, dushman bilan urush holati bo‘lib, askar tortilib turgandagi namoz tushuniladi.
Urush holati favqulodda holat bo‘lgani uchun, u holatdagi namoz ham odatdagi namozdan boshqacha bo‘ladi.
Xavf namozi shariatga kiritilishiga oyat va hadislar dalil bo‘lgan. وَإِذَا كُنتَ فِيهِمْ فَأَقَمْتَ لَهُمُ الصَّلاَةَ فَلْتَقُمْ طَآئِفَةٌ مِّنْهُم مَّعَكَ وَلْيَأْخُذُواْ أَسْلِحَتَهُمْ فَإِذَا سَجَدُواْ فَلْيَكُونُواْ مِن وَرَآئِكُمْ وَلْتَأْتِ طَآئِفَةٌ أُخْرَى لَمْ يُصَلُّواْ فَلْيُصَلُّواْ مَعَكَ Alloh taolo Niso surasida:
«Ular ichida bo‘lsang-u, ularga namozni qoim qilmoqchi bo‘lsang, ulardan bir toifasi sen bilan tursin va silohlarini o‘zlarida tutsinlar. Sajda qilganlaridan keyin ortingizga o‘tsinlar. Namoz o‘qimagan boshqa toifa kelib, sen bilan namoz o‘qisin», degan (102-oyat).
Namoz o‘ta muhim ibodat bo‘lgani uchun, dushman xavf solib tursa ham uni o‘qishga amr qilingan. Urush paytida, hayot, vatan xavf-xatar ostida turganda ham namoz o‘qishga amr bo‘lishi shuni ko‘rsatadi.
Jamoat namozining ahamiyati ulug‘ bo‘lgani uchun dushman xavf solib turganda ham uni o‘qishga amr qilingan. Urush holatida, dushman bilan to‘qnashish ehtimoli kuchli bo‘lgan vaqtda ham jamoat namozi o‘qishga amr qilinishi shuni ko‘rsatadi.
Endi «Muxtasari Viqoya»ning matnini sharhlashga o‘taylik.
Dushman xavfi shiddatlashsa, imom bir toifani dushman tomonga qo‘yib, boshqa toifa bilan ikki rak’atli namozda bir rak’at, boshqasida ikki rak’at namoz o‘qiydi. Keyin bunisi borib, unisi keladi va imom ular bilan namozning qolgan qismini o‘qiydi hamda bir o‘zi salom beradi. U bilan namozda bo‘lgan toifa dushman tomon boradi. Boshqa toifa kelib, namozni qiroatsiz tugatadi. Keyin narigi toifa kelib, namozni qiroat bilan tugatadi. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: صَلَّى رَسُولُ اللهِ  صلي الله عليه وسلم صَلَاةَ الْخَوْفِ فِي بَعْضِ أَيَّامِهِ، فَقَامَتْ طَائِفَةٌ مَعَهُ وَطَائِفَةٌ بِإِزَاءِ الْعَدُوِّ، فَصَلَّى بِالَّذِينَ مَعَهُ رَكْعَةً ثُمَّ ذَهَبُوا، وَجَاءَ الْآخَرُونَ فَصَلَّى بِهِمْ رَكْعَةً، ثُمَّ قَضَتِ الطَّائِفَتَانِ رَكْعَةً رَكْعَةً. قَالَ: وَقَالَ ابْنُ عُمَرَ: فَإِذَا كَانَ خَوْفٌ أَكْثَرَ مِنْ ذَلِكَ فَصَلِّ رَاكِبًا أَوْ قَائِمًا تُومِئُ إِيمَاءً. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (o‘zlari ishtirok etgan urush) kunlaridan birida xavf namozini o‘qidilar. Shunda bir toifa u zot bilan turdi. Boshqa toifa esa dushman tomonda turdi. U zot o‘zlari bilan turganlar ila bir rak’at o‘qidilar. So‘ngra ular ketdilar va boshqalar keldilar. Bas, ular bilan ham bir rak’at o‘qidilar. So‘ngra ikki toifa ham bir rak’at-bir rak’atdan o‘qib oldilar».
Ibn Umar aytdiki: «Agar xavf bundan ham ko‘proq bo‘lsa, (ulov) mingan holingda yoki tik turib, imo bilan namoz o‘qi».
Beshovlari rivoyat qilishgan. عَنْ أَبِي بَكْرَةَ  رضي الله عنه قَالَ: صَلَّى النَّبِيُّ  صلي الله عليه وسلم فِي خَوْفٍ الظُّهْرَ فَصَفَّ بَعْضَهُمْ خَلْفَهُ وَبَعْضَهُمْ بِإِزَاءِ الْعَدُوِّ، فَصَلَّى بِمَنْ خَلْفَهُ رَكْعَتَيْنِ ثُمَّ سَلَّمَ، فَانْطَلَقَ الَّذِينَ صَلَّوْا مَعَهُ فَوَقَفُوا مَوْقِفَ أَصْحَابِهِمْ، ثُمَّ جَاءَ أُولَئِكَ فَصَلَّوْا خَلْفَهُ، فَصَلَّى بِهِمْ رَكْعَتَيْنِ ثُمَّ سَلَّمَ، فَكَانَتْ لِرَسُولِ اللهِ  صلي الله عليه وسلم أَرْبَعًا وَلِأَصْحَابِهِ رَكْعَتَيْنِ رَكْعَتَيْنِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَمُسْلِمٌ. Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam xavfda peshin namozini o‘qidilar. Bas, u zot u(sahoba)larning ba’zilarini o‘z orqalariga saf qildilar, ba’zilarini esa dushman tomonga saf qilib qo‘ydilar. So‘ngra o‘z orqalaridagilar bilan ikki rak’at namoz o‘qidilar va salom berdilar. U zot bilan namoz o‘qiganlar turib borib, o‘z birodarlarining joylarini egalladilar. So‘ngra narigilar kelib, u zotning orqalarida namoz o‘qidilar. Shunda ular bilan ikki rak’at o‘qib, salom berdilar.
Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun to‘rt rak’at, u zotning sahobalari uchun ikki rak’at-ikki rak’atdan bo‘ldi».
Abu Dovud va Muslim rivoyat qilishgan.
Agar xavf yana ham ziyoda bo‘lib ketsa, ulovga mingan holda, imo bilan, qay tarafga qodir bo‘lsalar, o‘sha yoqqa yuzlanib, yakka-yakka namoz o‘qiydilar. Uni qitol, yurish va ulovga minish buzadi.(“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:07 | Савол-жавоблар | 227 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar