Mayyitni ko‘mish ishlari

Assalamu alaykum! Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” kitoblari 426-betdan iqtibos keltiraman : «Agar Alloh ko‘rsatmasin, mayyit yomon odam bo‘lsa, uning kasofati hammaga uradi. Uning kasofatidan qutilish uchun ham uni tezroq olib borib ko‘mish kerak bo‘ladi». Iqtibos tugadi. Sizlardan iltimos mana shu jumlani bizlarga sharhlab bersangizlar. Biz shu jumlani tushunmay qoldik. Javobingiz uchun oldindan rahmat. Biz ojiz va ilmsiz bandalarni Allohning O‘zi mag‘firat etsin, Omin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رضي الله عنه ، عَنِ النَّبِيِّ  صلي الله عليه وسلم قَالَ: أَسْرِعُوا بِالْجِنَازَةِ، فَإِنْ تَكُ صَالِحَةً فَخَيْرٌ تُقَدِّمُونَهَا إِلَيْهِ، وَإِنْ تَكُ غَيْرَ ذَلِكَ فَشَرٌّ تَضَعُونَهُ عَنْ رِقَابِكُمْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Janozani tezlatinglar. Agar ahli solih bo‘lsa, yaxshi. Uni (yaxshilikka) taqdim qilasizlar. Agar undan boshqacha bo‘lsa, yomon. Uni elkangizdan (tezroq) qo‘yasiz», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Janozani tezlatishda faqat yaxshilik ko‘zda tutilgan. Agar mayyit ahli solih, taqvodor, yaxshi odam bo‘lsa, unga o‘limi paytida u dunyodagi joyi va u erdagi ne’matlar, izzat-ikrom ko‘rsatilgan bo‘ladi. Mayyit o‘zi uchun tayyorlangan o‘sha yaxshiliklarga tezroq etishishga intiq bo‘lib, oshiqib turadi. Shuning uchun uni tezroq olib borib joyi­ga qo‘yish kerak.
Agar Alloh ko‘rsatmasin, mayyit yomon odam bo‘lsa, uning kasofati hammaga uradi. Uning kasofatidan qutulish uchun ham uni tezroq olib borib ko‘mish kerak bo‘ladi.(“Ijtimoiy odoblar” kitobidan).
Hazratimizning ushbu hadisga qilgan sharhlari hadisdagi “agar u solih bo‘lmasa, yomon narsa” ekanligi va uni tezroq ko‘mib yo‘q qilish kerakligiga muvofiqdir. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:21 | Савол-жавоблар | 129 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar