G‘usl to‘g‘rimi?

Assalomu alaykum! Ustozlar, “islom uz” saytidagi test sinovlarda “junubdan keyin g‘usl vojib” deb o‘qidim. Yana shu saytdan tahorat va namoz dasturini yuklab olgandim, u erda esa “janobatdan keyin g‘usl farz” deb yozilgan. Jinsiy yaqinlik va janobatdan keyin g‘usl farzmi yoki vojib?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Boshqa ilmlardagi kabi fiqh ilimda o‘ziga xos istilohlar bor. Mazkur istilohlarni yaxshilab tushunib olish kishiga fiqhni anglab etishda katta yordam beradi. Quyida o‘sha istilohlarning ba’zilari bilan tanishamiz.
Hanafiy mazhabida «vojib» va «farz» atamalari orasida farq bor deyiladi. Ularning fikricha farzning hukmi vojibdan ko‘ra biroz qat’iyroq. Jumhur ulamolar esa ushbu atamalar o‘rtasida farq yo‘q deyishadi. Chunki ko‘pgina Qur’on va Sunnat matnlarida qilinishi shart bo‘lgan amallar farz ham, vojib ham deb nomlangan. Bu fikr to‘g‘ri ekanini tasdiqlovchi dalillar ko‘p. Masalan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelgan mashhur hadisda aytiladiki: «Juma namozi har bir musulmon uchun vojibdir, illo to‘rt toifa bundan mustasno: qul, ayol, voyaga etmagan bola va kasal».
Hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam juma namozini ado etishni vojib dedilar, bu esa farz deganidir. Chunki juma namozining farz ekanida ulamolar o‘rtasida ixtilof yo‘q. Hadisda zikr qilib o‘tilgan «vojib» atamasini «majburiy, biroq farz darajasida emas.
1. Farz.
Shariat qilishni jazm ila shubhasiz qat’iy dalil bilantalab qilgan ish farzdir. Bunga quyidagi misollarni keltirish mumkin;
Qur’oni Karim ila sobit bo‘lgan farz amalga Islomning besh rukniga o‘xshash amallar kiradi.
Mutavotir va mashhur sunnat ila sobit bo‘lgan farzga namozda qiroat qilish misol bo‘ladi.
Ijmo’ ila sobit bo‘lgan farzga to‘rt xil taom – bug‘doy, arpa, xurmo va tuz – larni ba’zilarini ba’zilariga nasiyaga sotish haromligi.
Farz amalni qilish lozim va lobuddir. Uni qilgan odam savob oladi. Farzni qilmagan odam osiy bo‘lib iqobga qoladi.
Farzni inkor qilgan kofir bo‘ladi.
2. Vojib.
Shariat qilishni jazm ila ammo qat’iy bo‘lmagan dalil bilan talab qilgan amaldir. Fitr sadaqasi, Vitr namozi va ikki iyd namozlari vojib amallardir.
Vojib amalni qilish lozim va lobuddir. Uni qilgan odam savob oladi. Lekin vojibning savobi farznikidan ozroq bo‘ladi. Vojib amalni qilmagan odam osiy bo‘lib iqobga qoladi. Lekin uning iqobi farzni qilmaganning iqobidan ozroq bo‘ladi. Vojibni inkor qilgan kofir bo‘lmaydi.

Hanafiy mazhabidan boshqa mazhablar farz va vojibni bir narsa deb tushunadilar va ikkisini qo‘shib vojib deb ataydilar. Ammo hanafiy mazhabi yuqoridagi daqiq farqni e’tiborga olib ikkisini alohida hukmlar deb biladilar. Va yana Hanafiylarga ko‘ra juma namozi vojib emas farz(i ayn) bo‘ladi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:10 | Савол-жавоблар | 157 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar